Линклар

Toshkent Davlat agrar universitetiga hujjat topshirish uchun uzoq viloyatlardan kelganlar yangi to‘siqqa uchramoqda. Qabul komissiyasi a’zolari hujjat topshirayotganlarning xorijga chiqqan-chiqmaganini tekshirmoqda. Xorijga chiqqanlardan militsiya yoki MXXdan spravka olib kelish talab qilinmoqda.

Surxondaryo viloyatining Uzun tumanidan Toshkent Davlat agrar universitetiga hujjat topshirgani kelgan Hasanjon (ismi o‘zgartirilgan – tahririyat) hujjatlarini topshira olmay¸ qishlog‘iga qaytishga majbur bo‘ldi.

Hasanjonning Ozodlikka aytishicha, hujjatlarni qabul qilish uchun belgilangan muddat tugashiga sanoqli kun qolganda komissiya tomonidan hujjatlar ro‘yxatining o‘zgartirilishi, xorijga chiqib kelgan viloyatliklarni uyiga qaytishga majbur qilmoqda:

- Men 13 iyul kuni hujjat topshirgani Uzun tumanidan kelgan edim. Qabul komissiyasi a’zosi pasportimni varaqlab, siz xorijga chiqib kelgan ekansiz, shuning uchun nima maqsadda chiqib kelganingiz haqida ichki ishlardan yoki SNBdan spravka olib kelmasangiz, hujjatlaringizni qabul qilmaymiz, dedi. Men “axir bu haqda ilgari e’lon bo‘lmaganku, men xarajat qilib keldim, yana 700 kilometr masofaga qachon borib kelaman”, desam 12 iyuldan shunday tartib joriy qilingan dedi. Qashqadaryo, Xorazm kabi uzoq viloyatdan kelganlar ham qaytib ketishdi, men ham mana qaytib ketayapman, dedi Hasanjon 14 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Hasanjonga ko‘ra¸ bunday qo‘shimcha spravka taqdim qilish haqida na universitet rasmiy saytida¸ na qabul komissiyasining e’lonlar taxtasida bildirish berilgan.

Unga ko‘ra, agar diplom ilovasidagi “5” yoki “4” baholar ortidan “a’lo” yoki “yaxshi” deb yozilmagan bo‘lsa ham¸ hujjat qabul qilinmayapti.

Toshkent Davlat agrar universiteti qabul komissiyasining o‘zini Dilmurod deb tanishtirgan mulozimi 12 iyuldan boshlab xorijga chiqib kelganlardan qo‘shimcha ma’lumotnoma olib kelish talabi joriy etilganini tasdiqladi. Qabul komissiyasi rasmiysi bunday yangilik sababini quyidagicha izohladi:

- Yaqinda bizda ichki ishlar xodimlari tomonidan nazorat o‘tkazildi. Xorijga chiqib kelganiga bir yildan oshganlarga so‘ralmayaptiyu, yaqinda chiqib kelganlardan “nima maqsadda chiqqansan” deb, so‘ranglar deyapti. Shuning uchun ichki ishlardanmi, mahalladanmi tasdiqlatib ma’lumotnoma olib kelishsin, deyilayapti. Biz ham xavfsizlik nuqtai nazaridan, shuni 12 iyuldan boshlab joriy qildik. Agar xorijga bir-ikki kun to‘y-po‘yga chiqqan bo‘lsa e’tibor bermaymiz, agar uzoq yurgan bo‘lsa nima maqsadda yurganini bilmaymizku! Lekin uzoq viloyatdan kelganlarga, ota-onasi shunday spravkani olib faks orqali jo‘natsa ham bo‘ladi, deb aytdik, dedi qabul komissiyasi mulozimi.

Ayni paytda¸ Ozodlik bog‘langan O‘zbekiston Milliy universiteti¸ Texnika universiteti va TATU qabul komissiyasi vakillari xorijga chiqib kelganlardan bunday qo‘shimcha spravka talab qilinmaëtganini bildirdi:

“Biz faqat to‘rtta hujjat talab qilayapmiz. Pasport, diplom, 086 forma va propisnoy. Boshqa hech narsa so‘rayotganimiz yo‘q”, dedi Toshkent Texnika universiteti qabul komissiyasi vakili.

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga hujjat qabul qilish jaraëni 20 iyundan 20 iyulgacha davom etadi.

O‘tgan yili 550 ming nafar o‘zbekistonlik oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun hujjat topshirgan bo‘lsa¸ 2014 yilda bu ko‘rsatkich 543 ming nafarni tashkil qilgan edi.

Oliy ta’lim vazirligi rejasiga ko‘ra, joriy yili bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga 57 907 nafar talaba qabul qilinadi.

Davlat grantlari bo‘yicha qabul qilinadiganlar soni 19 120 nafarni, to‘lov-kontrakt bo‘yicha o‘quvchilar soni esa 38 787 nafarni tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG