Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:10

GM Uzbekistan 17 000 ta avtomobiliga hibs joriy etilganini inkor qilmadi


GM Uzbekistan aksiyadorlik jamiyatining Facebookdagi sahifasida 13 iyul kuni jamiyat matbuot xizmatining bayonoti e’lon qilindi. Mazkur bayonotni Ozodlik jurnalistlarining GM Uzbekistan shirkati faoliyati yuzasidan o‘tkazayotgan jurnalistik surishtiruviga bilvosita javob, deb tushunish mumkin.

Ozodlik, xususan o‘z ixtiyoridagi ma’lumotlarga tayanib, GM Uzbekistan avtokonsernining sobiq direktori, "O‘zavtosanoat" hissadorlik kompaniyasi raisining sobiq muovini Tohirjon Jalilov va unga yaqin GM mulozimlari shirkat uchun Rossiya banklaridan olingan kreditlar hisobidan xususiy mol-mulk va biznes tizimlarini sotib olganlari to‘g‘risida, kreditlar uchun garov sifatida qo‘yilgan 17 ming avtomobil hozirda haqdor banklar tarafidan tortib qo‘yilgani iddao qilinayotgani va bu iddaolar qisman tasdiqlangani to‘g‘risida yozgan edi.

GM Uzbekistan matbuot xizmati “manfaatdor” ommaviy axborot vositalarini “mamlakatdagi yetakchi ishlab chiqarish korxonalaridan biri bo‘lgan GM Uzbekistan aksiyadorlik jamiyati atrofida uning faoliyatini izdan chiqarish va O‘zbekistondagi yetakchi sanoat muassasasi salbiy obrazini yaratish maqsadida faol media-kampaniya boshlaganlikda” ayblagan, lekin Ozodlikni tilga olmagan.

GM Uzbekistan matbuot xizmati bayonotida GM Uzbekistan aksiyadorlik jamiyati avtomobil ishlab chiqaruvchi korxona ekanligi va u O‘zbekiston Respublikasida ham, mamlakat tashqarisida ham avtomobillar realizatsiyasi bilan shug‘ullanmasligi ta’kidlab o‘tilgan.

Bayonotda GM Uzbekistanning distribyutorlari tarkibi to‘g‘risida ma’lumot bergan va ayni paytda Tohir Jalilovni tilga olmagan holda unga aloqasi borligi aytilayotgan "UzDEU akademiyasi"ga GM ning aloqasi yo‘qligi ta’kidlab o‘tilgan:

"GM Uzbekistan aksiyadorlik jamiyatining Rossiya Federatsiyasida amal qilayotgan “UzDEU Avto Voronej” va “Uzavto Rus” distribyutorlari tarkibida hech qanday alohida shaxslar yo‘q. “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, GM Uzbekistan aksiyadorlik jamiyati yoki ularning affillyatsiyalangan kompaniyalari bunday maqolalarda tilga olinayotgan “Akademiya UzDEU” OOO atalmish korxona ta’sischilari emas, akademiyaning o‘zi esa, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi bilan ham, GM Uzbekistan aksiyadorlik jamiyati bilan ham hech qanday shartnoma va boshqa aloqalar bilan bog‘langan emas".

Bayonotda¸ shuningdek¸ GM Uzbekistan shirkatining O‘zbekiston ichkarisidagi o‘z mashinalarini sotishning firibgarlik sxemalariga ham¸ eksportga mo‘ljallangan mashinalarni Qozog‘istondagi “jamloq”larda ushlab¸ qayta O‘zbekistonga olib kirish sxemalariga aloqadorligi ham yana bir bor qat’iyan rad etilgan.

Ayni paytda¸ GM Uzbekistan matbuot xizmati e’lon qilgan maxsus bayonotda 12 iyul kuni e’lon qilingan Ozodlik jurnalistik surishtiruvidagi qator muhim masalalar mutlaq izohlanmagan.

Ozodlik, xususan o‘z ixtiyoridagi ma’lumotlarga tayanib, Rossiyaning Voronej, Lipetsk va Ijevsk shaharlarida GM Uzbekistan avtokonsernining sobiq direktori, "O‘zavtosanoat" hissadorlik kompaniyasi raisining sobiq muovini Tohirjon Jalilov va unga yaqin GM mulozimlari shirkat uchun Rossiya banklaridan olingan kreditlar hisobidan xususiy mol-mulk va biznes tizimlarini sotib olganlari to‘g‘risida, kreditlar uchun garov sifatida qo‘yilgan 17 ming avtomobil hozirda haqdor banklar tarafidan tortib qo‘yilgani iddao qilinayotgani va bu iddaolar qisman tasdiqlangani to‘g‘risida yozgan edi.

Ozodlik surishtiruvida GM Uzbekistan matbuot xizmati bayonotida tilga olingan “UzDEU Akademiyasi” to‘g‘risida mana bu ma’lumotlar berilgan edi:

“Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra¸ Jalilov amalga oshirgan sxema doirasida Rossiyada tashkil qilingan “UzDEU Akademiyasi”da yuzminglab “o‘lik jonlar”ni o‘qitish evaziga yirik mablag‘ o‘zlashtirilgan.

Shuningdek Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ “Tohirjon Jalilov Moskvadan bir necha million dollar turadigan uy sotib olgan”.

Bu sotib olishlar fonida Tohirjon Jalilov rahbarligidagi GM Uzbekistan mashinalarini Rossiyada sotish sohasi moliyaviy bo‘hron ichida qolib, kasod chegarasiga yaqinlashgan.

“O‘zbekavtosanoat” tizimidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, ikki ming dona engil mashina oldin Voronejga keltirilgan¸ keyin esa Qozog‘istonning O‘zbekistonga yaqin jamloqqa (otstoynik) olib borilgan".

Ozodlik shu kunlarda ham ushbu jamloqda 1700ta mashina turganini aniqladi”.

Bu ma’lumotlar yuzasidan o‘z bayonotida hech nima demagan, aniqrog‘i, konkret faktlarni tilga olmagan holda raddiya yozgan GM Uzbekistan matbuot xizmati ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilishga tayorligini ta’kidlab o‘tgan, biroq u shu kunga qadar Ozodlik murojaatlariga bevosita javob berishdan bosh tortib kelmoqda.

Ozodlik 12 iyul kungi maqolasida keltirilgan barcha da’volar bir - biridan mustaqil bo‘lgan manbalar tomonidan, shu jumladan hukumat, O‘zbekiston avtosanoati mulozimlari, dilerlik vakillari, GM tarkibidagi "insayder" lar tomonidan bildirilgani to‘g‘risida yozgan edi.

Shu o‘rinda yana bir bor ta’kidlab o‘tamizki, AQSh Kongressi tomonidan moliyalanadigan va 60 yildan oshiq vaqt mobaynida o‘zbek xalqi uchun xolis axborot yetkazib berayotgan Ozodlik radiosi AQSh konstitutsiyasi asosida o‘z manbalarining shaxsi sir qolishini kafolatlaydi.

XS
SM
MD
LG