Линклар

O‘zbekistondan eksport qilinuvchi meva-sabzavot narxlari e’lon qilindi


Eksport qilinadigan qovunning 1 tonnasi narxi 450 AQSh dollarigacha qilib belgilandi.

Eksport qilinadigan qovunning 1 tonnasi narxi 450 AQSh dollarigacha qilib belgilandi.

12 iyulda Toshkentda ish boshlagan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi direksiyasi O‘zbekistonda yetishtiriladigan meva-sabzavot narxlarini e’lon qildi.

Bu haqda xabar qilgan nuz.uz saytiga ko‘ra, meva-sabzavot narxlari yarmarka savdolarida bildirilgan talab va takliflar asosida, dunyo bozorida shakllanayotgan konyukturani hisobga olgan holda e’lon qilingan.

I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi direktsiyasiga ko‘ra, O‘zbekistonda yetishtirilgan 32 turdagi meva-sabzavotning eng past va eng baland narxlari belgilangan bo‘lib, mahsulotlar orasida karam, bodring, pomidor, piyoz, lavlagi, sholg‘om, uzum, qovun va boshqalar mavjud.

O‘zbekistondan eksport qilinadigan eng qimmat tovar “Rizamat” uzumi ekanligi qayd etildi. Bir tonna “Rizamat”ning eng past narxi $2000, eng baland narxi $2400 qilib, ya’ni 1 kilosi $2 dan $2,4 qilib belgilandi.

Kishmish va chillaki narxlari esa, 1000 dollardan 1400 dollargachadir.

Achchiq qalampirning bir tonnasi esa, 1450 dollardan 2000 dollargacha qilib baholandi.

nuz.uz sayti o‘z materialida 32 turdagi meva-sabzavotning barchasi bo‘yicha narxlar diapazonini bergan.

Toshkentda o‘tayotgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi direksiyasi ma’lumotlariga qaraganda, uzum, qovun, pomidor, anor, ko‘katlar, karam, o‘rik, loviya, shaftoli, gilos, bodring, mosh, mayiz, yong‘oq kabi mahsulotlar O‘zbekistondan eng ko‘p eksport qilinadigan mahsulotlardir.

O‘zbekiston 2020 yilgacha meva-sabzavot yetishtirishni hozirgi ko‘rsatkichdan ikki marotabaga ko‘paytiradi. Bu haqda 12 iyul kuni Toshkentda Birinchi meva-sabzavot xalqaro yarmarkasi ochilishi marosimida O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyov bayonot berdi.

Bosh vazirga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 16 million tonna meva va sabzavot yetishtiriladi. Bu ko‘rsatkich yaqin to‘rt yil ichda 32 million tonnaga yetkaziladi.

Yetishtirilgan hosilni saqlash uchun esa 2016 yil oxirigacha yana 100 ming tonna meva-sabzavot sig‘adigan 197 muzlatkich quriladi. Bugungi kunda O‘zbekistondagi muzlatkich omborxonalarda 800 ming tonna meva-sabzavotni saqlash imkoniyati mavjud.

Bosh vazirning aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 160 mingta fermer xo‘jaligida meva va sabzavot etishtirilmoqda. Bosh vazir fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish maqsadida ularga ustamasi 5 foizdan oshmagan imtiyozli kreditlar berilayotgani bilan maqtandi.

XS
SM
MD
LG