Линклар

Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida 7 yashar qizchani zo‘rlashda gumonlanib hibsga olingan 28 yashar yigit, tumanni tark etmaslik haqidagi tilxat asosida qo‘yib yuborildi. Rasmiylarga ko‘ra, qizchani aldab o‘z jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy tarzda qondirishda gumonlanayotgan shaxs o‘ziga qo‘yilayotgan aybni inkor etmoqda.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Qo‘shko‘pir tuman ichki ishlar bo‘limi bu voqea yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 119-moddasi(Zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish), 4 qismi(o‘ldirish bilan qo‘rqitib sodir etish) bilan jinoyat ishi ochgan.

Agar tergov davomida gumonlanuvchining aybi tasdiqlansa, u 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, zo‘rlashda gumonlangan yigit hibsga olinganidan so‘ng tergov qilingan va undan tumanni tark etmaslik haqida tilxat olinib, ochiqqa chiqarilgan.

Xorazm viloyati huquq-tartibot idoralaridan birida ishlaydigan Ozodlik manbasining aytishicha, voqea 26 iyun kuni sodir bo‘lgan:

“Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, 28 yashar, uylangan, ikki farzandi bor yigit 26 iyun kuni yaqin qo‘shnisining 7 yashar qizini 14 yoshga to‘lmaganini oldindan bilib, uning ojizligidan foydalanib va unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, uning orqa teshigiga jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy tarzda qondirgan. Bu voqea kunduz kuni soat 12lar atrofida qizchaning uyida sodir bo‘lgan. Qizchaning otasi bundan xabardor bo‘lib, qizini do‘xtirga olib borgan”, dedi manba.

Voqeadan yaxshi xabardor qo‘shko‘pirliklardan biri, yigitning o‘ziga qo‘yilgan aybni tan olmayotganini aytadi:

“Men u yigit bilan gaplashdim. Men bu ishni qilganim yo‘q, yolg‘on deyapti. Agar men shu ishni qilganimda u yosh bola o‘lib qolardi, deyapti. Otasi qizini ekspertizaga olib borgan ekan, lekin uning natijasi qanday ekanligi haqida ma’lumot berishmayapti. Jinoyat ishi ochilgani to‘g‘ri, bola har kuni tergovchining oldiga borib so‘roq berib kelayapti. Qizchaning otasi bilan ham gaplashdim, u esa bu bola qizimni zo‘rlagan deb qat’iy turibdi", deydi voqea tafsilotlaridan xabardor Ozodlik manbasi.

Ozodlik Qo‘shko‘pir tumani ichki ishlar bo‘limidan bu voqea yuzasidan rasmiy ma’lumot ola olmadi.

O‘zbekistonda sodir etiladigan voyaga yetmagan qizlarni zo‘rlash holatlari ham rasmiylar¸ ham jabrlanuvchilar oilalari tomonidan¸ aksar hollarda¸ jamoatchilikdan sir tutiladi.

Shunga qaramay¸ bunday jinoyatlarning ayrimlariga oid ma’lumot Ozodlikka mobil muxbirlar ko‘magida yetib kelmoqda.

O‘tgan yil oktyabr oyida Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi maktablardan birida o‘qiydigan 5-sinf o‘quvchisini muqaddam sudlangan 36 yashar yigit zo‘rlagan edi. Zo‘rlangandan so‘ng urib chalajon qilingan qizaloqning hayoti saqlab qolingan edi.

Jizzax viloyati Baxmal tumani markazida o‘tgan yilning 19 may kuni yo‘qolgan 1-umumta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchisi oradan qariyb ikki kun o‘tganidan so‘ng o‘lik holda topilgan edi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, qotil to‘qqiz yoshli qizchani zo‘rlagan va uni bo‘g‘ib o‘ldirib, jarlikka tashlab ketgan.

O‘tgan yilning 27 iyulida Samarqandda yosh qizni zo‘rlaganlikda gumon qilinayotgan 63 yoshli fermer hamqishloqlari tarafidan sazoyi qilindi.

Bu voqeadan to‘rt kun o‘tib, Samarqandda 17 yoshli qiz 63 yoshli hamqishlog‘i tarafidan jinsiy zo‘rlanishi ortidan o‘zini o‘zi osib qo‘ydi.

Shu yilning avgust oyida esa Qoraqalpog‘istonning Shumanay tumanida istiqomat qilgan militsiya xodimi tomonidan zo‘rlangan qiz o‘z joniga qasd qilgan. Sirka ichgan qizning hayoti kasalxonada saqlab qolingan.

XS
SM
MD
LG