Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:59

Kuydirgi profilaktikasi uchun tekshiruv, chigirtkalar xuruji


Kuydirgining oldini olish uchun O‘zbekiston chegarasida xorij fuqarolari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda Tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida abiturientlardan “Qidiruvda emas” degan mazmunda ma’lumotnoma talab qilinmoqda. O‘zbekistonda 620 ming gektar yer chigirtka xavfi ostida. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Kuydirgining oldini olish uchun O‘zbekiston chegarasida xorij fuqarolari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda

Kuydirgi va Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalliklarining oldini olish maqsadida O‘zbekiston chegara hududlarida faoliyat yuritayotgan sanitariya nazorati punktlarida chetdan kirib kelayotgan xorijiy fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda (“Toshkent oqshomi”, 12 iyul). Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, bosh davlat sanitariya vrachi Saidmurod Saidaliev ma’lum qiladi. Qayd etilishicha, bu yil qishning ancha iliq kelgani xavfli yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi hasharotlarning ko‘payishiga zamin yaratdi. Shu bois ularga qarshi tizimli kurash olib borilmoqda. Mamlakatdagi sanitariya-epidemiologiya holati haqida to‘xtalgan S. Saidaliev “Hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q” degan.

Tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida abiturientlardan “Qidiruvda emas” degan mazmunda ma’lumotnoma talab qilinmoqda

2016-2017 o‘quv yili uchun hujjat qabul qilayotgan tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida abiturientlardan “Qidiruvda emas” degan mazmundagi qo‘shimcha ma’lumotnoma talab qilinmoqda (“Darakchi”, 14 iyul). Toshkentda o‘tgan matbuot anjumanida Sog‘liqni saqlash vaziri Anvar Alimovdan mazkur holat amaldagi qonunchilikka nechog‘li to‘g‘ri kelishi so‘ralgan. “Bu bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma mavjud emas” deya qidiruvda emaslik haqidagi ma’lumotnoma talab qilish asossiz ekanini bildirgan A.Alimov.

O‘zbekistonda 620 ming gektar yer chigirtka xavfi ostida

Bugun O‘zbekistonda 620 ming gektar yer chigirtkalar tufayli xavf ostida turibdi (“Oila davrasida”, 14 iyul). BMTning bu boradagi bayonotiga ko‘ra, mutaxassislar chigirtka tarqalishining uchinchi bosqichidan xavotir olmoqda. Bu bosqichda chigirtkalar ucha boshlaydi va bir chekkadan o‘simliklarni yeyishga tushadi. Kimyoviy dorilar bilan o‘z vaqtida ishlov berilgani sababli 400 ming gektar maydondagi ekinlarga hasharotlar hujumi oldi olingan. Ammo chegaradosh tumanlarda ham profilaktik tadbirlarni kuchaytirish muhim. Sababi, chigirtkalar qo‘shni mamlakat tomondan ham kelib tarqalmoqda.

XS
SM
MD
LG