Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:14

Fermerning onasini so‘kkan hokimni sud yengil jazoga tortdi


Farg‘ona viloyati Furqat tumani jinoyat ishlari sudi fermerni haqorat qilgani uchun tuman hokimi No‘’monjon Nazirovni eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarimaga tortdi. Hokim sudda qatnashmagan bo‘lsa ham, uning kechirim so‘rab yozgan xati o‘qib berildi. Sud hokimga nisbatan yumshoq hukm chiqarganidan norozi bo‘lgan fermer, hukmni apellyatsiyaga bermoqchi.

Furqat tumani hokimi No‘’monjon Nazirov 25 may kuni “Azizbek Furqatobod zamin” fermer xo‘jaligi raisi Azizbek Alimatovni o‘z dalasidan topolmagani uchun onasidan so‘kib, qattiq haqorat qilgan edi.

Hokimning haqoratli so‘zlarini telefoniga yozib olgan fermer uning ustidan tuman prokuraturasiga arz qildi. Prokuratura fermerning dalillarini asosli hisoblab, hokim ustidan ochilgan ishni sudga oshirdi.

Jabrlangan fermerning jamoatchi himoyachisi sifatida sud majlisiga borgan furqatlik fermer Ochil Begmatovning aytishicha, sud hokim ustidan tushgan ikkita shikoyatni ko‘rib chiqqan:

“8 iyul kuni sud bo‘ldi. Biz bordik. Ochiq sud bo‘lsa ham bizni ichkariga qo‘ymadi, faqat Azizbekning o‘zi kirib chiqdi. Uning aytishicha,javobgar bo‘lgan hokim sudga kelmagan, sud hokimning kechirim so‘rab yozgan xatini o‘qib bergan. Shundan so‘ng hokimni O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risdagi kodeksining 41 va 33 moddalarini qo‘llab, eng kam ish haqining uch baravari, ya’ni 390 ming 720 so‘m jarimaga tortish haqidagi hukmni o‘qigan”, dedi Ochil Begmatov.

Fermerning aytishicha, 41 modda bo‘yicha hokim eng kam ish haqining 40 baravari miqdorida jarimaga tortilishi lozim bo‘lgan. Biroq sud yana 33, ya’ni "yengilroq ma’muriy jazo qo‘llanishi" moddasini qo‘llab, uni eng yengil jazoga tortgan.

Sud hukmidan norozi bo‘lgan Azizbek Alimatov bu hukm yuzasidan yuqori sud instansiyasiga apellyatsiya berishga qaror qilgan.

Azizbek Alimatovga berilgan sud hukmida hokim No‘’monjon Nazirov boshqa bir fermerning arzi bo‘yicha ham javobgarlikka tortilgani ham yozilgan. Bu haqda Ochil Begmatov shunday deydi:

“Ikkinchi arizani Nishonboy Dadaboev degan fermer bergan ekan. Tuman hokimi 34-sonli qaror chiqarib, uning faoliyatini noqonuniy tekshirtirgan ekan. Shundan so‘ng u prokurorga ariza yozgan, prokuror esa uning ishini sudga chiqargan ekan. Sud bu noqonuniy qarori uchun hokim No‘’monjon Nazirovni eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarimaga tortgan”, dedi Ochil Begmatov.

Fermerning aytishicha, hokimning ishi sudga tushganidan keyin u fermerlarni qattiq haqorat qilmay qo‘ygan:

“Fermerlarning aytishicha, u majlislarda onadan so‘kinishni bas qildiyu, lekin “ifloslar” deb haqorat qilishini to‘xtatmayapti”, dedi fermer.

Mushtumzo‘r hokimlar

O‘zbekistonda hokimlar va boshqa mansabdor shaxslarning o‘zidan past lavozimda bo‘lgan amaldor va fermerlarni urishi¸ haqorat qilishi muntazam kuzatiladi.

Jumladan, bundan uch yil muqaddam Surxondaryo viloyati, Qiziriq tumani hokimi fermerni kam paxta topshirganlikda ayblab, onasini so‘kkan, kaltaklab-bo‘qqan edi. Kaltaklangan fermerning otasi kampirini yetaklab hokimning oldiga kelgan-da “mana shu kampir sen so‘kkan ulimni (o‘g‘limning) enasi bo‘ladi, shuni so‘kkanmiding, mana olib keldim, qo‘lingdan kelsa “qil” degan. Fermerning otasi hokimni urmoqchi bo‘lganida uni ajratib olishgan.

2011 yilning sentyabrida aynan Muzrobod tumanidagi Ziyodillo Qo‘ldoshev mahallasida istiqomat qilgan 50 yashar fermer Ismoil To‘ranazarov hokim tazyiqlaridan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan edi.

Joriy yilning aprel oyida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani hokimligida o‘tkazilgan majlis paytida mahalliy fermer Tursunali Sodiqov ichki ishlar bo‘limi rahbari tomonidan kaltaklanganidan bir kun o‘tib yurak hurujidan jon bergan edi.

Yana shu yilning aprel oyida Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari O‘ktam Ergashev 19 aprel kuni Kosonsoy tumanida o‘tkazgan yig‘ilishida o‘nga yaqin fermerni kaltakladi.

XS
SM
MD
LG