Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:56

Erdo‘g‘on gulenchilarni aybladi, muxolifat to‘ntarishga urinishga shubha bilan qaramoqda


Rajab Erdo‘g‘on 16 iyulga o‘tar tunda Marmara shahrida jurnalistlar savollariga javob berayapti.
Rajab Erdo‘g‘on 16 iyulga o‘tar tunda Marmara shahrida jurnalistlar savollariga javob berayapti.

Turkiyada muvaffaqiyatsizlik bilan tugagan davlat to‘ntarishi ortidan maxsus amaliyotlar davom etmoqda. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on harbiy to‘ntarishga urinishni “vatanga xiyonat harakati” deya baholadi hamda aybdorlar og‘ir jazolanishini ta’kidladi.

So‘nngi xabarlarga ko‘ra, to‘ntarishga urinish harakati natijasida 194 odam halok bo‘lgan, taqriban 1440 kishi turli jarohatlar olgan: harbiy to‘ntarish tarafdorlaridan 104 kishi o‘ldirildi. Bundan tashqari 90 kishi, shu jumladan 41 politsiya xodimi nobud bo‘ldi. Bu haqda Turkiya Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Umit Do‘ndar bayonot berdi.

Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, hozirga qadar 2839 kishi davlat to‘ntaruv harakatida ishtirok etganlikda ayblanib qo‘lga olingan.

Turkiyadagi harbiy to‘ntarishga urinish klassik coup d'etat bo‘ldi: armiyaning bir bo‘lagi mustaqil ravishda hukumatni qo‘lga olmoqchi bo‘ldi.

Ammo hukumatni qo‘llovchilar asta-sekin yirik shaharlarda ko‘chaga chiqdi. To‘ntarishni qo‘llovchi odamlar ham namoyishga chiqdi.

To‘ntarish harakati boshlanganidan 12 soat o‘tmay uning muvaffaqiyatsizlikka uchragani ayon bo‘ldi.

Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an harbiy to‘ntarish harakatlarining ortida ruhoniy Fathulloh Gulenni dastaklovchi harbiylar guruhi turganligini ta’kidladi. Turkiya hukumati hozir AQShda yashayotgan Gulenni qo‘llovchilarni “terror guruhi” deb atab keladi.

Gulenni dastaklovchilar keyingi 20 yil davomida Turkiya armiyasi, politsiyasi, ta’lim hamda adliya tizimlarida turli lavozimlarni qo‘lga kiritgani aytiladi. Ma’lumotlarga qaraganda, ular 2000 yillar boshida Erdo‘g‘onni qo‘llagan, uning prezident etib saylanishiga yordam bergan. Ammo 2011 yil Erdo‘g‘on hukumati gulenchilarni hukumat, matbuot hamda biznes sohalaridan chetlata boshladi.

Gulen ko‘p milliardli imperiyani barpo qilgan. Gulenni qo‘llovchilar o‘zlarini “Xizmat” jamoati deb ataydi. Bu oqim a’zolarini “nurchilar” deb ham atashadi, chunki ular kurd din peshvosi Said Nursi o‘gitlariga amal qiladilar. Bu oqim a’zolari butun dunyo bo‘ylab maktablar ochgan hamda tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi.

Erdo‘g‘on harbiy to‘ntarishga urinish ortida “gulenchi”larni ayblab turgan bir paytda bugun tunda muvaffaqiyatsiz yakunlangan harbiy to‘ntarishni hokimiyatning o‘zi uyushtirgan tomosha deyyayotgan kuchlar ham bor. Xususan Xalq-respublikachilar partiyasi yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li “qo‘g‘irchoq” to‘ntarish, “shubhali” to‘ntarish, deb atadi, deb xabar qildi Ozodlik radiosi rus xizmati muxbiri.

Tilga olingan partiya faoli “Xalq” telekanalida qilgan chiqishida bunday degan:

“O‘tgan tundagi voqealar hokimiyatni to‘laligicha o‘z qo‘lida yig‘ishga urina yotgan Rajab Erdo‘g‘onning pozitsiyalarini kuchaytirish maqsadida o‘tkazilishi kutilayotgan umumxalq referendumi arafasida hukumatning izni bilan uyushtirildi. Iqtidordagi partiya mamlakatni xususiy dasturxoniga aylantirib oldi. Islomchi amaldorlarning ishtirokidagi korruptsiya bilan bog‘liq janjallar tez-tez bo‘lib turganini hamma ko‘rib turibdi”.

16 iyul kunning birinchi yarmida Erdo‘g‘on hukumati mamlakatdagi vaziyatni 100 foiz nazorat qilmayotganini tan oldi.

“Turkiya hukumati vaziyatni 90 foiz nazorat qilmoqda, Turkiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabining bir necha a’zosi isyonchilar qo‘lida qolmoqda”, deb bayonot berdi Turkiyaning Yevropa Ittifoqi ishlari bo‘yicha vaziri Omar Chelik.

Harbiy to‘natrishga urinish ortidan Turkiya hukumati repressiv choralarni kuchaytirishni ko‘zlamoqda.

Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim Turkiya Konstitutsiyaviy kengashi harbiy to‘ntarishni amalga oshirishga urinish ortidan o‘lim jazosini joriy etish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqajagini bildirdi.

“Konstitutsiyaga binoan bizda o‘lim jazosi bekor qilingan. Biroq bugungiga o‘xshash voqealarning oldini olish uchun zarur o‘zgartishlar kiritiladi. Konstititutsiyaviy kengash partiyalar bilan birgalikda bu masalani parlamentda muhokama qiladi”, dedi Binali Yildirim.

Turkiyada o‘tgan notinch tunni Ozodlik radiosi jonli blogida kuzatdi.

XS
SM
MD
LG