Линклар

logo-print

Turkiyada shanbaga o‘tar kechasi amalga oshmagan harbiy to‘ntarishga aloqadorlikda gumonlanib, 6 mingdan ko‘proq odam hibsga olindi. Bu haqda Turkiya Adliya vaziri Bekir Bo‘zdog‘ xabar qildi.

Uning ilova qilishicha, hibsga olinganlar soni yanada ortishi kutilmoqda.

Hibga olinganlar orasida baland rutbali harbiylar va 2.700 nafar sudya bor.

Bekir Bo‘zdog‘ hibsga olishlarni "tozalash amaliyoti" deb atadi.

Jumadan shanbaga o‘tar kechasi harbiy to‘ntarish urinishida kamida 265 odam halok bo‘lgan va yana bir yarim mingga yaqin odam jarohat olgandi.

Yakshanba kuni ertalab bir general va yana ellikdan ortiq askar mamlakat g‘arbidagi Denizli viloyatida hibsga olindi, deya xabar beradi turk matbuoti.

General mayyor O‘zxon O‘zbakir Denizli garnizoni va 11 brigada komandiridir, deya xabar beradi Onato‘li axborot agentligi.

Hibsga olingan baland rutbali zobitlar orasida, shuningdek, Uchinchi Armiya komandiri, general Erdal O‘ztur, Ikkinchi Armiya komandiri, general Odam Huduti va Turkiya qurolli kuchlari sobiq boshlig‘i, general Akin O‘zturk ham bor.

Anqara Afinadan harbiy to‘ntarish barbod bo‘lgach, harbiy vertolyotda Yunonistonga qochgan sakkizta harbiy zobitni qaytarishni talab qildi.

Shanba kuni Turkiyada eng ko‘zga ko‘ringan sudyalardan biri, Alparslan Altan, hisbga olingandi.

Yakshanbaga o‘tar kechasi Turkiya markazidagi Koniya shahrida 44 nafar sudya va prokuror, janubiy-sharqiy G‘oziantepda esa 92 nafar sudya va prokuror hibsga olindi, deya xabar berdi Do‘g‘an axborot agentligi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on harbiy to‘ntarish ortida turganlar javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirdi.

O‘lim jazosini qayta tiklash chaqiriqlari

Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning aytishicha, parlament o‘lim jazosini qayta tiklash taklifini ko‘rib chiqishi mumkin.

U AQShda istiqomat qilayotgan turk diniy peshvosi Fathulloh Gulenni harbiy to‘ntarish urinishi ortida turganlikda aybladi.

Biroq Fathulloh Gulen prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga qarshi harbiy to‘ntarish urinishiga aloqasi bo‘lganini rad etdi.

Gulen inkori

Amerikaning Pensilvaniya shtatida yashayotgan Gulen 16 iyul kuni jurnalistlar bilan uchrashib, 15 iyul oqshomida boshlangan harbiy to‘ntarish urinishidan umuman bexabar bo‘lgani va turk hukumatini ag‘darishni maqsad qilgan har qanday zo‘ravon urinishlarni qoralashini aytdi.

"Ushbu to‘ntarishni tashkillashtirgan odamlarning turli motivlarini tasavvur qilish mumkin, - dedi Gulen. - Ular muxolifat partiyasi xayrixohlari yoki millatchi partiya tarafdorlari bo‘lishlari mumkin."

Istanbulda 16 iyul kuni bo‘lib o‘tgan mitingda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on AQSh hukumatidan 1999 yildan buyon Qo‘shma Shtatlarda yashayotgan Gyulenni berishni talab qilgandi.

"Janob prezident Barak Obama, men sizga aytgandim: bu odamni yo deportatsiya qiling, yoki bizga bering, - deb aytgandi Erdo‘g‘on. - Men sizga uning to‘ntarish ishtirokchisi bo‘lganini aytgandim, lekin menga quloq solishmadi.... Pensilvaniyada yashayotgan bu odamni Turtsiyaga keltiring."

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri 16 iyul kuni Obama ma’muriyati Gulenni berish masalasini ko‘rib chiqishini, lekin Vashington ruhoniy aybdorligi isbotini topgan taqdirdagina javob berishini aytdi.

Bir paytlar Erdo‘g‘onning ittifoqchisi bo‘lgan Fathulloh Gulen keyinchalik Turkiya prezidenti qo‘llagan avtoritar uslublarning ochiq tanqidchisiga aylangan.

Harbiy to‘ntarish urinishiga dunyo liderlarining munosabati

16 iyulda dunyoning ko‘plab davlatlari rahbarlari Turkiyada harbiy to‘ntarish urinishini qoralab bayonotlar berishdi.

Fransiya prezidenti Fransua Olland "Turkiyada qonuniy hokimiyatning saqlab qolingani"ni olqishlab chiqdi, biroq to‘ntarish urinishi ortidan qatag‘onlar boshlanib ketishi mumkinligini aytdi.

Germaniya kansleri Angela Merkel ham prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hokimiyatini ag‘darish urinishini "keskin qoraladi".

U Turkiya rahbarini isyon ishtirokchilariga munosabatda qonuniy davlatchilik me’yorlarlariga rioya qilishga chaqirdi.

AQSh prezidenti Barak Obama Turkiyadagi vaziyatni muhokama qilish maqsadida 16 iyulda o‘z xavfsizlik va diplomatiya masalalaridagi maslahatchilarini majlisga yig‘di.

Bir kun muqaddam Obama Turkiyadagi barcha siyosiy kuchlarni "demokratik yo‘llar bilan saylangan hukumat"ni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgandi.

Arab dunyosi mamlakatlari ham Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni dastaklashlarini bildirdi.

Qatar, Saudiya Arabistoni va Eron Turkiya xalqini "demokratiyani himoya qilish"ga chaqirdi.

XS
SM
MD
LG