Линклар

Armaniston poytaxtida qurollangan shaxslar politsiya bo‘linmasiga hujum qildi va 10 ga yaqin harbiyni garovga oldi. Yerevan xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, 17 iyul kuni ertalab yuz bergan otishmada 1 kishi o‘lgan, garovdagilardan 2 nafari tushga yaqin ozod qilingan. Hujumchilar muxolifat harakati yetakchisi Jirayra Sefelyanni ozod etishni talab qilmoqda.

Armaniston Xavfsizlik xizmati tarqatgan bayonotga ko‘ra, 17 iyul kuni ertalab Erebuni politsiya bo‘linmasiga bir guruh qurollangan shaxs hujum qilgan va bino ichkarisida bo‘lgan 10 ga yaqin politsiyachini garovga olgan.

Rasmiy ma’lumotda hujum chog‘ida bir politsiya zobiti o‘ldirilgani, yana uch nafari jarohatlangani aytildi.

Xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, binoni egallab olgan qurolli shaxslar bilan ayni paytda muzokaralar bormoqda va ulardan garovga olinganlarni tinch yo‘llar bilan ozod qilish so‘ralmoqda.

Tushga yaqin garovdagilardan ikkisi ozod etilgani, bulardan biri jarohatlangan politsiyachi ekani aytildi. Ayni paytda (Toshkent vaqti bilan kechki soat 8da - tahr.) garovda qolayotganlar soni 7 nafar ekani, muzokalar hanuz davom etayotgani xabar qilinmoqda.

Tushdan so‘ng o‘z qarorgohida Armaniston prezidenti Serj Sargsyan mamlakat xavfsizlik kuchlari bilan uchrashib, vaziyatni muhokama qildi.

Ozodlik radiosi arman xizmati voqea joyidan berayotgan xabarga ko‘ra, Yerevan harbiylari politsiya bo‘linmasi va uning tegrasidagi hududlarni to‘liq nazoratiga olgan.

Armaniston xavfsizlik xizmat tarqatgan bayonotda aytilishicha, politsiya bo‘limiga hujum qilganlar arman muxolifatidagi "Ta’sis parlamenti" harakati tarafdorlaridiri.

Jirayr Sefelyan

Jirayr Sefelyan

"Qurrollangan shaxslar bir oy oldin hibsga olingan Jirayr Sefelyanning ozod etilishini talab qilmoqda", deyildi rasmiy bayonotda.

Bayonotda aytilishicha, muxolifat etakchilaridan biri bo‘lgan Sefelyan "qurol-yarog‘ni noqonuniy saqlash va uni tashishni tashkil qilishda ayblangan".

Bunga qadar arman muxolifatidagi "Ta’sis parlamenti" harakati ham bayonot tarqatib, guruh rahbarini ozod etishni talab qilayotganini bildirdi.

Hatto, harakat matbuot vakili Varujan Avetisyan: "Biz isyon boshlayapmiz, siyosiy mahbuslarni ozod etishni boshlayapmiz", deya bayonot berdi. Natijada, facebook orqali tarqatilgan bu bayonot ortidan "Yerevanda harbiy to‘ntarish bo‘ldi" degan xabarlar tarqaldi.

Armaniston xavfsizlik xizmati esa bu xabarlarni qat’iyan inkor qilmoqda va qurollangan shaxslarning kichik bir guruh Erebuni politsiya bo‘limi ichida qolayotgani, tez orada ularning taslim bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Ozodlik arman xizmati savollariga telefon orqali javob bergan Avetisyan prezident Serj Sargsyanning iste’fosini ham talab qilayotgani, talablari bajarilmagunicha binoda qolishini qo‘shimcha qildi.

Armaniston muxolifatidagi "Ta’sis parlamenti" harakati prezijent iste’fosini talab qilib, tez-tez norozilik namoyishchilari uyushtirib kelayotgan guruhlardan biridir.

Uning yetakchisi Sefelyan "hukumatni zo‘ravonlik bilan ag‘darishga chaqirish" ayblovi ostida 2006 yilda qo‘lga olingan, 2008 yilda esa ozod qilingan edi. 2015 yilda ham bir necha safdoshi bilan davlat to‘ntarishiga hozirlik ko‘rishda gumon qilinib, hibsga olingan va ozod qilingan.

XS
SM
MD
LG