Линклар

Turkiyada davlat to‘ntarishi amalga oshmaganiga besh sabab


Mahalliy telekanal orqali Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning davlat to‘ntarishi haqidagi bayonoti namoyish qilinmoqda.

Mahalliy telekanal orqali Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning davlat to‘ntarishi haqidagi bayonoti namoyish qilinmoqda.

Turkiya harbiylari 1960 yildan buyon uch marta bevosita hokimiyatni egallab olishga va 1997 yili hukumatni iste’foga ketkazishga muvaffaq bo‘lgandilar. Davlat to‘ntarishi harakati bu gal nima uchun muvaffaqiyatsizlikka uchradi?

1. Jamoatchilik qo‘llovining etishmagani

Avvalgi uch to‘ntarish ijtimoiy norozilik yoki zo‘ravonlikdan keyin “tinchlik va tartib”ni tiklash chaqirig‘i tufayli aholi tomonidan ancha yaxshi qabul qilingandi. Bu gal to‘ntarish tashabbuskorlarini jamoatchilik qo‘llab-quvvatlamadi va ularga yordam bermoqchi bo‘lgan odamlar juda kam bo‘ldi. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning mobil telefoni orqali qilgan va telekanallarda ko‘rsatilgan chaqirig‘iga esa ko‘p odam “labbay” deb javob berdi. U odamlarni ko‘chalarga chiqish va to‘ntarishga qarshi ekanini namoyish qilishga chaqirgandi.

2. Aftidan, to‘ntaruvchilar dunyoviy tuzum tarafdori bo‘lmagan

Turk harbiylari anchadan buyon o‘zlarini mamlakatda dunyoviy konstitutsiya himoyachisi, deb hisoblaydilar. Avvalgi to‘ntarishlarda harbiylar rasmiylarni dunyoviy davlat uchun xavf tug‘dirganlikda ayblab, hokimiyatni egallab olgandilar. Bu safar to‘ntarishda ashaddiy aksilklerikallar emas, diniy lider Fathulloh Gulen ayblanmoqda. Erdo‘g‘on davlat to‘ntarishi harakatida AQShda yashaydigan Gulenni ayblab chiqdi. Fathulloh Gulen esa to‘ntarishga aloqadorligini rad etayapti. Oldingi yillardagi harbiy to‘ntarishlarning achchiq tajribasini takrorlashga hojat yo‘qligini bildirgan muxolifatdagi ikki yirik partiya ham bu gal rasmiylarni ochiqchasiga qo‘llab chiqdilar.

3. Politsiya davlat to‘ntarishini amalga oshirmoqchi bo‘lganlar tarafida emas

Avvalda harbiy to‘ntarishlardan so‘ng politsiya yangi hokimiyat tarafida o‘tib olgandi. Bu gal hukumat bilan tig‘iz aloqada bo‘lgan politsiya bunday qilgani yo‘q. Politsiya xodimlari davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringan harbiylarga qarshi borib, isyonchi askar va zobitlarning ko‘pini hibsga oldi.

4. To‘ntarishda armiyaning kichik bir qismigina ishtirok etgani

Rasmiylar ham, muxolifatchilar ham isyonchilar armiyaning 10-20 foizini tashkil qilganini aytmoqdalar. Avvalgi to‘ntarishlarda butun armiya yagona kuch sifatida o‘rtaga chiqqandi.

5. Ommaviy axborot vositalari ovozini o‘chirish hozir qiyinroq

Avvalda bo‘lgani kabi bu gal ham davlat to‘ntarishi qilishga uringanlar davlat televideniesi, radiosini egallab oldilar va translyatsiyani to‘xtatdilar. Biroq yangiliklar nodavlat telekanallari, asosan CNN Turk orqali hamda ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Twitter va WhatsApp orqali tarqalishga ulgurdi.

Abbos Javodiy maqolasi

XS
SM
MD
LG