Линклар

Olmaotadagi otishmada bir necha kishi halok bo‘ldi


Qurshovga olingan joyda ishlayotgan politsiya zobiti, Olmaota, 2016 yil 18 iyuli.

Qurshovga olingan joyda ishlayotgan politsiya zobiti, Olmaota, 2016 yil 18 iyuli.

“Abilay xan va Qazibek bi ko‘chalari kesilishida uch jasad yotibdi, ikkisi politsiya kiyimida, bittasi fuqaroviy kiyimda. Politsiya kiyimidagi yana ikki kishi yaralangan”, deya iqtibos keltiradi Interfaks voqea guvohi so‘zlaridan.

Avvalroq Olmaota politsiyasi shaharda aksilterror amaliyoti o‘tkazilishi haqida e’lon qilgan, shaharliklardan xushyor bo‘lish so‘ralgan.

“Barchadan o‘z uyidan chiqmaslikni, odamlar to‘plangan joylarga bormaslikni iltimos qilamiz. Shubhali har qanday shaxs haqida huquq-tartibot idoralarini zudlik bilan xabardor qilishni, huquq-tartibot va maxsus idoralar xodimlari harakatiga tushunish bilan munosabatda bo‘lishni so‘raymiz”, deyiladi politsiya xabarnomasida.

Biroz keyin Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Olmaotada terror xavfining "qizil" darajasi joriy etilganini e’lon qildi. Terror xavfining yuqori darajasi mahalliy vaqt bilan soat 12.20 da (Toshkent vaqti bilan soat 11.20) butun Olmaota bo‘ylab joriy etilgan. Vazirlik xabarnomasida olmaotaliklardan terror xavfi "qizil" darajasiga muvofiq talablarga rioya etish so‘ralgan.

Avvalroq Qozog‘iston mahalliy nashrlari ertalabki soat 10.30 atrofida Almali tuman ichki ishlar boshqarmasi binosi va Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining Olmaota departamenti binosi yaqinida o‘q ovozlari eshitilgani haqida xabar qilgandilar. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, politsiya bilan otishmaga kirishgan shaxs noan’anaviy diniy oqimga mansub kishidir.

Tengrinews.kz saytining yozishicha, sal avvalroq politsiyachilar bilan otishmaga kirishgan shaxs qo‘lga olingan. Noma’lum shaxs Olmaotaning Abilay xan ko‘chasida qurolini ishga solgan, so‘ngra To‘le bi ko‘chasi bo‘ylab qochib ketayotganda ushlangan.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi dushanba kuni Olmaotada politsiya xodimlariga qilingan hujumga aloqador bir gumondor ushlangani haqida bayonot tarqatdi. Bayonotda politsiya xodimlari orasida o‘lganlar borligi aytilgan, biroq ularning soniga aniqlik kiritilmagan.

XS
SM
MD
LG