Линклар

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Olmaotada terror xavfining “qizil”, ya’ni eng yuqori darajasi joriy etilganini e’lon qildi. Vazirlik xabarnomasida olmaotaliklardan uydan ko‘chaga chiqmaslik, odam ko‘p to‘planadigan joylarga bormaslik hamda shubhali shaxslar haqida politsiyaga xabar berish so‘ralgan.

Xabarlarga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 11:00 atrofida noma’lum shaxs Almali tuman ichki ishlar boshqarmasi oldidagi soqchini o‘qqa tutgan. So‘ngra soqchining qo‘lidagi avtomatni olib, yashiringan.

Hujumchi uning ortidan tushgan “Bo‘ron” ekipajiga avtomatdan o‘q uzgan, natijada ikki politsiya xodimi yaralangan. Keyinroq gumonlanuvchining o‘zi ham yaralangan hamda shahar markazida qo‘lga olingan. Uni qo‘lga olish jarayonida ikki politsiya xodimi jarohat olgan.

Politsiya tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs Qizilo‘rda viloyatining 27 yoshli turg‘uni bo‘lib chiqqan. Bu shaxs yaqin kunlarda sodir bo‘lgan qotillikda gumonlanib, politsiya qidiruvida bo‘lgan.

Gumonlanuvchi qo‘lga olinishidan avval avtomobil o‘g‘irlashga uringan. Natijada avtomobil egasi halok bo‘lgan.

Yaralangan politsiya xodimlaridan uch nafari shifoxonaga yetib bormay halok bo‘lgan.

Hozirda Almali tuman ichki ishlar boshqarmasi atrofini politsiya qurshab olgan.

Avvalroq Qozog‘iston mahalliy nashrlari ertalab Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining Olmaota departamenti binosi yaqinida o‘q ovozlari eshitilgani haqida xabar qilgan edilar. Bundan tashqari, davlat tushumi qo‘mitasi binosi oldida ham o‘q ovozlari eshitilgan. Guvohlar shaharning boshqa markaziy qismlarida ham o‘q ovozi eshitilganini aytishmoqda.

Shaharda hujumchining sherigini qo‘lga olish uchun “Sirena” maxsus amaliyoti boshlangan.

Ichki ishlar vazirligi xabarnomasida yozilishcha, terror xavfining “qizil” darajasi joriy qilingan paytda xavfsizlik kuchlari xodimlariga fuqarolarni va transport vositalarini tekshirishga, bundan tashqari, ularning harakatlarini to‘xtatishga, uy-joylar hamda boshqa binolarga to‘siqsiz kirishga izn beriladi.

O‘tgan oyda Aqto‘be shahrida o‘nlab noma’lum shaxs tomonidan qurol-yaroq do‘koni va harbiy bo‘linmaga qurolli hujum sodir etilishi ortidan terror xavfining “sariq” darajasi joriy qilingan edi.

Siyosat fanlari nomzodi Dosim Satpaev Ozodlik radiosi, qozoq xizmatiga bergan intervyusi davomida Qozog‘iston hukumati terror hujumlarining oldini olish uchun yetarlicha chora ko‘rmayotganini aytdi. Uning aytishicha, fuqarolar o‘rtasida etarlicha tushuntirish ishlari olib borilgani yo‘q. Satpaev “rasmiylar fuqarolar bilan yaqindan hamkorlik qilmay turib aksilterror tizimini yaratib bo‘lmasligini tan olishi kerak”, dedi.

XS
SM
MD
LG