Линклар

E’tiboringizga tinglovchilarimizdan biridan kelgan xatni havola qilayapmiz. Xatni qanday bo‘lsa, imlo xatolarinigina tuzatgan holda, shudayligicha berayapmiz.

***

Assalomu alaykum, Ozodlik radiosi muxbirlari. Bugun men sizga hayotimda bo‘lgan voqeani so‘zlab bersam. Iltimos, shu mavzuni butun o‘zbek xalqiga etkazsangiz. Balki ayrim insonlar o‘ziga xulosa chiqarib olar.

Yoshim 29 da. 2 farzandim, ayolim bor. Xudoga shukur.

Bundan 7 oy muqaddam Odnoklassniki saytida turmushi buzilgan ayol bilan tanishib, do‘stlashib qoldim.

10-15 kuncha gaplashib yurib, uylanganimni aytdim. Xullas telefon orqali gaplashib, oxiri ko‘rishadigan bo‘ldik. U qiz Toshkentdan, men viloyatdanman. Ko‘rishishni u taklif qildi.

Bordim, ko‘rishdim, yanada yaqinroq tanishdim. Shu bilan uchrashuvdan qaytdim. Endi telefon orqali gaplashishimiz o‘zaro davom etardi. Bir-birimizga yoqib qoldik. Shunda men yana uylanganimni aytganimda u “Men shuni bilib turib, o‘zim xohlab gaplashyapman”, dedi.

Orada yana bir-ikki marta ko‘rishdik. Shu bilan u ayol nikohlab olishimni, garchi oilam bo‘lsa ham unga buning qizig‘i yo‘qligini va mening oilamga umuman qarshimasligini aytib “Menga sizdan boshqasi kerakmas. Ikkinchi ayolingiz bo‘lsam ham, siz bilan bo‘lsam bo‘ldi. Boshqa hech qanday narsa talab qilmayman sizdan. Meni nikohingizga oling”, dedi.

Men u ayolni o‘z nikohimga olishdan oldin nikoh o‘yin emasligini qayta-qayta takrorladim. Nikoh ikki jinsni bir-biriga bog‘lovchi Xudoning ilohiy tuyg‘usi ekanligini tushuntirdim.

Shundan keyin u ayolni o‘z nikohimga oldim. Nikohimizga atigi 2 oy bo‘lganida “Bunaqa hayotda yasholmayman. Qaytib menga telefon qilib yurma”, deb aytdi. Men umuman uning qanday niyatdaligini tushunmay qoldim.

Ma’lum bo‘lishicha, u ayol eridan ajrashgan emas ekan.

Ayol eridan beruxsat shunaqa qilishi mumkinmi? Iltimos, shuni bir mavzu qilib chiqarsangizlar. Bundan shunaqa ayollar o‘ziga tegishli xulosani chiqarib olsalar. Axir biz o‘zbek musulmon xalqimiz. Nega insonlar shunaqa yomon ishga o‘tib ketishyapti?

Yozish uchun ancha gap bor edi biroq shuncha so‘zni sizlar ham sig‘dira olmaysizlar. Shuning uchun qisqa lo‘ndasini yozib qo‘ya qoldim.

Men oddiy bir dehqonligim uchun u darajada gapga chechan emasman. Iloji bo‘lsa musulmonlar idorasi xodimlari suhbatini olib, bu yo‘l xatomi yoki to‘g‘rimi shularniyam hisobga olib mavzu qilsalaring. O‘zbek ayoli o‘ziga yaxshi xulosa chiqarsa.

XS
SM
MD
LG