Линклар

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda uning atrofidagilar amalga oshmagan davlat to‘ntarishi ortida hukumatni egallab olish istagidagi “parallel hukumat”ni ayblashdi.

Bu ayblov Turkiya tashqarisida yashovchilar uchun tushunarsiz bo‘lgan bo‘lsa- da, AQShning Pensilьvaniya shtatida yashovchi 75 yoshli diniy lider bu gaplarni yaxshi tushundi.

Turkiya rasmiylari “soyadagi davlat”ni tilga olishi bilanoq Fathulloh Gulen to‘ntarish urinishiga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytdi.

“So‘nggi ellik yil ichida bir necha harbiy to‘ntarishdan jabr ko‘rgan odamga bunday urinishga aloqadorlikda ayblanish juda og‘irdir”, dedi Gulen.

“Men bu ayblovlarni keskin rad etaman”, deya qo‘shimcha qildi u.

Fathulloh Gulen kim o‘zi? Nega Erdo‘g‘on uning oqimini harbiy to‘ntarishga urinishda ayblamoqda?

Gulen 1999 yildan buyon Amerika Qo‘shma Shtatlarida surgunda yashab keladi. U bir vaqtlar Erdo‘g‘onning hamkori bo‘lgan hamda 2002 yili uning konservativ Adolat va taraqqiyot partiyasi hukumat tepasiga kelishiga yordam bergan. Ammo oradan ko‘p o‘tmay ikki hamkor o‘rtasidan qora mushuk o‘tadi. Xabarlarga ko‘ra, bunga hokimiyat talashish hamda Erdo‘g‘onning avtoritar boshqarish uslubi turtki bo‘lgan. Mazkur yilning may oyida Turkiya Gulen oqimini terror tashkilotlari safiga kiritdi.

Gulen 1960 yillarda Izmirning asosiy masjidida juma namozlarida chiqish qilib nom chiqargan. 1999 yili uni mamlakatning dunyoviy hukumatini kuchsizlantirishga ayblashganidan keyin, o‘z xohishi bilan surgunga ketgan. Keyinroq unga qo‘yilgan ayblovlarni bekor qilishdi. Bunga qaramasdan, Gulen AQShdan qaytmadi. Gulen musulmon dunyosidagi eng yirik diniy tashkilotlardan biriga yetakchilik qiladi. Uning “Xizmat” harakati millionlab a’zoga ega ekanligi aytiladi. Bu harakat 1000 ga yaqin ta’lim muassasiga homiylik qiladi, 150 dan oshiq davlatda o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga tayyorlaydi.

“Xizmat” harakati konservativ diniy qarashlarni targ‘ib qiladi hamda jamiyatga xizmat qilishga chaqiradi. Harakat Islom dinining mo‘’tadil versiyasiga amal qiladi, deb ishoniladi. Ammo ayrim hukumatlar bu harakat boy tadbirkorlar hamda o‘quvchilarni birlashtirgani uchun unga tahdid o‘laroq qarashadi.

Gulen oqimining ta’lim markazlarini unga a’zo bo‘lgan tadbirkorlar moliyalashtiradi. Ko‘p hollarda o‘quvchilar kambag‘al oilalardan olinadi. Shu sabab tanqidchilar bunday o‘quvchilar xalqaro strukturaga yoki a’zolar ro‘yxatiga ega bo‘lmagan bu harakatga oson o‘lja bo‘lishini aytib keladilar. Oqim a’zolari Gulenning jamiyatga xizmat qilish haqidagi g‘oyalaridan ilhomlanib, birga ish olib borishlarini ta’kidlaydilar.

Markaziy Osiyo davlatlarida Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan keyin Gulen maktablari avvaliga yaxshi kutib olingan. Hudduddagi avtoritar hukumatlar bu maktablarni islomiy faoliyatlarni rag‘batlantirishda ayblaganidan keyin ular Gulen boshqaruvidan ozod qilingan.

Lekin bu oqim eng ko‘p Turkiyada tanqid qilinadi. Erdo‘g‘on hukumati Gulen izdoshlarini davlat idoralaridagi lazozimlaridan foydalanib, amaldagi hukumatni kuchsizlantirishda hamda hokimiyatni ag‘darishga urinishda ayblab keladi.

Erdo‘g‘on bundan avval Gulen harakatini o‘z ma’muriyatini obro‘sizlantirishga urinishda ayblagan. Xususan, 2013 yilgi korrupsiya mojarosi davomida prezidentga yaqin bir necha rasmiy ayblanganda Erdo‘g‘on buning ortida Gulen harakati turganini ta’kidlagan edi. O‘shanda hukumat rasmiylari davlat mablag‘lari yordamida Eronga oltin sotib boyib olishda ayblangan edi. Bu esa Eronga o‘zining yadroviy dasturi tufayli qo‘yilgan cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam bergan.

Bu mojaro ortidan Turkiya hukumati bir necha prokuror hamda yuqori lavozimli rasmiyni ishdan haydadi. Erdo‘g‘on o‘shanda Turkiyani yo‘q qilish ilinjidagi “qora kuchlarga” barham berish uchun bunday chora ko‘rilganini aytgan edi. O‘tgan yilda esa Erdo‘g‘on Gulen maktablarini Gulen boshqaruvidan ozod qilib, ularga hukumatga sodiq yetakchilarni tayinlashga muvaffaq bo‘ldi.

Turkiyadagi muvaffaqiyatsiz harbiy to‘ntarish urinishidan keyin Erdo‘g‘on Turkiyada Gulen harakatini yo‘q qilishga yanada qattiq kirishishini kutish mumkin.

Turkiya Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Umit Do‘ndar 16 iyul kuni e’lon qilgan bayonotda mamlakat armiyasi o‘z saflaridan “parallel struktura” a’zolarini yo‘q qilishi aytiladi.

Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim 16 iyul kuni jurnalistlarga Fathulloh Gulenga boshpana bergan har bir davlat Turkiya dushmani bo‘lishini aytdi. Ammo vazir AQShni aniq tilga olmadi. Anqara AQSh Gulenni ekstraditsiya qilishiga umid qilishini aytib keladi.

Yildirim Vashingtonni Turkiyaning Gulen bo‘yicha xavotirlarini vaqtida anglab etmagani uchun bilvosita tanqid qildi. “Bu esa bizga qimmatga tushdi”, dedi Yildirim.

Vashington hali bu tanqidga munosabat bildirgani yo‘q. (maqolada 17 iyul ertalabigacha bo‘lgan vaziyat aks etgan)

XS
SM
MD
LG