Линклар

Buxoro viloyatidagi G‘ijduvon dehqon bozorida savdo qilayotgan tadbirkor ayolni soliq inspeksiyasi xodimlari ko‘pchilik ichida xo‘rladi. Ozodlikka yuborilgan foto-xabarda aytilishicha, noqonuniy savdo qilishda ayblangan ayol tovari tortib olinishiga qarshilik qilgani uchun soliq xodimlari tomonidan bozordan sudrab olib chiqilgan. Nogiron bolasini savdo bilan boqayotgan ayolga jarima solingani va tovari musodara qilingani aytildi.

Tadbirkor ayolni sudrashdi

"G‘ijduvon dehqon bozori"da 17 iyul kuni ushlangan tadbirkor ayol (unga shartli ravishda Nargiza, deb ism berildi - tahr.) yonida savdo qilgan guvohning aytishicha, ​tushdan keyin bozorni soliqchilar bosgan:

- Bu ayol yo‘lakning ustida o‘tirgandi, shuning uchun uni ushlashdi. Boshqalar qochib qoldi. Nargiza oyoq kiyimi sotayotgan edi va tovarlari bitta xaltada turgan edi. Soliqchilar ana shu xaltaga yopishdi. Bechora xotin yig‘ladi, dodladi. Lekin sudrab olib chiqishdi bozordan, - deydi ismini oshkor qilmayotganimiz voqea guvohi.

Ozodlikka kelgan suratlardan birida cho‘kkalab qolgan tadbirkor ayolning sudrab olib ketilayotgani qisman aks etgan.

Aytilishicha, Nargiza yillardan buyon shu bozorda kiyim-kechak sotadi, uning 3 farzandi bor va ulardan biri nogirondir.

Uning suratlarini Ozodlikka yo‘llagan g‘ijduvonlik xaridor yana mana bularni qo‘shimcha qildi:

"Ayol: "Bolam nogiron, bir-ikkita nonga pul yig‘yapman, deyishiga qaramay dodlatib olib ketishdi. Qanday vahshiylik! O‘zi sumkasida arzimagan 50 ta oyoq kiyim bordir. Hozir militsiya chaqiraman, xalq dushmani, deb qamataman, deb qo‘rqitib o‘tiribdi. Xuddi "Shaytanat"dagiday".

Ozodlik bu guvoh yordamida Nargizaning o‘zi bilan bog‘lanishga urindi, ammo muvaffaq bo‘lmadi. Shuningdek, "G‘ijduvon dehqon bozori" ma’muriyatining o‘zini tanishtirmagan xodimi ham "bunday choralar noqonuniy savdo faoliyati bilan shug‘ullangan shaxslarga nisbatan qo‘llanishi"ni ta’kidlash bilan cheklandi.

Yangi bozordan eskisiga qaytganlar

O‘tgan yili sentyabr oyida xalq orasida "Xo‘jai jahon dehqon bozori" deb atalgan ayni bozorning kiyim-kechak sotiladigan qismi qayta qurilgan "Xo‘jai jahon savdo kompleksi"ga ko‘chirildi. Bu kompleks bundan 6 yil muqaddam qurilgan, o‘tgan yili esa ta’mirlangan.

Odatdagidek, yangilangan bozordagi to‘lovlar avvalgisidan ancha yuqori bo‘lgani va bundan tashqari, savdo yaxshi yurishmagani uchun savdogarlar sekin-asta eski bozorga qayta boshlagani aytilmoqda.

Shunday tadbirkorlardan birining ismini sir saqlash sharti bilan Ozodlikka aytishicha, aksar sotuvchilar ko‘chdi-ko‘chdi jarayonida singan va Nargiza ana shunday yakka tartibdagi tadbirkorlardan biridir:

- Unaqa singanlar ko‘p bo‘ldi. Oldiniga qayta qurilgan bozordan do‘kon sotib olinglar, deyishdi. U eskisidan 1 yarim kilometr narida. Men ham 28 million so‘mga do‘kon sotib oldim. Lekin, u yerda savdo umuman yurmayapti. Kuniga zo‘rg‘a 100 minglik savdo qilayapmiz. Xalq haliyam eski bozorga qatnayapti. Keyin qaytdik yana eski bozorga, oyiga 500 ming so‘m to‘lab patent oldik va kichkina rasta qilib, savdo qilayapmiz. Bu erda kuniga 500-600 ming so‘mlik savdo qilayapmiz. Lekin, yangi bozordagi do‘konni sotuvga qo‘yganman, hech kim olmayapti. Shunaqa qilib, Nargizaga o‘xshaganlar kasod bo‘ldi-da. Ko‘pi kamida 15 -20 million so‘mga kuydi. Oylik 500 ming so‘mlik patentni ham to‘lolmayapti. Majbur yurib sotyapti-da, - deydi ismini oshkor qilmagan tadbirkor.

Soliqchilar bosqini

Dehqon bozoridagi yana bir tadbirkor ayolning aytishicha, bozorda tovarini rastalarni oralab yurib sotayotgan ayollar ko‘paygan. Shuning uchun, soliqchilar kutilmaganda, bozorni bosadilar va bunday ayollarga muntazam jarima soladilar:

"Qopdagi moliga qarab, soliq soladi va ko‘pincha molini musodara qiladi. O‘tgan yili kuzda, bozor ko‘chganidan biroz o‘tib, mening ham molimni musodara qilishgan, ishimni sudga oshirishgan edi. Ham molimni berdim, ham jarima to‘ladim. Lekin, boshqa pul keladigan tirikchiligim yo‘qligi uchun, yana chiqdim bozorga", dedi Mavjuda ismli tadbirkor.

G‘ijduvon bozorining ko‘chirilishidan norozi tadbirkorlar bunga qadar ham Ozodlikka arz qilgan. O‘sha arizalar ortidan muxbir savollariga javob bergan tuman hokimligi mutasaddisi xalq orasida "Xo‘jai jahon dehqon bozori" deb atalib kelgan eski bozor O‘zbekiston respublikasi prezidenti qarori bilan ko‘chirilganini aytgan edi.

Prezidentning 2011 yil 26 apreldagi "Dehqon bozori va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan respublikada azaldan bitta hududda joylashgan oziq-ovqat, xo‘jalik mollari va kiyim-kechak sotiladigan bozorlar zamonaviy tipdagi savdo komplekslariga ko‘chirilmoqda.

Tadbirkorlar yangi qurilgan va negadir, har ikki-uch yil ichida qayta qurilayotgan bozorlardagi savdo do‘konlari hamda rastalarini qimmat narxlarda sotib olishga majburlanayotgani, muhimi, aholi punktlaridan chetda qurilayotgan yangi savdo komplekslariga xaridorlar qatnamayotgani bois, kasod bo‘layotganidan shikoyat qiladilar.

XS
SM
MD
LG