Линклар

logo-print

Moskva viloyatining Noginsk shahrida ishlab yurgan Yoqubjon Ozodlik orqali o‘z yurtdoshlariga murojaat qilib, Internetda, ayniqsa “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘ida ko‘payib ketgan firibgarlardan, xususan aviachipta "sotuvchi"lardan ogoh bo‘lishga chaqirdi.

Yoqubjon kuni kecha “Odnoklassniki”da o‘zining do‘stiga O‘zbekistonga ketayotgan uchoqqa arzonga chipta olib, chuv tushganini gapirib berdi.

- Bizda bir kishining pasporti yo‘qoldi. “Uteryan” degan spravka olib, bir oy ichida chiqib ketadigan hujjat oldik. Bilet olmoqchi bo‘lib yuruvdi, “Odnoklassniki”dan menga rasm-e’lon keldi. Ko‘rsatilgan raqam bo‘yicha telefon qildim, javob berishdi “Evroset”ga 17 iyul kuni borasiz, keyin tushuntiramiz nima qilishni”, deyishdi. Yakshanba kuni

Qalloblarning "Odnoklassniki"dagi e’loni

Qalloblarning "Odnoklassniki"dagi e’loni

“Evroset”ga bordik. “5-10 minut kuting”, deb cho‘zishdi. O‘sha yerda “Radio”mi “Radeon”mi degan onlayn to‘lov tizimi orqali to‘lashni talab qilishdi. “Shunga pul tushirasizlar, keyin telefon orqali biz tushuntiramiz”, deyishdi. “Bo‘pti”, deb kirdik, pulni tashladik. E’lon bo‘yicha 6 ming rubl o‘tkazdik. Keyin qog‘ozga qo‘l qo‘ydik, pul tushirilgan. “Shu biletni olib lyuboy kassaga borasizlar, O‘zbekistonga sizga bron qilinganini olaverasiz, deyishdi”, dedi Yoqubjon.

Biroq, birinchi aviakassada ularga chiptalar bunday shaklda sotilmasligi, faqat aviakompaniyalar rasmiy saytlari orqali yoki aviakassalar orqali sotuv amalga oshirilishini bildirishgan.

Firibgarlar makkorligiga uchraganini payqab qolgan o‘zbek muhojirlari yana chipta sotgan raqamni terishadi.

- Qaytarib telefon qilsak, olishgani yo‘q. Ana shunaqa holatga tushib qoldik... Arzon bo‘lganiga uchdik. Cheki bor edi, chekini politsiyaga topshirdik. Politsiyaga tushuntirdik, chek asosida ariza yozdik. Politsiya tekshirib, “Ular Moskva nomerida ekan. Otdelga jo‘natamiz arizani”, deb olib qolishdi, deydi oldin ham bunday firibgarliklar to‘g‘risida eshitganini gapirgan namanganlik muhojir yigit.

Ozodlik ijtimoiy tarmoq orqali tarqatilgan bu e’londa ko‘rsatilgan telefon raqamlari haqiqatan o‘chirilganini aniqladi.

Yoqubjonning so‘zlariga ko‘ra, mehnat muhojirlariga qilinayotgan qalloblik va tovlamachilik bilan asosan O‘zbekistondan kelgan shaxslar shug‘ullanmoqda. “Ular hamyurtlarimiz soddaligidan foydalanmoqda”, deya davom etadi u.

- Men shunaqa moshenniklarni eshitib turibman-da! Domodedovodan Noginskka 1,5-2 ming rublga olib keladi. Bizda bir taksichi bir bolani olib kelgan. “Radio Taksi”da uni 10 mingga olib kelgan! “Skidka!” deb, 8 ming rubl qilib bergan, dedi Yoqubjon.

Rossiyaning turli mintaqalarida qalloblar va firibgarlar nayranglariga uchraganlar Ozodlikka xabar berishlari mumkin.

XS
SM
MD
LG