Линклар

logo-print

Olmaota shahrida aksilterror amaliyoti yakuniga etdi va terror xavfi darajasi “qizil”dan “sariq”qa tushirildi. Bu haqda Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi xabar qildi.

Qozog‘iston ichki ishlar vaziriga ko‘ra, Olmaota shahar, Almali tumani ichki ishlar bo‘limi va Milliy xavfsizlik davlat departamentiga hujum qilgan shaxs 18 iyulga o‘tar tunda shahar ko‘chalaridan birida taksida o‘tirgan ayollar bilan janjallashib qolgan va ulardan birini otib o‘ldirgan. Taksidagi ayollardan biri o‘zbekistonlik bo‘lgan.

Bu haqda Qozog‘iston Xavfsizlik kengashining favqulodda majlisida prezident Nazarboevga hisobot bergan ichki ishlar vaziri Kalmuxanbet Kasimov aytdi.

Vazir o‘z nutqida taksida o‘ldirilgan ayolning na shaxsini, va na uning qaysi davlat vatandoshi ekanligini aytgan.

Qozog‘iston ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, ichki ishlar bo‘limi va Milliy xavfsizlik davlat departamentiga hujum qilgan ikki shaxs qo‘lga olingan. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda 5 kishi nobud bo‘lgan, yaralangan 7 politsiya xodimi kasalxonada og‘ir ahvolda yotibdi.

Qozog‘iston Xavfsizlik kengashining favqulodda majlisida prezident Nazarboev Olmaotada bugun kechayotgan voqealarni terroristik akt, deb baholadi. Qozog‘iston rahbari halok bo‘lganlar va jabrlanganlar oilalariga hamdardlik bildirdi, ularga kerakli yordam berish to‘g‘risida davlatning tegishli idoralariga ko‘rsatma berdi.

18 iyul kuni Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Olmaotada terror xavfining “qizil”, ya’ni eng yuqori darajasi joriy etilganini e’lon qildi. Vazirlik xabarnomasida olmaotaliklardan uydan ko‘chaga chiqmaslik, odam ko‘p to‘planadigan joylarga bormaslik hamda shubhali shaxslar haqida politsiyaga xabar berish so‘ralgan.

Xabarlarga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 11:00 atrofida noma’lum shaxs Almali tuman ichki ishlar boshqarmasi oldidagi soqchini o‘qqa tutgan. So‘ngra soqchining qo‘lidagi avtomatni olib, yashiringan.

Hujumchi uning ortidan tushgan “Bo‘ron” ekipajiga avtomatdan o‘q uzgan, natijada ikki politsiya xodimi yaralangan. Keyinroq gumonlanuvchining o‘zi ham yaralangan hamda shahar markazida qo‘lga olingan. Uni qo‘lga olish jarayonida ikki politsiya xodimi jarohat olgan.

Politsiya tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs Qizilo‘rda viloyatining 27 yoshli turg‘uni bo‘lib chiqqan. Bu shaxs yaqin kunlarda sodir bo‘lgan qotillikda gumonlanib, politsiya qidiruvida bo‘lgan.

Gumonlanuvchi qo‘lga olinishidan avval avtomobilь o‘g‘irlashga uringan. Natijada avtomobil egasi halok bo‘lgan.

Yaralangan politsiya xodimlaridan uch nafari shifoxonaga yetib bormay halok bo‘lgan.

Avvalroq Qozog‘iston mahalliy nashrlari ertalab Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining Olmaota departamenti binosi yaqinida o‘q ovozlari eshitilgani haqida xabar qilgan edilar. Bundan tashqari, davlat tushumi qo‘mitasi binosi oldida ham o‘q ovozlari eshitilgan. Guvohlar shaharning boshqa markaziy qismlarida ham o‘q ovozi eshitilganini aytishmoqda.

Shaharda hujumchining sherigini qo‘lga olish uchun “Sirena” maxsus amaliyoti boshlangan.

Ichki ishlar vazirligi xabarnomasida yozilishcha, terror xavfining “qizil” darajasi joriy qilingan paytda xavfsizlik kuchlari xodimlariga fuqarolarni va transport vositalarini tekshirishga, bundan tashqari, ularning harakatlarini to‘xtatishga, uy-joylar hamda boshqa binolarga to‘siqsiz kirishga izn beriladi.

O‘tgan oyda Aqto‘be shahrida o‘nlab noma’lum shaxs tomonidan qurol-yaroq do‘koni va harbiy bo‘linmaga qurolli hujum sodir etilishi ortidan terror xavfining “sariq” darajasi joriy qilingan edi.

Siyosat fanlari nomzodi Dosim Satpaev Ozodlik radiosi, qozoq xizmatiga bergan intervyusi davomida Qozog‘iston hukumati terror hujumlarining oldini olish uchun yetarlicha chora ko‘rmayotganini aytdi. Uning aytishicha, fuqarolar o‘rtasida yetarlicha tushuntirish ishlari olib borilgani yo‘q. Satpaev “rasmiylar fuqarolar bilan yaqindan hamkorlik qilmay turib aksilterror tizimini yaratib bo‘lmasligini tan olishi kerak”, dedi.

XS
SM
MD
LG