Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:59

Tojikistonda salafiylar peshvosi qamaldi


Ozodlik radiosi tojik xizmatining tuman sudidagi manbasi 19 iyul kuni Muhammadi Rahmatullohga nisbatan hukm o‘tgan hafta oxirida chiqarilgani ma’lum qildi. Manbaga ko‘ra, u Tojikiston Jinoyat kodeksining 307-moddasi 1-bandi (Estremistik hamjamiyat tashkil qilganlik) bo‘yicha aybdor, deb topilgan.

Ismoil Somoniy tuman sudi raisi Sangin G‘ayratzoda Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bu ma’lumotni tasdiqlagan, biroq hukm hali qonuniy kuchga kirmaganini bildirgan, ayni paytda u boshqa sharhlardan tiyilgan.

Muhammadi Rahmatullohning advokati Tolib Sangin o‘z himoyasidagi shaxs ishi bo‘yicha sud hukmidan norozi ekanini va yuqori instantsiyaga shikoyat arizasi bilan murojaat qilishini aytgan.

Rudakiy tumanida yashovchi 43 yoshli Muhammadi Rahmatulloh shu yil fevralida hibsga olingandi. U Pokistonning Islomobod shahridagi Xalqaro Islom universiteti Shariat fakultetida 4 yil o‘qiganidan keyin 2011 yilda Tojikistonga qaytgan. Tojikistonda Salafiylik oqimi faoliyati cho‘qqiga chiqqan 2000-yillar o‘rtalarida u hanafiy mazhabiga ergashgan ruhoniylar bilan salafiylar o‘rtasidagi diniy bahslarda asosiy voizlardan bo‘lgan va o‘zini tojikistonlik salafiylar lideri o‘laroq tanitgan.

2009 yili Tojikistonda “Salafiya” diniy oqimi faoliyati Oliy sud qarori bilan taqiqlanganidan keyin Muhammadi Rahmatulloh g‘oyib bo‘lib qolgan. O‘tgan yil yanvarida uning qo‘lga olingani haqida xabar paydo bo‘lgan, biroq huquq-tartibot idoralari bu ma’lumotni tasdiqlamaganlar.

Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda o‘tgan yilgi matbuot anjumanlaridan birida taqiqlangan “Salafiya” oqimining ayrim a’zolari qo‘lga olinganini ma’lum qilgan, biroq ular orasida Muhammadi Rahmatulloh bor-yo‘qligiga aniqlik kiritmagan.

Shundan so‘ng Tojikiston nashrlarida Muhammadi Rahmatulloh hozirda taqiqlangan Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasiga qarshi qator maqolalar bilan chiqib, bu partiya a’zolarini “chet el ayg‘oqchilari” deb atagan.

Muhammadi Rahmatulloh tojik jurnalistlari bilan suhbatlarda o‘zining “Salafiya” oqimiga mansubligini e’tirof etgan ilk kishilardan bo‘lgan.

“Salafiya” oqimiga mansub shaxslar Tojikistonda 2009 yildan qo‘lga olinib, sudlana boshlagan.

XS
SM
MD
LG