Линклар

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida iyun-iyul oylarida o‘tkazilgan ikki mahkama jarayonida o‘zini Naqshbandiylik tariqatiga ergashuvchilar deb bilgan 15 shaxs ustidan hukm o‘qildi. Mazkur guruh yetakchilari deb topilgan to‘rt shaxsning har biri to‘rt yillik qamoqqa¸ ularga ergashgan 11 shaxs esa¸ 4 millionlik so‘mlik jarimaga tortildi.

15-16 iyul kunlari Qorako‘l tuman Jinoyat ishlari bo‘yicha sudida sudya Anvar Hamidov raisligida o‘tkazilgan mahkama jaraënida 11 shaxs ustidan hukm o‘qildi. O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 216-moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan sudlanuvchilar ma’muriy jazoga tortildi va ularga eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida (qariyb 4 million so‘m) jarima solindi.

Ozodlik manbalarining bildirishicha¸ bu 11 sudlanuvchi aloqador deb topilgan guruhni tuzganlikda ayblangan to‘rt shaxs ustidan joriy yilning 1 iyunь kuni hukm o‘qilgan va ular “g‘ayriqonuniy jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlari faoliyatida qatnashishga undash”da ayblangan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ to‘rt yillik qamoqqa hukm etilgan to‘rt sudlanuvchi jazoni Qarshidagi manzil koloniyasida o‘tashga etap qilingan.

Ozodlikning mahalliy huquq tizimlaridagi manbasiga ko‘ra¸ o‘zlarini naqshbandiylik tariqatiga ergashuvchilar deb atab kelgan sudlanuvchilarga Turkiyadagi diniy guruhga aloqadorlik aybi qo‘yilgan.

“Bular “Manzil jamoati” degan Turkiyadagi tashkilotning guruhini tuzishgan¸ anchadan beri yashirincha yig‘ilishlar o‘tkazib kelishgan. Shu yildan MXX nazariga tushgan. Bular ochiqda yurdi¸ boshliqlari sud hukm chiqargandan keyin sud zalida qamoqqa olindi. Qolganlari ma’muriy jazo bilan qutuldi. Qamalganlarning hammasi 1971-76 yilda tug‘ilganlar. Apellyatsiyaga muhlat berildi¸ lekin hozirgacha hech qanaqa kassatsion shikoyat ëzishmagan. Shundan keyin sud hukmi qonuniy kuchga kirdi va to‘rt sudlanuvchi manzil koloniyasiga jo‘natildi”¸ dedi Ozodlikning huquq tizimidagi manbasi.

Ayni paytda¸ sudlanuvchilar yaqinlari shikoyat arizasi bilan Ozodlikka murojaat qildi.

"Bularning bor aybi nafs tarbiyasi bilan shug‘ullanib¸ yashirincha zikr qilganlik. Odamlar zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan paytda¸ bularni nohaqdan shuncha jarimaga tortgan sud va organ ustidan kimga shikoyat qilish mumkin? Bolalarini yetim qoldirib¸ oila ro‘zg‘origa shuncha ziyon yetkazganlarni bularning uvoli tutmaydimi?" deb ëzdi Ozodlikka sudlanganlar yaqinlaridan biri.

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik huquq faollariga ko‘ra¸ qorako‘llik so‘fiylarning qamalishi O‘zbekistonda Naqshbandiylik tariqatiga ergashuvchilar ustidan o‘tkazilgan birinchi mahkamadir.

- Boshqa oqimlardan farqli¸ Naqshbandiya oqimiga ergashuvchilar¸ ya’ni tariqatchilarga hukumat yovqarash bilan¸ chetdan kelgan begona oqim¸ deb qaramagan. Markaziy Osiyodagi tariqatchilar piri asli farg‘onalik Ibrohim hazrat (1937-2009) bo‘lgan. U odam vafot etganidan keyin¸ yetakchilik Qozog‘istonning Turkistoniga ko‘chgan. Tariqatchilik¸ ayniqsa¸ Farg‘ona vodiysida keng yoyilgan. Bular zikr-ibodatlarini bemalol qilishadi¸ hozir ham to‘planib¸ Turkistondagi pirlarinig oldiga borib kelishadi. Birortasining tazyiqqa uchragani¸ qamalganini eshitmagandim shu paytgacha¸ deydi farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi yetakchisi Surat Ikromov ham o‘z tajribasida aynan Naqshbandiylik tariqatiga ergashganlik uchun sudlanganlarni uchratmaganini bildirdi.

Huquq faollari¸ Qorako‘ldagi tariqatchilarning sudlanishini ularning Turkiyadagi “Manzil jamoati” deb nomlangan guruhga aloqador deb topilgani bilan izohlashga urindi.

“Manzil jamoati” guruhi Turkiyada 20-asrning ikkinchi yarmida janub-sharqiy Adiaman shahrida Muhammad Yashil Erot (1930-1993) tomonidan tuzilgan diniy sekta va hozirda ham ochiq faoliyat yurg‘izadigan bu guruh iddaosicha¸ Turkiyadagi eng ko‘p muridga ega bo‘lgan naqshbandiylik jamoasidir.

(Turkiyada suratga olingan "Taqvo" filmida mamlakatdagi tariqatchilar zikri aks etgan sahnalar ko‘p. Bu parcha ana shu badiiy filmdan olindi)

“Sun’iy yo‘ldosh orqali ko‘rsatiladigan o‘z telekanallariga ham ega bu jamoani¸ jamiyatning eng quyi qatlamlarini o‘ziga jalb qiluvchi din tujjorlari” deb atash mumkin¸ deydi bu jamoa tarixini o‘rgangan Turkiyada yashovchi jurnalist Kamoliddin Yo‘ldosh:

“Manzil jamoati"ning Turkiya maxsus xizmatlari tomonidan tuzilganiga oid kuchli taxminlar bor. Bu sun’iy tashkil etilgan tariqatlardan biri. Ochiq faoliyat yurg‘izadi¸ lekin butun Turkiya bo‘ylab mediada ochiq da’vat qila olmaydi¸ chunki Qur’onga zid¸ hadislarga zid¸ mazhablarga zid¸ juda ko‘p xurofotlar¸ mistitsizm¸ arvohlar¸ tushlarda uchdi-qochdilar ko‘p bo‘lgani uchun ko‘p tanqid qilinadi va bunday da’vatga jur’at etolmaydi. Bundan tashqari¸ ularda bugungi ijtimoiy-siyosiy muammolarga javob bera oladigan intellektual potentsial ham yo‘q. Unga ergashuvchilar jamiyatning eng quyi tabaqasiga mansub¸ umrida maktab ko‘rmagan¸ o‘qish-ëzishni bilmaydiganlardir. Ularni qisqa qilib¸ din tujjorlari¸ deyish mumkin¸ deydi Kamoliddin Yo‘ldosh.

Bu suhbatdosh ham¸ Naqshbandiylikning ona vatani bo‘lgan Buxoroning Qorako‘lida tariqatchilarning qamalishiga¸ ularning umumiyatla tariqat emas¸ balki uning aynan xorijdagi xos bir sektasiga aloqadorligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi.

Zotan¸ O‘zbekiston hukumati Naqshbandiylik tariqatini mintaqada ko‘p asrlik tarixga ega an’anaviy diniy yo‘nalishlardan biri deb biladi va Islom Karimov o‘tmishdagi ma’ruzalarida Bahovaddin Naqshbandiyning “dil ba ëru¸ dast ba kor”(ko‘nglik Ollohdayu¸ qo‘lim mehnatda) g‘oyasini mavjud hokimiyatga tahdid solmaydigan diniy mafkura sifatida ma’qullagani kuzatilgan.

Shuningdek¸ shaxsga sig‘inish¸ pir etagidan tutishlik¸ ijtimoiy-siyosiy muammolarga¸ asosan¸ axloq doirasida javob izlovchi tariqatchilikni targ‘ib qiluvchi adabiyotlarning ham O‘zbekistonda hozirgi kunda ham ochiq savdoda ekani aytiladi.

XS
SM
MD
LG