Линклар

Sirdaryo viloyatining Sirdaryo va Sayxunobod tumanlaridagi “Tez tibbiy yordam” bo‘limlari faqat benzin pulini to‘lagan odamlarga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Bir oydan buyon davom etayotgan ushbu holat “Tez tibbiy yordam” mashinalari uchun benzin yo‘qligi bilan izohlanayapti.

“Benzin pulini bersangiz boramiz”

Ozodlikka Sirdaryo va Sayxunobod tumani aholisi nomidan bo‘lgan murojaatga ko‘ra, 1 oydan buyon “Tez tibbiy yordam” bo‘limlariga qo‘ng‘iroq qilgan odamga, “benzin puli bersang boramiz” degan javob berilmoqda:

“Biz Nurota qishlog‘ida yashaymiz. Yaqinda qarindoshimizning sog‘ligi yomonlashgani uchun “tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qilsak, “benzin puli bermasangiz, bora olmaymiz” deyishdi. Keyin o‘zimiz mashina topib, qarindoshimni kasalxonaga olib bordik”, dedi nurotalik yigit.

“5 ming bersangiz, feldsherni jo‘natamiz”

Ozodlik muxbiri vaziyatni o‘rganish maqsadida Sayxunobod tumani “Tez tibbiy yordam” bo‘limiga Istiqlol qishlog‘ining Nurmamatobod mahallasida yashovchi mijoz sifatida qo‘ng‘iroq qildi.

Bo‘limning +99867-333-300-03 telefon raqamiga qilingan qo‘ng‘iroqqa javob bergan navbatchi shifokordan quyidagi javobni olindi:

Manzilingiz uzoq ekan, hozir bizda mashinamizda benzin yo‘q edi. To‘g‘ri tushunasizmi, yo‘qmi... uzoqroqqa feldsherlarimizning o‘zini jo‘natayapmiz. Faqat yo‘l kirasini o‘zlaringiz ko‘tarsalaringiz, borib ko‘rib kelishadi. 1,5-2 litr benzin pulini bersangiz bo‘ladi, 4-5 ming so‘m,- dedi Sayxunobod “Tez tibbiy yordam” bo‘limi navbatchisi.

“Tez yordam”chilar bemor ko‘rgani piyoda borayapti

Ozodlik muxbiri Sirdaryo tumani “Tez tibbiy yordam” bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib ham xuddi shu mazmundagi javobni oldi.

Bo‘limning ismini ochiqlamayotganimiz xodimiga ko‘ra, bemorlardan benzin puli so‘ralayotganiga benzin yo‘qligi sabab bo‘layapti:

“O‘zimizning ham jonimizga tegib ketdi. Bir oydan beri odamlardan so‘kish eshitamiz. Benzin yo‘q bo‘lsa, cho‘ntagimizdan to‘lab bormaymizku. Bizda uchta feldsher ishlaydi. Bir kunda 30tacha vizov tushadi. Lekin benzin yo‘qligini aytsak, 10-15tasi otkaz qiladi. Bemor Sirdaryoning o‘zida yoki Baxtda bo‘lsa, yaqin joylardagi bemorlarni piyoda borib ko‘rib kelayapmiz", dedi sirdayolik shifokor.

Shifokorning aytishicha, og‘ir ahvolda bo‘lgan bemorni shifoxonaga olib ketish lozim bo‘lgan holatlari vaziyatdan chiqish mushkul bo‘layapti:

“Taksida borsak taksi pulini to‘lashadi. Taksida bitta feldsher boradi. Sirdaryo tumanida taksida borilsa, 4-8 ming so‘mgacha bo‘ladi. Bemorni shifoxonaga olib ketish lozim bo‘lsa, o‘sha taksining orqasiga yotqizib olib kelamiz. Agar piyoda borilsa, bemorning qo‘ni- qo‘shnisidan iltimos qilinadi yoki ko‘chada mashina ushlaydi. Agar bemor og‘ir bo‘lsa, albatta tibbiy talablarga javob bermaydigan taksida olib kelishning, bemor sog‘ligi uchun xavfli tomonlari ham bor”, dedi Sirdaryo tumani “Tez tibbiy yordam” bo‘limi xodimlaridan biri.

“Pulimiz bor, lekin benzin yo‘q”

Sirdaryo tuman Tibbiyot birlashmasi mas’ullaridan biri ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, tumanga viloyatdan benzin berilmayapti:

Benzin bo‘yicha limitimiz bor. Pulimiz ham bor. Lekin viloyatdan so‘rasak bermaydi. Gulistonda viloyat neftbazasi bor. O‘sha erga “vagon” kelmayapti ekan. Neftbazaga keladigan benzinni shunaqa deymiz. Ya’ni viloyatga benzin kelmayotgani uchun, bizga berishmayapti”, dedi Sirdaryo tuman Tibbiyot birlashmasi mas’uli.

“Vaziyatni o‘rganamiz”

Sirdaryo viloyatining boshqa tumanlarining “Tez tibbiy yordam” bo‘limlaridagi vaziyat borasida Ozodlikda hozircha ma’lumot yo‘q.

Lekin Ozodlik muxbiri o‘rgangan Sirdaryo va Sayxunobod tumanlaridagi vaziyat bo‘yicha, Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Mavlonovga bog‘landik.

- Hozir biz aniqlik kiritaylik. Sizga qaytadan qo‘ng‘iroq qilaman. Buni bunday bo‘lishi mumkin emas. Hozir men shuni muhokamasini qilaman. Bunaqa bo‘lishi mumkin emas, unaqa mumkin emas “Tez yordam” unaqa taksi puli bersa borishi. Hozir men gaplashay. Sizning nomeringiz chiqdi, qaytadan chiqaman. Aniqlik kiritib aytaman,- dedi Fayzulla Mavlonov.

Qo‘ng‘iroq qilishni va’da qilgan Mavlonovdan telefon bo‘lmagach, Ozodlik muxbiri unga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi. Biroq Mavlonov telefon go‘shagini boshqa ko‘tarmadi.

O‘zbekistonda keyingi 5 yilda tez yordamga murojaat qiluvchilar soni 10 foizga ko‘paydi.

Sputnik nashrining O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidagi manbaga tayangan holda xabar berishicha, birgina joriy yilning olti oyida 3 million 700 ming odamga tez tibbiy yordam xizmat ko‘rsatgan.

Bir yilda esa O‘zbekistonda kamida 6 million 800 ming odam tez yordam chaqiradi.

XS
SM
MD
LG