Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 22:56

Kiev rasmiylari Pavel Sheremet qasddan amalga oshirilgan qotillik qurboni bo‘lganini aytmoqda


Ukraina Bosh prokurori Yuriy Lutsenko jurnalist Pavel Sheremetning o‘ldirilishini qasdan sodir etilgan qotillik, deb atadi va bu jinoyatni ochish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga va’da berdi.

Taniqli jurnalist Pavel Sheremet 20 iyul kuni ertalab mashina portlashi oqibatida halok bo‘ldi. Pavel Sheremet ishlagan “Ukrainskaya pravda” nashri ma’lumotiga ko‘ra, mashina Bogdan Xmelnitskiy va Ivan Franko ko‘chalari kesilishida portlagan.

Mashina “Ukrainskaya pravda” nashri rahbari Alyona Pritulaga tegishli bo‘lgan, portlash chog‘ida u mashina ichida bo‘lmagan. Portlash Sheremet ana shu mashinada ishga ketayotgan paytda soat 7:45 da sodir bo‘lgan. Hodisa joyiga politsiya etib borgan.

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko kuch ishlatar tuzilmalarga jurnalistning o‘limi bilan bog‘liq holatni tezkorlik bilan tekshirishni topshirdi. U Feysbukdagi o‘z sahifasi orqali Sheremetning yaqinlariga ta’ziya izhor qildi.

Ukraina ichki ishlar vazirining maslahatchisi Anton Gerashchenko avtomobilda qo‘lbola portlash moslamasi ishga tushirilganini ma’lum qildi. Bungacha u portlash moslamasi uzoqdan turib boshqariladigan yoki unga soat mexanizmi o‘rnatilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgandi.

Pavel Sheremet so‘nggi besh yil mobaynida Kievda istiqomat qilayotgandi. U “Vesti” radiosi bilan ham hamkorlik qilgan.

44 yoshli Sheremet Rossiya, Belorussiya va Ukraina ommaviy axborot vositalarida ishlagan. O‘z vatani Belorussiyada u uzoq vaqtdan beri hokimiyat tepasida o‘tirgan prezident Aleksandr Lukashenka rejimining tanqidchisi sifatida tanilgan. O‘tgan asrning 90-yillari oxiri va 2000-yillar boshlarida u Rossiyaning ORT telekanalida (hozirgi “Birinchi kanal”) ishlagan.

Sheremet ORTni Rossiya tomonidan Qrim yarimoroli anneksiya qilingan va Ukraina sharqida urush boshlanganidan keyin – 2014 yil iyulida tark etgandi. O‘shanda u o‘z pozitsiyasini quyidagicha ifodalagan: “So‘nggi paytlarda Rossiyada Ukrainadagi voqealar va Rossiya-Ukraina urushi haqida Kreml tashviqoti stilistikasiga to‘g‘ri kelmaydigan yo‘sinda gapirayotgan jurnalistlarga nisbatan haqiqiy quvg‘in boshlandi. Men Qrim anneksiyasi va Ukraina sharqidagi ayirmachilar dastaklanishini qonli avantyura va Rossiya siyosatining mash’um xatosi, deb hisoblayman”.

XS
SM
MD
LG