Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:12

A’lochi nogiron qizni ikki kollej ham o‘qishga qabul qilmadi


Birinchi guruh nogironi, ko‘zi tug‘ma ojiz Muxlisa Akramova
Birinchi guruh nogironi, ko‘zi tug‘ma ojiz Muxlisa Akramova

Andijon viloyatining Baliqchi tumanida yashaydigan birinchi guruh nogironi, ko‘zi tug‘ma ojiz Muxlisa Akramova internat-maktabni qizil shahodatnoma, musiqa maktabini esa a’lo baholar bilan tugatgach, Namangan va Andijon san’at kollejlariga o‘qishga kirishga harakat qildi. Kollejlardan birining rahbari qo‘shiq aytish iste’dodi bo‘lgan nogiron qizni qabul qilishni keskin rad qildi, ikkinchi kollej qabul komissiyasi esa, Muxlisa iddaosicha, uni ataylab imtihondan yiqitgan. Nogiron qiz unga nisbatan adolatsizlik bo‘layotgani haqida YouTube portalida prezidentga murojaatnoma yo‘lladi.

Baliqchi tumanining Xo‘jaobod qishlog‘ida yashaydigan 16 yashar birinchi guruh nogironi, tug‘ma ko‘zi ojiz Muxlisa Akramova YouTube portali orqali O‘zbekiston prezidentiga qilgan murojaatida, uni o‘qishga qabul qilmagan kollej direktorlari ustidan arz qiladi:

“Bobojon, o‘zingiz ayting, aybim nimada? Nogironligimdami? Orzularim ko‘p edi, Avval san’atda, keyin jahon tillarida o‘qishni, barcha yoshlar qatori vatanim ravnaqiga o‘z hissamni qo‘shishni xohlagandim. O‘zingiz aytasizku, kelajak yoshlarniki, deb. Bobojon, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, nahotki yoshlar maktabdan keyin o‘zlari xohlagan joyda o‘qiyolmasa? Men loqaydlik, nohaqlik qurboni bo‘ldim. Iltimos, shunday qilingki, men kabi ojizlar sog‘lar qatorida bemalol o‘qiy olsinlar!”, deydi o‘z videomurojaatida nogiron o‘quvchi.

Muxlisa Akramova Andijon viloyati Asaka shahridagi 16-maxsus maktab-internatni joriy yilda qizil shahodatnoma bilan tugatgan.

Ayni paytda, Asaka shahridagi bolalar san’at va musiqa maktabining ham a’lo bitiruvchisi hisoblanadi.

Muxlisa qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘radi, u san’at kolleji va oliygohlarida o‘qib yaxshi san’atkor bo‘lishni orzu qiladi.

Биринчи гуруҳ ногирони, аълочи қиз Мухлиса Акрамовани ўқишга олишмади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:31 0:00
Бевосита линк

Muxlisa uyiga yaqin bo‘lgani sabab Namangan san’at kollejiga o‘qishga kirish uchun borganini, lekin orzusi sarob bo‘lganini aytadi:

- Musiqa maktabidagi ustozim Zumrad opa bilan bordim. Kollej direktori mening hujjatlarimni qabul qilishdan bosh tortdi. Biz ko‘zi ojizlarni o‘qitmaymiz, dedi. Yig‘lab-yig‘lab qaytib keldim”, dedi Muxlisa.

Uning aytishicha, shundan so‘ng u hujjatlarini Andijon san’at kollejiga topshirgan:

- Keyin 21 iyun kuni Andijon san’at kollejiga bordim. Direktor Qobiljon aka Mamasoliev bilan uchrashdik. U ham menga yo‘limni topib yurolmasligimni, bolalarga kulgi bo‘lishimni aytib, o‘qishga olishdan bosh tortdi. Men qattiq turib talab qilganimdan so‘ng hujjatlarimni qabul qilishdi. Uchta imtihon bo‘ldi. Shuni aniq bilamanki, men tengdoshlarimdan yaxshiroq topshirdim, imtihon paytida ularga hatto yordam ham berdim. Lekin menga eng past ball qo‘yib, imtihondan yiqitishdi, dedi Muxlisa.

Ozodlik nogiron qizning bu iddaolariga munosabat olish maqsadida Andijon san’at kolleji rahbariyati bilan bog‘lanishga harakat qildi. Ammo kollej direktori Qobiljon Mamasoliev qo‘ng‘iroqlarimizga kun bo‘yi javob bermadi.

Asaka shahrining 22-musiqa maktabi o‘qituvchisi Zumradxon Astanova ham shogirdidan ko‘ngli to‘q bo‘lganini aytadi:

- Maktab-internatni qizilga bitirdi, musiqa maktabida ham bitta to‘rti bor edi xolos, qolgan baholari besh edi. Men uning kollejga o‘qishga kirib ketishiga umuman shubham yo‘q edi. Lekin negadir unga past baho qo‘yishdi, dedi o‘qituvchi.

Prezidentdan uning bilimini va iqtidorini qayta imtihon qilishni so‘ragan Muxlisa o‘zini qanoti qayrilgan polaponga qiyoslaydi:

- Bilasizmi, endi uchishga chog‘lanayotgan polaponlarga nimadir to‘siqlik qilsa ularning shashti so‘nadi, ruhi tushadi. Xuddi shuningdek, biz kabi ko‘zi ojiz bolalar maktabni tugatishi bilan o‘qishga kirolmayapti. Axir ko‘zi ochiq odamlar ularga ozgina sharoit yaratib berishsa, ular haqida ozgina qayg‘urishsa bo‘lmaydimi? Yoki ko‘zi ojizlar o‘qitilmasin, degan qonun bormi?, dedi Muxlisa Akramova.

Andijon viloyatidagi kollej o‘qituvchilaridan biriga ko‘ra, kollejlarda korrupsiya avj olgan:

“Buni yashiradigan joyi qolmadi. Hozir san’at, pedagogika, tibbiyot kollejlariga o‘qishga iqtidorli bolalar emas, dadasining puli ko‘p bolgan bolalar kirib ketyapti. Andijon viloyatida shu yo‘nalishdagi kollejlarga o‘qishga kirishning narxi joyiga qarab 300-500 dollargacha bo‘lmoqda. Direktorlarning nafsi shunchalik hakalak otib ketdiki, hatto iste’dodi bor nogiron bolalar ham ochiqchasiga qabul qilinmayapti”, dedi kollej o‘qituvchisi.

XS
SM
MD
LG