Линклар

O‘zbekistonda majburiy mehnat uchun mas’uliyat fermer zimmasiga yuklandi


Paxta-2015. Samarqand davlat universiteti talabalari paxta terishga olib ketilmoqda

Paxta-2015. Samarqand davlat universiteti talabalari paxta terishga olib ketilmoqda

O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun mas’uliyat to‘laligicha fermer xo‘jaliklari rahbarlari zimmasiga yuklandi. Bunday mas’uliyat fermer xo‘jaliklari bilan davlat tayyorlov idoralari o‘rtasida tuziladigan kontraktatsiya shartnomasiga kiritilayotgan o‘zgartishda nazarda tutilgan. Fermerlarning aytishlaricha, bundan buyon hukumat o‘zi jo‘natgan hasharchilarni Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari aniqlagan holda ham, bunga yolg‘iz javobgar fermerning o‘zi bo‘lib qoladi.

Joriy yilning iyulidan boshlab O‘zbekistondagi fermer xo‘jaliklarining tayyorlov idoralari bilan yangi kontraktatsiya shartnomasi tuzish tadbiri boshlandi.

​Ozodlikka kelib tushgan kontraktatsiya shartnomasiga "qo‘shimcha kelishuv" nusxasida paxta xom ashyosi va urug‘lik paxta xarid qilish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasining 2.2 bandiga quyidagi tuzatish kiritilganini ko‘rish mumkin:

“Paxta yig‘im-terim ishlariga terimchilarni jalb qilishda O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, xalqaro shartnomalari, shu jumladan Xalqaro mehnat tashkilotining “Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risida”gi va “Zo‘rlab ishlatish yoki majburiy mehnat to‘g‘risida”gi konventsiyalari” talablariga qat’iy rioya qilish"

Ismi sir qolishini so‘ragan jizzaxlik fermerlardan birining aytishicha, ularga kontraktatsiya shartnomasiga kiritilgan bu “qo‘shimcha kelishuv”ni imzolash majbur qilib qo‘yilgan:

“Shartnomaga bu qo‘shimcha kelishuvni hammamiz imzolashga majburmiz. Endi qarang, fermerning dalasida o‘quvchi yoki majburan olib chiqilgan hasharchi ushlanib qolsa, endi bunga davlat javob bermaydi. Axir o‘sha kollej o‘quvchilarini ham, hatto Toshkentdan yuboriladigan minglab hasharchilarni ham hukumatning o‘zi majburan jo‘natyaptiku. Agar birorta xalqaro tashkilotdan tekshiruvchi kelib qolsa ham, “mana bizning fermer bilan shartnomamiz bor, majburan hech kimga paxta tergizma deb aytganmiz, biz bu erda neprichem”, deb turovradida. Oxir oqibat kaltak yana fermerning boshida sinadi”, dedi fermer.

O‘zbekistondagi majburiy mehnatni muntazam monitoring qilib kelayotgan Berlindagi O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozovaning aytishicha, bu “qo‘shimcha kelishuv” orqali hukumat o‘ziga yangi himoya yasamoqda:

“Bu hujjatdan kelib chiqadiki, davlat paxta terimi davomida majburiy mehnat uchun javobgarlikni fermerlarning zimmasiga yuklaydi. Ya’ni, fermerning o‘zi, kimnidir o‘z erida paxta terishga majbur qilgan bo‘lib chiqishi mumkin. Aslida esa, bosh vazir Mirziyoev va barcha viloyatlar, tumanllar hokimlari davlat muassasalari xodimlarini, studentlarni dalaga chiqishga majburlab kelishini bilamiz. Axir fermerning universitetlarni yopishga va talabalarni o‘z dalasidagi paxtani terib olish uchun haydashga hech qanday vakolati yo‘qku? O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tizimidagi real xolat bilan tanish bo‘lganlar paxta dalasidagi majburiy mehnatga fermerlarni javobgar qilish qanday absurd ekanini yaxshi bilishadi. Haqiqatan ham, fermerlar bepul ishchi kuchiga muttasil muhtoj, ularga subsidiyalar kerak, aksincha ular bankrot bo‘lishadi. Biroq bu masalani, fermerlarni boshka odamlar resursi va mehnati evaziga emas, balki qishloq xo‘jalik tizimini isloh qilish hisobidan echish kerak. Majburiy mexnat muammosi albatta fakat hukumatga taalluqli”, dedi Umida Niyozova.

O‘zbekistondagi majburiy mehnat sxemasi. O‘zbekiston-Germaniya forumi saytidan olindi.

O‘zbekistondagi majburiy mehnat sxemasi. O‘zbekiston-Germaniya forumi saytidan olindi.

O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatga chek qo‘yish haqida olgan majburiyatlariga qaramay byudjet tashkilotlari ishchilarining dala mehnatiga jalb etilishi har yili kuzatiladi.

Huquq faollari O‘zbekistonda hukumatning arzon paxta etishtirish istagi davlat idora-tashkilotlarining xodimlarini majburiy mehnatga olib chiqarilayotganining asosiy omili ekanini aytishadi.

Hozirga qadar jahon bo‘ylab 130dan ortiq shirkat O‘zbekistondagi majburiy mehnat mahsuli deb ko‘riladigan o‘zbek paxtasini sotib olishdan voz kechgan.

XS
SM
MD
LG