Линклар

O‘zbekistonlik taniqli qo‘shiqchi¸ "O‘zbekiston havo yo‘llari"ning sobiq rahbari Arslon Ro‘zmetovning jiyani, 28 yashar Jasur G‘oyipov MXXning Yunusoboddagi izolyatorida o‘zi ustidan sud boshlanishini kutmoqda. Ozodlikning O‘zbekiston prokuraturasidagi yana bir manbasining aytishicha¸ mamlakatda yetishtirilgan paxta xom-ashësi o‘g‘irlanishi yuzasidan 6 oydan beri davom etayotgan tergov davomida 15 kishi qo‘lga olingan va Jasur G‘oyipov ulardan biridir.

Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi manbasining aytishicha¸ qo‘shiqchi Jasur G‘oyipov noqonuniy paxta oldi-sotdisida ayblanmoqda.

- Mana qo‘limda ayblov hulosasi turibdi. G‘oyipov Jasur Mansurovich, 1988 yili Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent xalqaro aeroportida Respublika transport prokuraturasi tarafidan hibsga olingan. Hozir Yunusoboddagi MXX izolyatorida saqlanmoqda. G‘oyipov O‘zbekiston jinoyat kodeksinining olti moddasi bilan ayblanmoqda. Bular 242-modda (Jinoiy uyushma tashkil etish), 243-modda (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 246-modda (Kontrabanda) va 169-modda (O‘g‘rilik) bo‘yicha ayblovlar. Ayblanuvchi uzoq muddat davomida paxtani noqonuniy ravishda respublikadan olib chiqib ketish bilan bog‘liq uyushmaga a’zo bo‘lgan¸ deya bildirdi manba.

Ozodlikning O‘zbekiston prokuraturasidagi yana bir manbasining aytishicha¸ mamlakatda etishtirilgan paxta xom-ashësi o‘g‘irlanishi yuzasidan 6 oydan beri davom etayotgan tergov davomida 15 kishi qo‘lga olingan va ular orasida Jasur G‘oyipov ham bor.

- Jasur G‘oipov chet mamlakatdan kelaëtgan paytda Toshkent xalqaro aeroportida qo‘lga olindi. G‘oipov va uning sheriklari paxtani oldin Qozog‘istonga noqonuniy olib chiqishgan¸ keyin esa bu paxta Rossiya va Malayziyaga sotilgan.Tergov deyarli tugadi. Erta-indin sud bo‘ladi¸ deydi manba.

Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra¸ «Noqonuniy paxta savdogarlari ishi Rossiya va Malayziya huquq-tartibot organlari bilan muvofiqlashtirilgan tarzda olib borilmoqda»

Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridagi manbasining aytishicha «paxta o‘g‘irligi oqibatida davlatga 14 million AQSh dollari hajmida zarar keltirilgan»

Ozodlik bu ma’lumotni rasman tasdiqlata olmadi.

G‘oipovning yaqinlari Ozodlik bilan suhbatda «Jasur G‘oipov paxta savdosi bilan qonuniy savdo qilaëtganiga ishonib, boshqalar ta’siriga tushganligini» aytishdi.

«Paxta ishi» Ro‘zmetovlar sulolasi taqdirida

Jasur G‘oipov 1983 yilda «Paxta ishi» da ayblanib SSSR prokuraturasi tergovchisi Telman Gdlyan tarafidan qo‘lga olinayotgan paytda o‘zini pichoqlab o‘ldirgan Qashqadaryo viloyat obkomining birinchi kotibi, Sotsialistik mehnat qaxramoni Ro‘zmat G‘oipovning nevarasidir.

Ro‘zmat G‘oipovning o‘g‘li "O‘zbekiston havo yo‘llari"ning sobiq raisi Arslon Ro‘zmetov 2008 yili iqtisodiy jinoyatlar bilan hukm qilinib qamoqda o‘lgan edi.

Bu sulolaning yana bir vakili O‘zbekistondagi ilk hard rock musiqa guruhi asoschisi Davron G‘oyipov 1983 yilda “paxta ishi” doirasida sud qilinib, 5 yil Rossiyaning Angarsk qamog‘ida jazo o‘tagan edi.

Taqdir taqozosi bilan bobosi va tog‘asi kabi “paxta ishi” da ayblangan Jasur G‘oyipov o‘zbek¸ rus va ingliz tilidagi 16 trekdan iborat «Bu yomg‘ir emas» albomi bilan mashxur bo‘lgan edi.

Jasur G‘oipov Toshkent yuridik institutini tugatgan. Ayni institutning «Do‘stona bu makon» degan gimni ham G‘oipovga oid.

G‘oipov katta iqtisodiy jinoyatda ayblanib MXX yerto‘lasida so‘roq qilingan O‘zbekistondagi ikkinchi qo‘shiqchidir.

Bundan oldin DADO guruhi solisti Rustam Madumarov iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib jazoga tortilgan edi.

XS
SM
MD
LG