Линклар

Rossiya fan va ta’lim vazirligi imtihon topshirishlaridan oldin mehnat muhojirlarini daktiloskopiya qilish - barmoq izlarini olishni qonunga kiritmoqchi. Ushbu taklif, vazirlik rasmiylariga ko‘ra, muhojirlarning imtihon topshirishda hiyla-nayrang ishlatishlariga yo‘l bermaydi.

Oldinroq Moskva shahar sudi kelayotgan Markaziy Osiyo vatandoshlari uchun daktiloskopiya qo‘llash loyihasini qabul qilgandi. Rasmiylar fikrlaricha, ushbu tadbirlar jinoyatchilikning oldini olish va nolegal muhojirlarni aniqlashni osonlashtiradi.

Muhojirning barmoq izlari kimga kerak

Rossiya fan va ta’lim vazirligiga ko‘ra, hozirda imtihon topshirishga kelgan muhojirning shaxsiyatini tegishlicha aniqlashga ahamiyat berilmaydi. Ayrim hollarda bir shaxs o‘rniga unga o‘xshash boshqasi kirib imtihon berish hollari uchramoqda. Rasmiylar fikricha, barmoq izlarini olish tadbiri bunday firibgarliklarga to‘siq yasaydi.

Chet elliklardan Rossiyada qonuniy ishlashlari uchun patent yoki ishga ruxsatnoma olish talab etiladi. Buning uchun ular rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirishi shart.

Biroq, Moskva qurilish inshootlarining birida ishlayotgan o‘zbekistonlik Otanazar Ozodlik bilan so‘hbatda imtihon topshirish paytida muhojirlar tomonidan biror firibgarlikni sezmaganini aytadi.

- Yo‘q, imtihonda firibgarlik qilish hollari haqida eshitmaganman. Imtihonni shaxsan o‘zim topshirganman. Rossiyaga birinchi kelishim. Doim bir tsexning ichida ishlayman, tashqariga juda kam chiqaman. Imtihonga kelishimdan oldin O‘zbekistonda tayyorlanganman. Rossiyada migratsiya qonunlari o‘zgargani, imtihon topshirish kerakligini eshitib, internetdan shu mavzudagi maqolalarni topib, o‘qigandim. 2-3 oy tayyorlandim imtihon topshirish uchun, deydi Otanazar.

Daktiloskopiya jinoyatchilikni kamaytiradi...mi?

O‘z nomini oshkor etmasligni so‘ragan bir qancha mehnat muhojiri imtihonga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, barcha savollarga to‘g‘ri javob berishganiga qaramasdan, imtihondan o‘ta olmagani va ikkinchi marotaba vositachilarga pul to‘lab ijobiy baho olishganini aytishdi.

Moskvadagi migrantlar huquqlarini himoya qiluvchi “Tong Jahoni” nodavlat notijorat tashkiloti direktori Valentina Chupik Ozodlik bilan suhbatda ta’kidlashicha, Rossiya migratsiya idorasi amaldorlari faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlashadi.

- Muhojirlardan barmoq izlarini olish Migratsiya departamentini qiziqtirmasligi kerak. Eng avvalo, imtihon beruvchining Rossiyaga kirishiga taqiq qo‘yilgani yo qo‘yilmaganini tekshirishlari uchun imtihon olish markazlariga xorijliklarga doir ma’lumotlar bazasi berilishi kerak. Chunki juda ko‘p hollar uchraydiki, mehnat muhojiriga soliq, imtihon, sug‘urta va boshqa to‘lovlarni to‘lab, imtihon topshirgandan so‘ng patent berilmaydi. Sababi - imtihon topshirgan shaxsning Rossiyaga kirishiga ta’qiq qo‘yilganidir. Har bir mehnat muhojiri patent uchun hujjat topshirishidan oldin qonunni buzgani yo buzmaganiga tekshirilishi kerak. Bu narsa Rossiyada migratsiya qonunchiligining noto‘g‘ri va insonlarga qarshi qaratilganining yaqqol dalili, dedi ekspert Valentina Chupik.

Muhojirlarni imtihon topshirishdan oldin barmoq izlarini olish yangi qonuni 2019 yil yanvaridan boshlab kuchga kirishi belgilangan.

Bundan qariyb bir oy oldin Moskva shahar sudi Rossiya poytaxtiga kelayotgan Markaziy Osiyo vatandoshlaridan barmoq izlarini olish taklifini qabul etdi.

Hozirda Moskva va Sankt-Peterburg kabi yirik shaharlar aeroportlarida barmoq izlari olinadi. Biroq, temir yo‘l va avtovokzallar dadaktiloskopiya qilish yo‘lga qo‘yilmagan.

Moskva rasmiylari har yili Rossiya qonunlarini bo‘zgan 70 mingdan ortiq muhojir ishi ko‘rib chiqilayotgani va bu hakamlar uchun katta qiyinchilik ekanligini urg‘ulashadi.

Sud mulozimlariga ko‘ra, reydlar paytida qo‘lga olingan ko‘pchilik muhojirlar qo‘lida biror hujjat yo‘q. Ayrim hollarda hujjatsiz muhojirlar o‘zlarining haqiqiy ism shariflarini aytmay, birovning familiyasi ostida chegaradan chiqarib yuboriladi. Buning oqibatida, begunoh insonlarga ziyon yetkazilishi mumkin.

Bundan tashqari rasmiylar deportatsiyaga tushgan bazi muhojirlar o‘z ism shariflarini o‘zgartirib, qaytadan Rossiyaga kelish hollari ham uchrayotganini tilga olishadi.

Tojikistonlik Toshtemirning fikricha, oldingi yillarga qaraganda bunday hollar ancha kamayib qolgan.

- Men bilgan ba’zilar nochorlikdan kelayapti, ba’zilarini ushlab, yana qayta deportatsiya qilishayapti. Oldinlari pasportdagi familiya va ismini o‘zgartirib kelayotganlar ko‘p edi, hozir juda kamaygan. Chunki oldinlari barmoq izlari umuman olinmasdi, hozir patent olishda, albatta, barmoq izlari olinadi. Pasportida nomini o‘zgartirib kelgan taqdirda, patentga topshira olmaydi. Hech yerda qonuniy ishga kirolmaydi. Baribir bir kun emas, bir kun qo‘lga tushadi va oqibati batarroq bo‘lishi mumkin, deydi Temur.

"Daktiloskopiya -poraxo‘rlikni kuchaytiradi"

Qator ekspert va huquq faollari fikrlaricha, Rossiyada daktiloskopiya qilish jinoyatchilikni oldini olishga emas, balki korrupsiya rivojlanishiga qaratilgan.

Huquq faoli Valentina Chupik ushbu aqida tarafdorlaridan biri. Uning fikricha, muhojirlarni daktiloskopiya qilish biror ijobiy natija bermaydi.

- Rossiyada daktiloskopiya qilingan muhojirlardan faqat va faqat deportatsiya qilingan va malakatdan majburiy chiqarib yuborilganlar barmoq izlari saqlanadi. Boz ustiga, ma’lumotlar bazasida muhojirlardan olingan barmoq izlari jinoyat sodir etganlar barmoq izlari bilan birlashtirilmagan. Umuman daktiloskopiya yangi ish o‘rinlari va yangi navbatlar yaratishga qaratilgan bo‘lib, korupsiyaning kuchayishiga yo‘l ochadi, dedi Valentina Chupik.

Rossiya rasmiylari ushbu tanqidlarni asossiz deya rad etib keladi. Mulozimlar 2015 yilda Pulkovo aeroportida Rossiyaga kirishi taqiqlanganidan keyin ismini o‘zgartirib qaytib kelishga uringan 173 chet ellik daktiloskopiya yordamida qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

Rossiyada mehnat muhojirlaridan barmoq izlarini olish 2013 yilda joriy etilgan. Qonunga muvofiq, barmoq izlari shaxsning 80 yoshga to‘lishi bilan yo‘q qilinadi.

XS
SM
MD
LG