Линклар

G. Karimovaniki ekanligi aytiladigan Takilant shirkatining 135 million dollari musodara qilindi


Shved jurnalistlari Takilantni Gulnora Karimovaga bog‘lovchi sxemani 2012 yilgi hujjatli filmda jamoatchilikka oshkor qilgan edi.

Shved jurnalistlari Takilantni Gulnora Karimovaga bog‘lovchi sxemani 2012 yilgi hujjatli filmda jamoatchilikka oshkor qilgan edi.

20 iyul kuni Hollandiyaning Amsterdam shahri mahkamasi "O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qiziga aloqador Takilant Ltd. shirkatini VimpelCom Ltd. and Telia AB shirkatlaridan simsiz chastotalar uchun katta miqdorda pora olishda aybdor", deb topdi. Sud hukmi bilan Gibraltarda ro‘yxatga olingan Takilant shirkatining xorij banklaridagi 135 million dollar puli musodara qilinadigan bo‘ldi.

Musodara barobarida Takilant shirkati 1¸6 million yevro jarima to‘lashga ham hukm qilindi.

Sud qarori AQSh, Hollandiya, Shvetsiya va Shveytsariya prokuratura tizimlarining bir necha yillik keng ko‘lamli tergov-tekshiruvlarning bir qismidir.

Tekshiruvlar VimpelCom, Telia va Mobile TeleSystems PJSC mobilь shirkatlari O‘zbekistonga sarmoya kiritish va biznes yuritish uchun pora bergani haqidagi da’volar ortidan boshlangan edi.

Sud hujjatlari va mazkur ishdan xabador shaxslarning Bloomberg agentligiga bildirishicha, da’volar markazida Gulnora Karimovaga aloqador Takilant faoliyati turadi va hozirda AQSh hukumati ham Gulnora Karimova nomini alohida qayd etgan holda¸ Takilant shirkatining 550 million dollardan ortiq pulini musodara qilish harakatini davom ettirmoqda.

20 iyul kungi hukmi bilan Amsterdam sudi Takilant shirkatini poraxo‘rlik va hujjatlarni soxtalashtirishda aybdor deb topdi.

Ayni paytda¸ VimpelCom va Telia tomonidan pora sifatida berilgan pullarning jinoiy yo‘llar bilan to‘planganiga oid dalillar yo‘qligi bois¸ mahkama Takilantga qo‘yilgan pul yuvish ayblovlari sud jarayonida o‘z tasdig‘ini topmadi¸ degan xulosaga keldi.

O‘zbek prezidenti to‘ng‘ichiga mamlakat telekommunikatsiya bozoriga kirish uchun katta miqdorda pora bergani sudda isbotini topgan Shvetsiya va Hollandiya telekom shirkatlari hozircha Amsterdam mahkamasi hukmini izohlashdan bosh tortdi.

Gibraltarda qayddan o‘tgan Takilant shirkatining egasi sifatida Gulnora Karimovaning shaxsiy yordamchisi Gayane Avakyan O‘zbekiston mahkamasi hukmi bilan iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib¸ uzoq yillik qamoqqa hukm etilgan.

Gulnora Karimovaning fuqaroviy yeri ekani aytiladigan qo‘shiqchi¸ offshor hududlardagi qator shirkatlar sohibi Rustam Madumarov ham 2014 yili O‘zbekiston harbiy sudi tomonidan odam o‘g‘irlaganlik ayblovi bilan uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm etilgan.

Norasmiy manbalarga ko‘ra¸ Gulnora Karimovaning o‘zi O‘zbekistonda uy qamog‘ida saqlanmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG