Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:57

Yerevanda “Ta’sis qurultoyi” tarafdorlarining namoyishi tarqatildi


Erebunidagi namoyish ishtirokchilarining politsiya bilan to‘qnashuvi, Yerevan, 2016 yil 20 iyuli.
Erebunidagi namoyish ishtirokchilarining politsiya bilan to‘qnashuvi, Yerevan, 2016 yil 20 iyuli.

Armaniston poytaxti Yerevanda 21 iyul tongida politsiya qurollangan shaxslar tomonidan egallab olingan qorovul xizmati polki binosi oldida o‘tayotgan norozilik aksiyasi ishtirokchilarini tarqatib yubordi.

Ozodlik radiosi arman xizmati xabariga ko‘ra, amaliyot oldidan politsiya mitingchilarni namoyish tarqatilishi haqida ogohlantirgan. “Novosti – Armeniya” agentligi huquq-tartibot idoralari xodimlari namoyishni tarqatish chog‘ida maxsus vositalarni ishga solmaganini xabar qildi.

Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, namoyishni tarqatish chog‘ida 50 chog‘li kishi – kechagi norozilik namoyishidan keyin bu erda qolgan odamlarning qariyb hammasi qo‘lga olingan.

Eslatib o‘tamiz, kecha Yerevanning Erebuni mavzedagi politsiya uchastkasida bir necha kishini garovda ushlab turgan qurolli muxolifatga tarafdor o‘nlab kishi politsiya bilan to‘qnashgandi. Bunga norozilarning binoni egallab olgan shaxslarga yegulik olib kirib berish talabi rad etilgani sabab bo‘lgan.

Namoyishchilar qurollangan politsiyachilarni toshbo‘ron qilganlar, politsiya esa olomonga qarshi shovqinli bomba va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan.

Xabarlarga ko‘ra, kuch ishlatar tizim xodimlarining bir qanchasi umumiy guruhdan ajralib, namoyishchilarni ta’qib qila boshlagan. Ozodlikning arman xizmati muxbiri asfalьtda qon izlarini ko‘rganini xabar qiladi. Yuzi qonga bo‘yalgan qari odam rezina tayoqdan zarba eganini aytgan. To‘qnashuv joyiga kamida ikkita tez yordam mashinasi etib borgan.

Yarim tunga borib huquq-tartibotchilar vaziyatni nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘lganlar.

Armaniston Sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Yerevandagi to‘qnashuvdan so‘ng 45 kishi turli darajadagi jarohatlar bilan kasalxonaga olib kelingan. Ulardan 25 nafari politsiyachi ekani aytilmoqda.

17 iyul kuni ertalab “Ta’sis qurultoyi” muxolifatchilar guruhi muvofiqlashtiruvchisi Jirayr Sefilyan tarafdori bo‘lgan qurolli kishilar Yerevandagi qorovul polki shtabi binosini egallab olgandilar. Hujum chog‘ida polk komandirining muovini Artur Vanoyan o‘ldirilgan va yana to‘rt nafar politsiyachi yaralangan.

Hozirda hujumchilar to‘rt kishini garovda ushlab turishibdi hamda o‘tgan oy davlat to‘ntarishini amalga oshirishga hozirlanganlikda ayblanib, hibsga olinmish Sefilyanning ozod etilishini talab qilishayapti.

Jirayr Sefilyan siyosiy mahbus ekanini aytayotgan bu odamlar Armaniston prezidenti Serj Sargsyan iste’foga ketishi lozimligini ham urg‘ulamoqdalar.

Hujumchilarning arman rasmiylari bilan o‘tkazgan muzokaralaridan so‘ng dushanba va seshanba kunlari bir necha kishi ozod qilingan.

XS
SM
MD
LG