Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:12

Uyining shiferini yangilamaganning tomorqasi tortib olinadi


Hokimlik bosimi ostida qolgan kambag‘al oilalarning o‘z uyi tomini bezatish uchun yerini sotishga majbur qolayotgani aytilmoqda.
Hokimlik bosimi ostida qolgan kambag‘al oilalarning o‘z uyi tomini bezatish uchun yerini sotishga majbur qolayotgani aytilmoqda.

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Kattaming qishlog‘idagi ikkita markaziy ko‘chada yashovchi aholi uylarining shiferlarini yangilash, devorlarini oqlash va uy oldiga 1,5 metrlik devor qurishga majburlanmoqda. Hokimlik mas’ullariga ko‘ra, bu "obodonlashtirish" O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligiga "25 ta ko‘cha" tadbiri doirasida amalga oshirilmoqda.

Kattaming qishlog‘ida yashovchilardan biri Ozodlikka murojaat qilib, uylarining shiferini yangilash majburiyati ostida qolganliklaridan shikoyat qildi:

“Bizga hokimiyatdan buyruq tushgan. Eski shiferlar olinib, o‘rniga profnastil shiferlaridan qo‘yish kerak va 1,5 metr balandlikda shlakoblokdan zabor qilinishi ham kerak emish. Bu faqatgina yo‘lning ustida yashovchilarga taalluqli ekan. Biz yo‘lning ustida turamiz. Hozir odamlar sarosimaga tushib qolgan. Nima qilarini bilmayapti. Hammaning boshi qotgan”, deya yozdi kattaminglik yigit.

Uning aytishicha, hokimlik topshirig‘ini bajarmaganlarga tomorqasini tortib olish bilan tahdid qilinmoqda.

“Hokimiyatdan odamlar kelib, shiferni almashtirasan deb buyruq berdi va do‘q-po‘pisa ham qildi. Hokimlik topshirig‘ini rad etganlarni “Agar almashtirmasang, tomorqangdan foydalanmaysan, biz uni sotamiz” deb qo‘rqitishdi. Shiferni almashtishga puli yetmaganlarning tomorqasini majburlab sotib, puliga shifer qilib berayapti. Bu xalqqa jabr emasmi? Odamlar ko‘p iztirob chekayapti”, deydi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda kattaminglik yigit.

Kattaqo‘rg‘ondagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, Kattaming qishlog‘idagi 100dan ziyod xonadon o‘z uyini ta’mirlash va uy atrofini obodonlashtirishga majburlanmoqda.

“Bu topshiriqni 100 foiz hamma bajarishi shart ekan. Har bir uy uchun alohida-alohida loyiha qilingan. Hozir shiferlar buzilayapti. Lekin hali bo‘yash ishlari boshlanmadi”, deydi kattaqo‘rg‘onlik.

Ayni manbaga ko‘ra, Kattaming qishlog‘ida bu tadbirlar 20 kun avval boshlangan, Mo‘minxo‘ja qishlog‘ida esa bu jarayon yakuniga etgan.

““Kattaming qishlog‘iga qo‘shni Mo‘minxo‘ja qishlog‘idagi 35ta xonadonda ta’mirlash ishlari yakunlandi. Qishloqning markaziy ko‘chasidagi bu uylarning hammasining shiferlari olib tashlanib, o‘rniga cherepitsadan qizil va yashil rangli shiferlar qilindi. Uylar oqlanib, uning atrofida obodonlashtirish ishlari olib borildi. Ko‘chadagi yo‘l asfalt ham qilindi. Lekin odamlar ancha qiynaldi”, dedi vaziyatni o‘rgangan Ozodlik manbasi.

Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Kattaming qishloq fuqarolar yig‘inida joylashgan Kattaming va Minorxo‘ja qishlog‘idagi ikkita markaziy ko‘chada olib borilayotgan ta’mirlash ishlari maxsus loyiha asosida amalga oshirilmoqda.

“Mustaqilligimizning 25 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bu. Hech kim majburlanmadi. Hamma o‘z xohishi bilan qilayapti. O‘zi yashaydiku bu uyda. Mana Mo‘minxo‘jada 1 avgust kuni ochilishi marosimi bo‘ladi. Ta’mir ishlari o‘tgan ko‘chada barcha maishiy xizmat shoxobchalari ham ishga tushiriladi. Choyxona, dorixona bor. Siz bir borib ko‘ring, qishloqning qanday o‘zgarganini ko‘rasiz”, deydi hokimlik mas’ullaridan biri.

Ma’lum bo‘lishicha, Kattaming va Mo‘minxo‘ja qishloqlaridagi ikkita ko‘chada bo‘layotgan ta’mirlash ishlari mamlakatning boshqa joylarida ham amalga oshirilayapti.

Ushbu tadbirlar O‘zbekiston Mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan har bir shahar va tumanda 25 tadan namunali ko‘cha tashkil qilish loyihasi asosida amalga oshirilayapti.

Ushbu loyiha ko‘ra, uylar ta’mirlanib, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib boriladi.

Joriy oy boshidan Toshkent shahrida ushbu loyihani amalga oshirish uchun "50 obodlik kuni" nomli aksiya e’lon qilindi. Aksiya munosabati bilan hokimlik saytida e’lon qilingan murojaatda poytaxtliklardan har tumandan bayramga qadar 25 ta ko‘cha va bolalar o‘yingohini tozalash va ta’mirlash so‘raldi. Murojaat mazmuniga ko‘ra, ta’mirlash ishlari xalqning xayr-ehsoni hisobidan qilinishi lozim.

XS
SM
MD
LG