Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:00

“Tojikiston O‘zbekiston bosh vaziri maktubini e’tiborsiz qoldirishi mumkin”


Rog‘un GESi to‘g‘oni qurilishi. 2011 yil 13 oktyabrda olingan surat.
Rog‘un GESi to‘g‘oni qurilishi. 2011 yil 13 oktyabrda olingan surat.

Tojikistonlik energetiklar va ba’zi tahlilchilar O‘zbekistonning Rog‘un GESi qurilishiga qarshi navbatdagi e’tirozlarini asossiz deb hisoblamoqda. O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoev kuni kecha yo‘llagan xati bilan tojikistonlik hamkasbi Qohir Rasulzodani Rog‘un GESi qurilishining tuzatib bo‘lmas oqibatlari to‘g‘risida ogohlantirgan edi.

“Barqi tojik” energoxoldingining sobiq rahbari Bahrom Sirojov 21 iyul kuni Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi tojik xizmati savollariga javob berarkan, “Jahon banki ekspertlari o‘tkazgan tadqiqotlaridan so‘ng Rog‘un loyihasining xavfsiz ekanligini tasdiqlagan va shuning uchun tashvishlanishga asos yo‘q yo‘q”, dedi.

Bahrom Sirojov Jahon banki 2008 dan 2014 yilgacha Rog‘un GESi quriladigan joyda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslamasi hamda ekologik ekspertizasini o‘tkazganini eslatdi.

Aytishicha, u o‘sha davrda Jahon banki ekspertlari guruhi bilan hamkorlik qilgan. Sirojovga ko‘ra, tilga olingan moliyaviy tashkilot 2014 yilning avgustida Rog‘un GESi qurilishi ekologik va iqtisodiy xavfsizlikka tahdid solmaydi va shuning uchun Tojikiston GES qurilishini davom ettirishi mumkin, degan xulosaga kelgan.

- Ekspertiza o‘tkazishga Yevropadagi taniqli kompaniyalar – Fransiyadagi “Koen et Belier” va Italiyadagi “Elektrokonsalting” kompaniyalari ishtirok etgan. Loyihaning iqtisodiy jihatlarini britaniyalik mutaxassislar o‘rgangan. Tadqiqot natijalaridan kelib chiqib, ular loyihani qayta tiklash mumkin, degan xulosaga kelgan. Ular tahdid ehtimollarini puxta o‘rganib, tashvish uchun sabab yo‘q degan, dedi Sirojov.

Iqtisodiy masalalar bo‘yicha tojikistonlik tahlilchi Zafar Abdulloev ham “Barqi tojik” energoxoldingining sobiq rahbari Bahrom Sirojovnikiga o‘xshash fikr bildirdi.

Uning fikricha, Jahon bankining Rog‘un GESi qurilishi mintaqaning ekologik xavfsizligiga tahdid solmasligi to‘g‘risidagi xulosasidan so‘ng O‘zbekiston tomonining e’tiroz bildirishi o‘rinsizdir.

- Nufuzli xalqaro ekspertlarning bunday xulosalari bilan Tojikiston O‘zbekiston bosh vazirining maktubini e’tiborsiz qoldirsa ham bo‘laveradi, dedi Abdulloev.

Lekin u O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning Tojikiston energiyaning muqobil manbalarini izlash, shu jumladan kichik GESlar qurish, quyosh energiyasidan foydalanish kabi tavsiyalari mantiqli ekanligini tan oldi.

O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoev tojikistonlik hamkasbi Qohir Rasulzodaga 19 iyul kuni yo‘llagan xatida Dushanbe bilan Italiyadagi Salini Impregilo S.p.A kompaniyasi o‘rtasida Rog‘un GESi qurilishini davom ettirish va uning birinchi navbatini 2018 yilda foydalanishga topshirish yuzasidan shartnoma imzolanganidan tashvish bildirgan.

“Tojikiston hukumatining nima qilib bo‘lsa ham Rog‘un GESi qurilishini davom ettirishdagi qat’iyati Tojikiston tomonidan olinayotgan tavakkalchilik qadamlari tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfli va tuzatib bo‘lmas oqibatlardan xavotir hissini paydo qilmay qo‘ymaydi”, deyilgan O‘zbekiston bosh vaziri maktubida.

Toshkentlik ekspert Farhod Tolibov O‘zbekiston hukumati Rog‘un GESi yuzasidan o‘z tashvishini Dushanbega birinchi marta bildirmayotganini eslatib o‘tdi. Keyingi yillarda Toshkent Dushanbega bir necha bor murojaat qilgan va ularda ham Rog‘un loyihasining xavflari to‘g‘risida aytilgan.

- Bu Rog‘unning mintaqa xavfsizligiga tahdid solishi to‘g‘risida bizning ekspertlar fikrlari bilan asoslangan va avval ham bir necha bor bildirilgan e’tirozlardir. Bunday e’tirozlar yillardan beri aytilmoqda. Mohiyatan bu yerda yangi gap yo‘q. O‘zbekiston bunday xatlar bilan mazkur muammoga e’tibor qaratmoqchi, dedi Farhod Tolibov.

Tahlilchilar o‘zbek-tojik munosabatlari keyingi oylarda, ayniqsa Shanxay hamkorlik tashkilotining 23-24 iyun kunlari Toshkentda o‘tgan sammiti doirasida ikki davlat yetakchilari uchrashuvidan so‘ng biroz iliqlashganini e’tirof etmoqdalar.

Markaziy Osiyodagi ikki yirik daryoning quyi qismida joylashgan davlatlardan biri bo‘lgan O‘zbekiston daryolar boshidagi davlatlarning gidroenergetik inshootlar qurishiga qarshi bo‘lib kelmoqda. Gap Tojikistonning Vaxsh (Amudaryoga quyiladi) daryosida Rog‘un va Qirg‘izistonning Norin (Sirdaryoga quyiladi) daryosida Qambarota GESlari qurilishi ustida bormoqda.

O‘zbekiston o‘zning qat’iy pozitsiyasini bu inoshootlar qurilgan taqdirda mintaqada suv taqchilligi yuzaga keladi, degan fikr bilan izohlab keladi.

Biroq Qirg‘iziston energetika va sanoat vazirining sobiq o‘rinbosari Raximbek Mamirovning aytishicha, mintaqadagi mamlakatlarning suv ta’minoti davlatlararo shartnomalar bilan tartibga solinadi.

Tojikistondagi Nurek va Qirg‘izistondagi To‘qtag‘ul gidroelektrostantsiyalari tog‘li hududlarda qurilgan bo‘lib 40 yildan buyon ishlamoqda.

Ikkala gidroinshoot ham Sovet davrida qurilgan bo‘lib, qo‘shni respublika rahbariyatining bu qurilishlarga e’tiroz bildirgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

Tojikiston rahbariyati Rog‘un GESi to‘g‘onini 335 metrga ko‘tarmoqchi. Agar to‘g‘on shu balandlikda barpo etilsa, hosil bo‘ladigan suv omborida 13,3 mlrd kub metr suv to‘planadi. Qiyoslash uchun: mavjud Nurek GESi to‘g‘oni balandligi 300 metr bo‘lib, suv omborida 10 mlrd kub metr suv to‘planadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Rog‘un GESi loyihada nazarda tutilganday qurilsa va umumiy quvvati 600 MVtni tashkil qiluvchi 6 ta gidroagregat to‘la quvvat bilan ishga tushsa, 3600 MVt elektr quvvati ishlab chiqarishi mumkinki, bu 3 ta yadro reaktori quvvatiga tengdir.

Ayttilishicha, Rog‘un GESi qurilishini oxiriga etkazish uchun yollangan "Salini Impregilo" kompaniyasi gidroenergetik inshootlar qurish tajribasiga ega. Kompaniya shu paytgacha Efiopiyada qurgan qiymati 2,8 mlrd. dollarlik GES 2200 MVT elektr quvvati ishlab chiqarmoqda.

XS
SM
MD
LG