Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:05

Tergov Ahmadboydan foizga pul olganlarni qidirmoqda


Ahmadboyning Chinozda uyi shu kunlarda ship-shiydon qilingan va undagi jihozlar Bekobod metallurgiya kombinati omboriga tashilgan.
Ahmadboyning Chinozda uyi shu kunlarda ship-shiydon qilingan va undagi jihozlar Bekobod metallurgiya kombinati omboriga tashilgan.

Qator moliyaviy jinoyatlarda ayblanib hibsga olingan chinozlik Ahmad Tursunboevning mol-mulkini xatlagan tergov tizimlari¸ endilikda kreditorlar pulini Ahmadboydan 40-50 foizlik ustama bilan olgan tadbirkorlarni so‘roqqa chaqirmoqda. Ahmadboyning xatlangan mol-mulkiyu¸ to‘planayotgan naqd pullarning kreditorlarga qaytarilish-qaytarilmasligi esa¸ sud hukmiga bog‘liq qolmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda o‘zini Ahmadboyning qo‘shnisi deb tanishirgan chinozliklardan biri¸ pul va mashinalarini talab qilib borgan kreditorlar Ahmad Tursunboevning uyi joylashgan Olmazor qo‘rg‘oniga kiritilmasdan qaytarib yuborilayotganini aytadi:

- O‘tgan kuni Ahmadboyning uyidagi mebel¸ elektronika va boshqa jihozlarni mashinaga yuklab olib ketishdi. Uyni militsiya qorovullab turibdi. Bir-ikki odam baqir-chaqir qilib uyiga o‘t qo‘ymoqchi bo‘luvdi¸ shuning uchun militsiya tartib o‘rnatgan¸ deydi suhbatdosh.

Ayni paytda¸ Ozodlikka kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra¸ Ahmadboyning yaqinlari va qarindoshlari undan yuz o‘gira boshlagan. Ahmadboy bilan birga tushgan videosi tarqalgan qo‘shiqchi Dilfuza Ismoyilova mahalliy matbuotga uzoq qarindoshi bo‘lgan Ahmadboy bilan aloqani uzganligini bildirgan.

Xatga tushding - o‘tga tushding

Huquq-tartibot organlaridagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ Ahmadboyning mol-mulki hali musodara qilinmagan¸ balki xatlangan:

- Musodara qilish va kreditorlarga pul qaytarish masalasini sud alohida ajrim qilib chiqaradi. Hozir tergov ketayapti. Ahmadboyni uyidagi mashinalar¸ ba’zi qimmatbaho jihozlar vaqtincha Bekobod metallurgiya zavodi omboriga olib borib qo‘yildi. Bilasiz¸ pulini olmagan odamlar Ahmadboyning uyiga hujum qilishi mumkin. Bunaqa istalmagan holllarning oldini olish maqsadida xatlangan mol-mulkni saqlash masalasi organlarga yuklatildi¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlik bilan suhbatda o‘zini Rixsitilla deb tanishtirgan Ahmadboy kreditorlaridan biri Chinoz hokimiyatiga borib puli qaytarilishini talab qilganini aytadi:

- Bir kun kutdim¸ ikki kun kutdim. Bir oydan oshdi. Men Chinoz tumani hokimligi idorasiga borib¸ Ahmadboydan olgan jetonimni ko‘rsatib pulimni qaytaringlar¸ bo‘lmasa o‘z jonimga qasd qilaman¸ dedim. Ular biz shug‘ullanmaymiz bu bilan¸ deb meni qaytarib yuborishdi. Men to‘g‘ri Ahmadboyning uyiga bormoqchi bo‘lsam¸ ko‘chasiga ham kiritishmadi. Televizorda ko‘rdik - shuncha dollarlarni olib qo‘yishdi. Shu pullarni ega-egalariga bersinda endi¸ deydi Ahmadboy kreditorlaridan biri.

Pul qaytadimi¸ yo‘qmi?

Ahmad Tursunboevning o‘zi ayni paytda Yangiyo‘ldagi tergov izolyatorida hibsda qolar ekan, Chinoz hokimiyati yoki Chinoz tuman prokuraturasi norozi kreditorlar mulki qaytarilish-qaytarilmasligi haqida jamoatchilikka ma’lumot bermayapti.

Huquq-tartibot organlaridagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ Ahmadboydan musodara qilingan 13 milliard 138 million so‘m va 7 million 900 ming AQSh dollar kreditorlar qarzini qaytarishga etmaydi:

- Qo‘limizdagi ma’lumotga ko‘ra¸ 45 ming kishi pul bergan. Ularning o‘ndan biriga ham yetmaydi bu pul. Har kuni shu savolga javob berayapmiz. Pul qaytariladimi¸ degan savolga. Yana aytaman¸ sud qaror chiqaradi bu borada. Ana shundan keyin sud ijrochilari Ahmadboy mol-mulklarini sotib davlatga topshiradi. Agar sud o‘z qarorida "jabrlanuvchilarga zarar qaytarilsin"¸ desa bu ham belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Yana bir tarafi bor - Ahmadboy ham foiz evaziga odamlarga pul bergan. Ularni ham topib Ahmadboydan olgan pulini qaytartiramiz. Sabr qilib turishsin¸ hal bo‘ladi bu masala. Lekin faloncha beruvdim¸ shuni darrov olamanu qo‘ltig‘imga tiqib ketaman¸ degan jo‘n echimi yo‘q bu masalaning¸ deydi manba.

Tergov amnistiya e’lon qilingunga qadar davom etishi mumkin

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, 16 iyun kuni qo‘lga olingan Chinoz "Avto Hamkor" shirkati rahbari 38 yashar Ahmad Hamidovich Tursunboev ustidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar etkazish) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Shuningdek Tursunboev 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bo‘yicha ham ayblanmoqda.

Ozodlik manbalaridan birining aytishicha Ahmadboy ustidan ochilgan ish¸ atayin sust yuritilmoqda:

- Avgust oxirida mustaqillikning 25 yilligiga bag‘ishlangan oltin amnistiya kutilmoqda. Agar Ahmadboy ishi amnistiya moddasiga to‘g‘ri kelsa¸ tergov harakatlari to‘xtab¸ asosiy ayblanuvchi ozod bo‘lishi mumkin deydi manba.

Ozodlik ixtiyorida hozircha Mustaqillik bayrami munosabati bilan amnistiya e’lon qilinishi¸ e’lon qilingan taqdirda¸ uning Ahmad Tursunboev kabi og‘ir moliyaviy jinoyatlarda ayblanaëtganlarga nisbatan qo‘llanish-qo‘llanmasligi haqidagi rasmiy ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG