Линклар

Qashqadaryoda yer evaziga pora talab qilgan hokimlik rasmiysi qo‘lga olindi. Toshkentda “qora zargar”lardan 8 milliard so‘mlik xazina musodara etildi. Bezorilar “Afrosiyob” tezyurar poezdini toshbo‘ron qildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Fuqarodan yer evaziga pora, gazeta obunasi va metallom talab qilgan hokimlik vakili qo‘lga olindi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani hokimligi xodimi D. Bozorov poraxo‘rlik va boshqa qonunbuzarliklar uchun qo‘lga olindi (“Huquq”, 21 iyul). Fuqaro A. Alimov dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun yer ajratishlarini so‘rab, tuman hokimligiga murojaat qilgan. Hokimlikning qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi rasmiysi D. Bozorov esa yer ajratish evazishga 700 ming pora, shuningdek, metallom topshirish va ayrim gazetalarni majburiy obuna bo‘lishni talab etadi. Tafsilotlarga qaraganda, hokimlik vakili ko‘rsatilgan summadagi porani olayotganda ushlangan.

Toshkentda “qora zargar”lardan 50 kg oltin musodara qilindi

Toshkentda noqonuniy tilla savdosi bilan shug‘ullangan ikki jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi (“Darakchi”, 21 iyul). Ular tasarrufidagi 50 kilogrammdan oshiq oltin, 20 kilogrammdan ortiq kumush, 450 qirot olmos, yoqut, zumrad va boshqa qimmatbaho toshlar, jami 8,1 milliard so‘mlik xazina davlat foydasiga musodara qilingan. Ikki guruhga ham ayollar boshchilik qilgan. “Qora zargar”lar deb atalgan shaxslar O‘zbekistondan xorijiy valyuta olib chiqib ketib, Qirg‘iziston va Turkiyadan kontrabanda yo‘li bilan zargarlik buyumlari olib kelib sotgan. Jinoiy guruh a’zolariga tegishli jazo berilgani xabar qilingan.

“Afrosiyob” tezyurar poezdini toshbo‘ron qilgan bezorilar ushlandi

Joriy yilda Toshkent – Camarqand yo‘nalishida harakatlayotgan “Afrosiyob” tezyurar poezdini toshbo‘ron qilish bilan bog‘liq to‘rtta holat qayd etildi (“Postda”, 16 iyul). Transportdagi IIB vakili Avazbek Saydalievga ko‘ra, ushbu huquqbuzarliklarning uchtasi “issiq izi”da fosh etildi va aybdorlarga tegishli choralar ko‘rildi. Ma’lum qilinishicha, yil davomida temir yo‘l va uning atrofida xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan 1400 dan ortiq reyd o‘tkazilib, qidiruvdagi 681 nafar shaxs ushlandi va javobgarlikka tortildi.

Farg‘onadagi xufya ombordan Qizil kitobga kiritilgan sayg‘oqlarning 468 ta shoxi topildi

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi va MXX xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda yirik miqdordagi sayg‘oq shoxlari kontrabandasiga chek qo‘yildi (“Iste’molchi”, 20 iyul). So‘x tumanida yashovchi fuqaroga tegishli xufya ombordan ushbu noyob jonivorning 468 ta shoxi, 72 dona bo‘laklari va 170 ta terisi saqlanayotgani aniqlandi. Qizil kitobga kiritilgan sayg‘oq (oqquyruq)larni Vazirlar Mahkamasi ruxsati bilangina ovlash mumkin. Shunga qaramay, terisi va shoxlarini pullab mo‘may daromad qilish ilinjida noyob jonivorlarni zimdan ovlash holatlari uchramoqda. O‘zbekiston dunyoda sayg‘oqlar saqlanib qolgan beshta mamlakatdan biri sanaladi.

XS
SM
MD
LG