Линклар

O‘zbekistonliklar o‘zlarining plastik kartochkadan mamnunligiga ishonmayapti


O‘zbekiston respublikasi milliy banki plastik kartochkasi

O‘zbekiston respublikasi milliy banki plastik kartochkasi

Toshkentdagi “Ijtimoiy fikr” so‘rov markazi tadqiqotiga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning 98,9 foizi plastik kartochkadan foydalanishga ijobiy munosabat bildirgan. Markaz rahbari Marat Hojimuhammedovning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonning barcha viloyatlarida aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovdan so‘ng shunday xulosaga kelingan. Ayni paytda¸ Ozodlik so‘ragan vatandoshlarning aytishlaricha, aslida bu tadqiqot natijasi real hayotda aks natijani ko‘rsatadi.

O‘zbekistonliklar fikrini o‘rganish borasida yetakchi rasmiy guruh sanalgan “Ijtimoiy fikr” so‘rov markazining so‘nggi tadqiqoti xulosasiga ko‘ra¸ qariyb 99 foiz so‘ralganlar¸ “plastik kartochka to‘lovlarning juda qulay¸ bexavotir va ishonchli vositasi” ekanini aytgan.

Markazning yetakchi tadqiqotchisi Marat Hojimuhammedov Ozodlik bilan suhbatda aholining plastik kartochkaga bo‘lgan munosabatini tadqiq qilishda, uning o‘z funktsiyalarini qanchalik bajarayotgani har tomonlama o‘rganilganini aytadi:

- Plastik kartochka hozir ommaviy ravishda tadbiq qilingan va imkoniyati juda keng rivojlangan. Terminallar hamma joyda bor, odamlar barcha mahsulotlar va tovarlarni sotib olishlari mumkin. Biz O‘zbekistonning barcha viloyatlarida so‘rov o‘tkazganimizda aholining qariyb 99 foizi plastik kartochkadan mamnunligini izhor qildi, dedi markaz rahbari.

Ayni paytda¸ Ozodlik suhbatlashgan aholi vakillari, “Ijtimoiy so‘rov” kelgan xulosaning voqelikdan uzoq ekanini aytadilar.

Toshkentlik Abduqahhor Musaev, hozirgi O‘zbekiston sharoitida plastik kartochkalarning odamlar hayotiga keltirgan qulaylikdan noqulayligi ko‘proqdir:

- Ular odamlardan plastik karta haqida so‘rashganda, javoblarni noto‘g‘ri tushunishgan bo‘lsa kerak. Chunki, odamlarning 99 foizi plastik kartalardan norozi ekanliklarini aytgan bo‘lishiga men aminman. Buni axir hamma ko‘rib turibdiku, ko‘zlari ko‘r emasku. Bu plastik emas, bir balo bo‘ldi. Uni naqdlashtirish iloji bo‘lmasa, banklar pul bermasa, bozorga tushib ikki kilo kartoshka ololmasangiz, magazinlardan qimmat narxda mahsulot olishga majbur bo‘lsangiz, shumi qulaylik? Uyalmay-netmay, ko‘zingga qarab yolg‘on gapirishganiga hayron qolayapman, deydi Abduqahhor Musaev.

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yashaydigan pensioner Malik ota ham plastik kartochkadagi pulini naqdlashtirolmagani bois, nevaralariga hayitlik berolmaganidan xijolatda qolganini aytadi:

- Ro‘za hayitida nevaralarim kelishdi. Qo‘llariga bir-ikki so‘m hayitlik berolmaganimdan uyalib ketdim. Chunki plastik kartadagi pulni naqdlashtirishning iloji yo‘q. Terminali bor magazinlardan 20 foiz hisobiga naqd qilib olasiz. Agar bankdan olmoqchi bo‘lsangiz, ko‘pi bilan 50 ming so‘m beradi. Lekin buni olish uchun ertalab tong qorong‘usida borib navbat olishingiz va 7-8 soatlab kutib turishingiz kerak. Pensionerlarni shu ahvolga solib qo‘ygan davlatimizdan xafa bo‘lib ketayapman, dedi Murod ota.

"Ijtimoiy so‘rov” markazi tadqiqotchisi va so‘rov mualliflaridan biri Marat Hojimuhammedov Ozodlikka har kuni kelaëtgan bunday shikoyatlarni "bo‘rttirish" deya rad etishga urindi:

- Bir-ikkita bunday axborot kelsa, bu degani butun O‘zbekistonda shunday ekan deb tasavvur qilish kerak emas. Bu fan talablariga mos kelmaydigan narsa. Endi ayrim odamlar qandaydir muammolarga duch kelgan bo‘lishi mumkin, lekin bu ommaviy ravishda emas. Kartochka degani uni bankomat orqali naqdlashtirish degani emas. Avvalo kartochka odamlarga o‘z ehtiyojlarini hal qilish imkoniyat yaratib berayapti. Hamma joyda terminal bo‘lsa, naqd pulning nima keragi bor? Nima odamlar uni uyiga olib kelib tomosha qiladimi? dedi oddiy o‘zbekistonliklar shikoyatiga javoban Marat Hojimuhammedov.

Bu sotsiologning aytishicha, odamlar o‘z huquqlarini yaxshi bilishlari, plastik kartochka bilan bog‘liq muammolar yuzaga chiqqanda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘limlari va huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishlari kerak.

Bugunga kelib o‘zbekistonliklar maosh¸pensiya va nafaqalarini majburiy tarzda to‘lig‘icha plastik kartochkalarga o‘tkazish jaraëni qariyb nihoyalab qoldi.

Ayni paytda¸ prezidentning "Bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitob tizimini rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" qarorida plastik kartochkaga majburiy o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligi aytilgan.

XS
SM
MD
LG