Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:38

Janjal markaziga tushgan o‘zbekistonlik futbolchi Ilyos Zeytullaev Ozodlik orqali haqiqiy yoshini ochiqladi


Hafta boshida o‘zbekistonlik taniqli futbolchilar Ilyos Zeytullaev va Abbos Maxsitalievlarning pasportdagi yoshi ataylab yoshartirilgani bois O‘zbekiston Futbol federatsiyasida tekshiruv boshlangani to‘g‘risida xabar tarqadi.

Ayni paytda¸ muxolifatdagi O‘zbekiston xalq harakati Internet nashrida paydo bo‘lgan maqolada Ilyos Zeytullaevning Italiya futbol klublarida o‘ynashi taqiqlangani hamda Italiya elchixonasi sayyoh sifatida unga viza bermaydigan bo‘lgani to‘g‘risida yozildi.

Ilyos Zeytullaev ommaviy axborot vositalarida o‘zi haqida tarqab borayotgan bu kabi turli gap-so‘zlarga Ozodlik orqali javob berdi.

18 iyul kuni O‘zbekiston xalq harakati Internet saytida paydo bo‘lgan maqolada o‘zbekistonlik futbolchi Ilyos Zeytullaevning pasportdagi yoshi 5 yilga kamaytirilgani bois¸ uning o‘zi yashab kelgan Italiyada hatto quyi bosqich divizionidagi futbol klublarida o‘ynashi ham taqiqlangani xabar qilindi. Maqolada Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi unga hatto sayyohlik vizasini bermaydigan bo‘lgani to‘g‘risida ham ëzildi.

Bu xabar ortidan Ozodlikning O‘zbekiston Futbol federatsiyasidagi manbasi tashkilotda ikki nafar o‘zbek futbolchisi - Ilyos Zeytullaev va Abbos Maxsitalievlarning pasportdagi yoshi ataylab kamaytirilgani ustidan tekshiruv boshlanganini bildirgan edi.

Matbuotda tarqagan ma’lumotlarda 2001 yildan beri Italiyadagi turli futbol klublarida o‘ynab kelgan Ilyos Zeytullaevning tug‘ilgan sanasi pasportida ko‘rsatilgan kabi 1984 yilning 13 avgusti emas¸ balki 1979 yilning 13 avgusti ekani aytildi.

“Men haqimda yolg‘on gaplar tarqatilmoqda”

I.Zeytullaev "Yuventusda" to‘p surgan
I.Zeytullaev "Yuventusda" to‘p surgan

Bunday chiqishlar ortidan Ilyos Zeytullaev haqiqiy tug‘ilgan yilini Ozodlik orqali ochiqladi:

- Men hozir Toshkentdagi uyimdaman. Italiyadan uchishdan oldin menga shu maqola linkini ko‘rsatishdi. U yerda men go‘yo 1979 yilda tug‘ilganim, Italiya menga kirishni taqiqlagani va qidiruvga bergani, O‘zbekistonda menga tahdidlar bo‘layotgani to‘g‘risida kir gaplar, dezinformatsiya tarqatilibdi. Mening Italiyada xotinim, bolam borligi uchun xavotirga tushib qoldim. Men sizdan – jurnalistdan haqiqatni yozib chiqishingizni iltimos qilaman. Men, Ilyos Zeytullaev, 1982 yilning 13 iyulida tug‘ilganman. Bu mening haqiqiy tug‘ilgan sanam! Yoshligimda tug‘ilgan kunimni 1984 yilning 13 avgusti, deb o‘zgartirishgan. Oldin ham 1979 yilda tug‘ilganligim to‘g‘risida gaplar yurardi, lekin bunga beparvo edim. Karyeram boshlanganida esa bu mayda yolg‘on jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi to‘g‘risida o‘ylamaganman, hatto. Bu ishni men qilmagan bo‘lsam-da, men bu aybni tan olaman, dedi o‘zbekistonlik futbolchi.

“Nega men haqiqatni gapirmoqchi bo‘ldim”

Suhbatdoshga ko‘ra, Yevropadagi muhit va uning shaxsiy kechinmalari o‘ziga qarshi boshlangan bu kampaniyaga javob berishga undaganini aytadi:

- Yevropada yashab yurganimda men o‘z xatolarimni anglab etdim. Mening maqsadim, istagim – o‘zbek futbolchilarimiz, yoshlarimiz men qilgan xatolarni takrorlamasliklari, chunki bu mamlakat taraqqiyoti, futbol rivojiga jiddiy to‘sqinlik qiladi. Men O‘zbekistonni sevaman, ota-onam, qarindosh-urug‘larim shu yerda. Necha marotaba Italiya fuqaroligini olishni taklif qilishganda rad javobini bergandim. Xotinim, bolam italiyalik bo‘lishiga qaramasdan, men O‘zbekiston vatandoshi bo‘lib qolmoqchiman. Buning uchun esa meni qabul qilgan davlat oldida yolg‘onchi bo‘lishni istamadim, qonunan yashamoqchi bo‘ldim. Eng avvalo, men o‘zbek davlatim oldida “toza” bo‘lishni xohladim. Buning uchun men Angrendagi tug‘ilganligim to‘g‘risidagi guvohnomani olib, haqiqiy pasportimni berishlarini so‘radim. Men 2013-2014 yillarda bo‘lgan gapni gapirayapman. Haqiqiy pasportimni olganimdan keyin, Italiya elchixonasiga bordim va vaziyatni tushuntirdim. Ular “Bizga haqni gapirganing ma’qul tushdi, buni biz ma’qullaymiz”, deyishdi, dedi Ilyos.

Din to‘g‘risida

Ilyos diniy masalalarda jurnalistlarga ehtiyot bo‘lib yozishni tavsiya qildi.

Ilyos oila a’zolari bilan
Ilyos oila a’zolari bilan

- Bu maqolada men go‘yo xristianlikni qabul qilganim to‘g‘risida yozishibdi. Odamning qaysi dinga sig‘inishi – bu uning shaxsiy ishi! Bunday gap-so‘zlarni tarqatishning o‘zi mutlaqo axloqsizlik. Bunday iqrorga kelish uchun ichki kechinmalarim sabab bo‘ldi. Men o‘z xatolarimni tushundim. O‘zbek futbolchilarimizga biror maslahat berishdan oldin o‘zim tozalanishim kerak bo‘ldi. “Zaryajyonniy” sifatida vijdonim qiynaldi. Har bir inson o‘z hatti-harakatlari uchun o‘zi javob beradi. Hozir esa men erkin odam sifatida his qilayapman o‘zimni, dedi futbolchi.

O‘zbek futboli to‘g‘risida

Ilyos o‘zbek futbolida mavjud muammolar yechimiga hissa qo‘sha olishi mumkinligi haqida gapira turib¸ boshqa o‘zbekistonlik o‘yinchilarning yoshi o‘zgartirilgani borasida biror izoh bera olmasligi va faqat o‘zi uchun javob bera olishini ta’kidladi :

Ilyos Zeytullaev pasporti
Ilyos Zeytullaev pasporti

- Nima uchun biz ayrim hollarda yuqori natijalarga erisha olmayotganimizni Yevropada turib anglab etdim. Chunki bizda poydevor biroz noto‘g‘ri qo‘yilgan! Bu tanqid emas, bu taklif. Men Italiyada 15 yil o‘ynadim, UEFA-“V” ga trenerlikka o‘qidim, Italiyada yoshlarni futbol o‘ynashga o‘rgatmoqdaman, o‘rgangan narsalarimni O‘zbekistonda joriy etmoqchiman.Lekin yuragim O‘zbekistonda. Bu yerdagi ko‘plab mahoratli yigitlarimizni italyan uslub bo‘yicha tarbiyalashni istardim! Ularni futbolga o‘rgatishdan oldin esa avvalo o‘z hayotimni bir epaqaga keltirishim kerak edi. Men bu hayotni o‘zgartira olmayman, ammo bir tomchiga bo‘lsa ham uni yaxshilashga intildim. Men oz bo‘lsada futbolga reallik, go‘zallik va tozalikni kiritishni xohlayman, xolos. Bizda yoshligimizdan g‘alaba birinchi o‘ringa qo‘yilardi. Men esa avval futbol o‘ynashni o‘rgatmoqchiman, g‘alaba esa o‘zi keladi. Italiya-Ispaniyada aldashga emas, futbol o‘ynashga o‘rgatishadi! Nima uchun ular yuqori bosqichga ko‘tarilganda biz o‘smasdan qolayapmiz? Bu savollar meni juda o‘ylantiradi. Yillar o‘tishi bilan futbolchida jismoniy quvvati ketib boradi, unda shu yillar davomida yig‘ilgan aqlu malakasi birinchi o‘ringa chiqadi. Mana nima uchun biz hozircha evropaliklar bilan uchrashuvlarda mag‘lubmiz, dedi u.

Kim aybdor?

Ilyosga ko‘ra, futbolchilarga yosh qo‘shib berish va boshqa shu kabi muammolarda bir-ikki kishini ayblash noo‘rin:

Futbolchining tug‘ilganlik haqida guvohnomasi
Futbolchining tug‘ilganlik haqida guvohnomasi

- Aybdor qidirish, bir-ikki-uch kishini jazolash birinchi o‘rinda noto‘g‘ri, ikkinchidan esa mening vakolatim emas. Biz SSSRdan chiqayotib, o‘zimiz bilan ko‘plab nojo‘ya narsalarni olib chiqdik. Eng avvalo o‘zimiz aybdormiz! Masalan, men xatolarimga iqror bo‘lmasam¸ butun umr o‘zimni yurtim oldida aybdor his etaverardim. Kim buni joriy etgan, nima uchun bunday bo‘ldi, “shu tizimni joriy qilsak yaxshiroq bo‘ladi” degan fikr kimning kallasiga birinchi kelganiga men, afsus, javob topa olmayman. Har holda bu biror yaxshilikka olib kelmadi¸ deydi Ilyos.

Илёс Зейтуллаев билан Озодлик суҳбати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:26:43 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG