Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:33

Rossiyada o‘zbekistonlik muhojirlarni deportatsiya qilish uch baravarga ko‘paydi


Migratsiya qonunlarini buzgan o‘zbekistonlik muhojirlarni Rossiyadan majburan chiqarib yuborish hollari ko‘paymoqda.

Migratsiya idorasi ma’lumoti bo‘yicha¸ 2016 yilning birinchi yarmida muhojirlarni majburiy chiqarib yuborish o‘tgan yilgiga qaraganda uch baravarga ko‘paygan. Rossiyadan deportatsiya qilingan 474 xorijiydan 50 nafari yosh bolalardir. Chiqarib yuborilganlar aksari Tojikiston, Xitoy va O‘zbekiston vatandoshlari.

Rossiya rasmiylari tarqatgan bu ma’lumot ortidagi manzarani mamlakatda mehnat qilaëtgan o‘zbek muhojirlari kundalik haëtidan kelib chiqib tasvirlashga urinadi.

Ivanovo shahrida ishlayotgan o‘zbekistonlik Akbarbekning aytishicha, o‘zi yashayotgan hududda o‘zbekistonliklarni deportatsiya qilish ko‘paygan:

- Ivanovo shahrida, Furmanov degan deportatsiya qiladigan joyda o‘zbeklarni olib borayapti, oila, yosh bolalari bilan. U yerda bir necha oylab yotishadi, to ketishlari uchun samolyot biletiga pul topilganiga qadar. Biror qarindosh-urug‘lari pul topib kelib, chiqarib olmasa, yotishadi spetspriyomnikda. Sud bo‘lgandan keyin ham biletga pul bo‘lmasa, yotadi o‘sha erda, deydi Akbarbek.

Xorijiylarni deportatsiya qilish yoki majburan chiqarib yuborishning Rossiya federal byudjet hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilganiga qaramay¸ mulozimlar ushlanganlarni yaqinlari yoki ayrim hollarda ish beruvchi hisobidan deportatsiya qiladi.

Qonuniy yashab kelgan muhojir deport bo‘lishi mumkinmi?

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, xorijiylar orasida asosan, ish ruxsatnomasi (patent) olmay ishlash yoki patent uchun pul to‘lamaslik, migratsiya qaydidan o‘tmaslik kabi qonunbuzarliklar keng tarqalgan.

Poytaxt hukumatiga ko‘ra, o‘tgan yarim yil davomida migratsiya qonunlarini buzgan chet elliklarga umumiy miqdorda 7 million rubldan ortiq jarima solingan.

Moskva rasmiylariga ko‘ra¸ joriy yilning birinchi yarmida chiqarib yuborilgan 2900 xorijiyning aksariyati o‘zbekistonliklardir.

Moskva viloyatida yashayotgan Ismoil o‘z tanishlari orasida qonunni buzmasa-da, Rossiyaga kirishi taqiqlanganlar ko‘payganini aytadi:

- Ko‘p deportatsiya bo‘lishayapti. Sababi nimada ekanligini hech kim bilmaydi. Qonuniy registratsiya qilgan, patenti bor, patent pullarini o‘z vaqtida to‘lab borgan, biror erda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymagan. Vaqtida vataniga borib, yana qaytib kelishida, chegarada “senga “zapret” yoki “vыdvorenie” qo‘yilgan” deb Rossiyaga kirishga yo‘l berishmayapti. Sababini hech kim bilmaydi, chegarachilar ham aytishmaydi. Yana ba’zilarga “administrativniy shtrafing bor” deb ham Rossiyaga kiritishmaydi. Lekin jarima ko‘rsatilgan rayonga u odam umrida bormagan, deydi Ismoil.

Bunday shikoyatlarni rad etaëtgan Rossiya rasmiylari¸ muhojirlarga nisbatan adolatsizlik bo‘lgan taqdirda ularga mahkamaga murojaat etishni tavsiya qiladi.

Ayni paytda¸ migratsiya mutaxassislari mahalliy rasmiylar Moskva va Sankt-Peterburg kabi yirik shaharlardagi muhojirlar sonini kamaytirish maqsadida, turli choralarga qo‘l urishdan tap tortmasligini aytadi.

XS
SM
MD
LG