Линклар

Erdo‘g‘onning Gulanga qarshi kurashi boshqa davlatlarga ham ko‘chmoqda


Hokimiyatga Fathulloh Gulen qo‘llovi bilan kelgan Rajab Toyyip Erdo‘g‘onning bugunga kelib hokimiyat talashi ustida undan yuz o‘girgani Turkiyaning joriy bo‘hroni ortidagi asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Hokimiyatga Fathulloh Gulen qo‘llovi bilan kelgan Rajab Toyyip Erdo‘g‘onning bugunga kelib hokimiyat talashi ustida undan yuz o‘girgani Turkiyaning joriy bo‘hroni ortidagi asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Turkiyadagi muvaffaqiyatsizlik bilan tugagan harbiy to‘ntarish urinishi ortidan Qirg‘izistonda Gulan harakati yuzasidan tortishuv yuzaga keldi. Bu hol yaqinda dunyoning boshqa davlatlariga ham ko‘chishi mumkin.

Bu isyondan keyin poytaxt Bishkekda joylashgan ikki universitet bir-biriga qarshi bo‘lib qoldi. Bu ikki oliygoh Qirg‘izistondagi eng yaxshi oliy o‘quv yurtlari safiga kiradi.

Ularning biri Manas universiteti bo‘lib, uni Turkiya hukumati moliyalashtiradi. Ikkinchisi esa Xalqaro Otaturk-Olatog‘ universiteti bo‘lib, uni Fathulloh Gulanning global islomiy tarmog‘i moliyalashtiradi. Eslatib o‘tamiz, Anqara Gulanni muvaffaqiyatsizlikka uchragan harbiy to‘ntarish urinishini tashkillashtirganlikda ayblamoqda.

1999 yildan beri AQShda yashab kelayotgan Gulan esa bu ayblovni rad etdi.

To‘ntarish urinishi bostirilganidan keyin Manas universiteti rektori to‘ntarishga urinishni qoralab, forum uyushtirdi. Sabohiddin Balf yana 18 iyul kuni bo‘lib o‘tgan forum davomida qirg‘izistonliklarni ogohlantirib, “Gulan guruhi Qirg‘izistondagi odamlarni ham o‘z mamlakatlarida qabih ishlarni qilishga undashi mumkin”, dedi.

Rektorning ogohlantirishi e’tiborsiz qolmadi. Manas universitetining ayrim talabalari uning fikriga qo‘shildi. Ularga ko‘ra, Gulan tarmog‘i yopiq tashkilot bo‘lib, uning a’zolari o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlari ta’limni targ‘ib qilish, jamiyatga xizmat qilish hamda konservativ islomiy qadriyatlarga amal qilish ekanligini ta’kidlashsa ham, aslida boshqa niyatlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.

Gulan harakati haqida Manas talabalaridan biri Aygul “Ko‘pchilik ular hokimiyatni qo‘lga olishga urinishlari mumkin, deyapti. Kim haq, kim nohaq ekanligini aytish qiyin. Men [gulanchi] talabalar birga yurishini, bir-birini qo‘llashini ko‘rganman. Ammo shaxsan men ulardan kelayotgan biror tahdidni kuzatganim yo‘q”, deydi.

Gulan tarmog‘i ochgan Otaturk-Olatog‘ universiteti o‘qituvchilari hamda talabalari esa bu fikrlarga qo‘shilmaydi.

Otaturk-Olatog‘ universiteti o‘qituvchilaridan biri Nurdin Kaparov “[Gulan] qanaqa g‘oya yoki prinsiplarni targ‘ib qiladi? Ilm yoyinlashni, matematika, biologiya, ximiya va boshqa fanlar ahamiyatiga urg‘u beradi. Bu g‘oyalar qanaqasiga shubhali bo‘lsin?” deydi.

Anqara Turkiyada Gulan harakatiga qarshi kurashar, boshqa mamlakatlarni ham bunday qilishga chaqirar ekan, Gulan harakati Turkiya tashqarisida ham munozaraga sabab bo‘lishini kutish mumkin. Anqaraning maqsadi Gulan global tarmog‘ining moliya manbalarini quritishdir. Gulan oqimining asosiy mablag‘ manbasi oqim a’zolari 150 ka yaqin davlatda ochgan xususiy maktablardir. Gulan harakati aynan shu maktablar tufayli nom chiqargan.

AQShda joylashgan Teneo Intelligence ilmiy markazining Turkiya bo‘yicha mutaxassisi Volfango Pikkoli “Anqara Gulanga qarshi jang boshladi. Tabiiyki, Turkiyadagi asosiy e’tibor mahalliy vaziyat hamda Gulanning AQShda yashayotganiga qaratilmoqda. Bundan keyin Gulan yoki uning sheriklari faoliyat yuritayotgan hududlarga ham e’tibor qaratiladi. Anqaraning bu davlatlarni Gulan maorif tizimlarini yopishga chaqirib, ularga bosim o‘tkazishini kutish mumkin”, dedi.

Dastlabki belgilar

Anqara allaqachon o‘z elchixonalari¸ qolaversa Turkiya hukumatiga aloqador tashkilotlarni Gulan harakati faoliyatini cheklashga chaqirishni boshladi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Gulanni “terrorchi” deb atab, AQShdan uni “harbiy to‘ntarishdagi roli” tufayli Turkiyaga ekstraditsiya qilishni talab qildi. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Vashington ekstraditsiya masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligini, ammo buning uchun quruq “iddaolar” yetarli emasligi, Gulanning aybini AQSh sudida isbotlay oladigan jiddiy dalil zarurligini aytdi.

Gulan harakatining faoliyati ochiq-oydin bo‘lmagani uchun ko‘pchilik bu jamoaning yashirin maqsadlari bor, deya taxmin qiladi.

Xabarlarga ko‘ra, 20 iyul kuni Turkiya prezidenti Gruziya bosh vaziri Georgiy Kvirikashvilini Gruziyadagi Gulan maktablarini yaqindan nazorat qilishga chaqirgan. Bundan ikki kun avval Turkiyaning Batumi shahridagi konsuli Gulan maktablari “terrorchi mafkuraga tayanib ta’lim berishini” aytib, shahar aholisini o‘z farzandlarini bunday maktablarga yubormaslikka chaqirgan edi.

Xabar qilinishicha, Erdo‘g‘on Ozarbayjonni ham Gulanga aloqador muassasalar faoliyatini cheklashga chaqirgan. 17 iyul kuni Ozarbayjon prezdenti Ilhom Aliev Erdo‘g‘on bilan telefon orqali suhbatlashdi. Buning ortidan Boku hukumati Gulan bergan intervyuni namoyish qilmoqchi bo‘lgan xususiy telekanal efirini to‘xtatdi.

20 iyul kuni Bokuda Gulanga aloqador Kavkaz universiteti hamda kamida bitta gazeta faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Kavkaz universiteti Bokudagi eng yaxshi ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Turkiyaning yaqin hamkori hisoblanmish Ozarbayjonda Anqara iltimosi bilan o‘tgan yillarda ham bir necha Gulan maktabi yopilgan edi.

Gulan harakatini global miqyosda cheklash oson kechmaydi, chunki bu harakat musulmon dunyosidagi eng yirik tarmoqlardan biri bo‘lib, uning Keniyadan tortib Qozog‘istongacha maktablari, ilmiy markazlari hamda gazeta-jurnallari bor. Gulanning “Xizmat” harakati millionlab a’zoga ega ekanligi aytiladi. Oqim a’zolari Gulan g‘oyalariga amal qiladi. Diniy peshvo har bir musulmon maorif va ta’limni moliyalashtirishi, konservativ islomiy qadriyatlarga amal qilishi hamda jamiyatga xizmat qilishi kerak, deb hisoblaydi.

Turli xil munosabat

Erdo‘g‘on Gulan harakatiga qarshi kurashishda faqatgina Turkiyaning savdo hamkori statusiga tayanmaydi. Prezident turli mamlakatlarda gulenchilarga bo‘lgan ziddiyatli munosabatdan ham foydalanishi mumkin. Aksar davlatlarda Gulan maktablari yaxshi kutib olinsa ham, ko‘p hollarda harakat faoliyati yashirin ekanligi sabab uning g‘arazli niyatlari haqida xavotirlar mavjud.

Londondagi King kollejining Turkiya bo‘yicha mutaxassisi Uilьyam Park “Gulan harakatini boshqalardan ajratib turuvchi ikki jihatdan biri¸ ularning katta resursidir.Turkiyadagi tarmoq biznes hamda xayriya ishlari bilan ham shug‘ullanadi (bu biznes ko‘lami millirdlarda o‘lchalandi). Ikkinchi jihat esa¸tarmoq faoliyatining siyosiy jihatidir. Shunday ekan, ularning o‘z ichki tarmoqlariga tayanishlarini osonlikcha tahdid soluvchi, siyosiy xarakterga ega qilib ko‘rsatish mumkin”, deydi.

Boshqa tarmoqlar kabi, Gulan tashkiloti o‘z a’zolarini bir-biriga tayanishga, bir-biri bilan tijorat qilishga hamda topgan pullarining bir bo‘lagini tashkilotga berishga chaqiradi. Ayniqsa¸ tadbirkorlar mahalliy guruh tuzib, maktablarni moliyalashtirishga hamda kambag‘al oialalardan kelgan o‘quvchilarga kontrakt to‘lashda yordam berishga chaqiriladilar. Maktablarda G‘arb mamlakatlarinikiga o‘xshash dars programmasi o‘tiladi. Ko‘p hollarda turk hamda ingliz o‘qituvchilar o‘quvchilar bilan yotoqxonada birga yashashadi. Bu yotoqxonalarda darsdan keyin Gulanning din mavzusidagi asarlari o‘rganiladi. Bunday muassasalarda birga o‘qiganlar do‘stlashib, professional hayotda ham hamkorlik qiladi.

Boy tarix

Gulan harakati Markaziy Osiyoda ham boy tarixga ega. Hududda 1990 yillar boshida Turkiya hukumati qo‘llovi bilan Turkiya madaniyatini tarqatish hamda mamlakatning xorijdagi ta’sirini oshirish uchun mahalliy hukumatlar qo‘llovi bilan har bir Markaziy Osiyo davlatida Gulan maktablari ochilgan edi.

Ammo hududdagi avtoritar yetakchilarning bir nechtasi keyinroq bu maktablarga qarshi chiqdi. Gulan maktablari O‘zbekistonda 2000 yillar boshida, Turkmanistonda 2010 yillar boshida, Tojikistonda esa o‘tgan yilda yopildi. Rossiya avvaliga Tatariston hamda Boshqirdistonda bu maktablarni yaxshi kutib oldi¸ ammo 2000 yillar boshida ularni davlat ta’lim tizimiga qo‘shib oldi.

Bu mamlakatlarning birortasi ham Gulan maktablari nima sababdan yopilganini ochiqlamadi. Kuzatuvchilarning aytishicha, avtoritar hukumatlarga o‘z mamlakatlarida ularga to‘liq bo‘ysunmagan, yaxshi tuzilgan tarmoqning mavjudligi yoqmaydi.

Vashingtondagi Atlantic Council mutaxassisi Aaron Shteyn “Har qanday avtoritar hukumat uni ichkaridan qulatishi mumkin bo‘lgan tashqi tahdid ustidan nazoratni markazlashtirishga urinadi”, deydi.

Gulan harakatini kuchsizlantirishga urinayotgan Erdo‘g‘on Gulan maktablari joylashgan davlatlarni ularni yopish nafaqat Erdo‘g‘onning shaxsiy manfaatini ko‘zlashi, balki ularga ham yaxshi bo‘lishiga ishontirishi kerak.

Qizig‘i shundaki, bir paytlar Erdo‘g‘onning o‘zi Gulan bilan yaqin hamkor bo‘lgan. Ammo keyinroq ikki hamkor o‘rtasidan qora mushuk o‘tgan. Xabarlarga ko‘ra, bunga hokimiyat talashish hamda Erdo‘g‘onning avtoritar boshqarish uslubi turtki bo‘lgan.

Erdo‘g‘on bundan avval Gulan harakatini o‘z ma’muriyatini obro‘sizlantirishga urinishda ayblagan. Xususan, 2013 yilgi korruptsiya mojarosi davomida prezidentga yaqin bir necha rasmiy ayblanganda Erdo‘g‘on buning ortida Gulan harakati turganini ta’kidlagan edi.

Bu mojaro ortidan Turkiya hukumati bir necha prokuror hamda yuqori lavozimli rasmiyni ishdan haydadi. Erdo‘g‘on o‘shanda Turkiyani yo‘q qilish ilinjidagi “qora kuchlarga” barham berish uchun bunday chora ko‘rilganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG