Линклар

logo-print

22 iyul oqshomida Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Milliy xavfsizlik binosi o‘ngida o‘ziga o‘t qo‘ygan ikkinchi guruh nogironi Sherboy Rayimovning ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Tuman ichki ishlar xodimlari 42 yoshli Rayimov “asabiy-ruhiy xastaligi o‘zgarishi tufayli” o‘z joniga qasd qilganini aytishdi.

Ammo, Sherboy Rayimov so‘zlariga tayagan yaqinlarining Ozodlikka ma’lum qilishlaricha, u Milliy xavfsizlik xodimlari ta’qiblariga chiday olmay o‘ziga o‘t qo‘ygan.

Ichki ishlar xodimlariga ko‘ra, hodisa yuz bergan oqshomning o‘zidayoq Sherobod tuman prokuraturasi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining “o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Mahalliy shifokorlarga ko‘ra, Sherboy Rayimov tanasining 65 foizi kuyib ketgan.

Xudkushlik urinishi

Yaqinlariga ko‘ra, juma oqshomida tuman markazidan inisi avtomobilida o‘zi yashagan “Qo‘rg‘on” mahallasidagi uyiga qaytayotgan Sherboy Rayimov “Sheroboddagi ko‘prik ustida” mashinadan tushib qoladi.

Yo‘l bo‘yidan bir litr benzin sotib oladi va ko‘p o‘tmay Sherobod markazida joylashgan Milliy xavfsizlik binosi o‘ngida benzinni yelkasidan quyib, o‘ziga o‘t qo‘yadi.

Qo‘rqinchli manzaraga guvoh bo‘lganlardan birining Ozodlikka ma’lum qilishicha, yaqin atrofda bo‘lgan bir necha kishi olov ichida qolgan Rayimovning hayotini saqlab qolishadi.

Rayimov o‘ziga o‘t qo‘yishidan bir soatcha o‘tib yetib kelgan tez yordam mashinasida Sherobod tuman markaziy shifoxonasi jonlantirish bo‘limiga olib ketiladi.

Rayimov badani ust qismining chap tomoni, orqa tomoni, yelkasi, chap qo‘li butunlay kuyib ketgan. Badanining old tomonidan qorni va bir oyog‘i kuygan. Ja’mi 65 foizi kuyganda. Ko‘krak qafasidan teppa va old tomoniga ziyon yetmagan,” dedi Rayimovni davolayotgan vrachlardan biri.

Uning ilova qilishicha, jonlantirish bo‘limida yotgan Sherboy Rayimovning ahvoli og‘ir qolmoqda va uning “tirik qolib-qolmasligi kelgusi 24 soat ichida ma’lum bo‘ladi”.

Ikki talqin

Sherobod tuman huquq-tartibot idoralarining ishonishicha, Sherboy Rayimov ruhiy xastadir.

Hodisadan voqif ichki ishlar xodimlariga ko‘ra, Sherboy Rayimovning suiqasd urinishiga uning aynan “ruhiy xastaligi” sabab bo‘lgan.

22 iyul soat 21larda Qo‘rg‘on mahallasida yashovchi 74 yilda tug‘ilgan Sherboy Rayimov asabiy-ruhiy xastaligi o‘zgarishi sababli “Mustaqillik” ko‘chasida joylashgan “Farovon” savdo do‘koni yonida 1 litrli politilen idishda benzin yoqilg‘isini ustidan quyishi natijasida o‘zini yoqib yuborgan. O‘z joniga suiqasd qilib, hayotiga xavfli tan jarohati yetkazib, tuman markaziy shifoxonasiga tushgan,” dedi Sherobod tuman Ichki ishlar idorasi xodimi.

Biroq yaqinlariga ko‘ra, oilada o‘n farzandning to‘ng‘ichi bo‘lgan Rayimov may oyidan o‘z joniga qasd qilgan kunga qadar “vahima ichida” yurgan.

Sherboy yoshligidan ikkinchi guruh nogironi. Ko‘zi yaxshi ko‘rmaydi. Uch farzandini oladigan nafaqasi hisobiga boqadi. Termiz yo‘lida xotini suv, semichka sotib ro‘zg‘orni zo‘rg‘a tebratadi. Sherboyning o‘zi may oyidan beri ko‘chaga chiqishga qo‘rqib qolgandi, vahima ichida yurardi. SNB orqamdan yuripti, meni tinch qo‘yishmayapti, savdodan olgan daromadimizniyam olib qo‘yishayapti, der edi. Ammo, uni orqasidan kim tushganini yoki qanday tazyiq o‘tkazganini bizga aytmasdi,” deydi Rahimov yaqinlaridan biri.

Tuman prokuraturasi hodisa yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 103 moddasi 1 birinchi qismi bilan tergov-surishtiruv ishini boshlagan.

Ayni modda “o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish”ni nazarda tutadi.

XS
SM
MD
LG