Линклар

Dushanbeda bola o‘g‘rilari ushlanganini Ozodlikning tojik xizmatiga 25 iyul kuni Tojikiston Ichki ishlar vazirligidagi manba tasdiqladi. Uning aytishicha, guruhning uch nafar a’zosi o‘tgan hafta F.B. ismli 7 yashar qizchani o‘g‘irlamoqchi bo‘lib turganida qo‘lga olingan. Bu qizchani o‘g‘irlashga dushanbelik 48 yoshli Matluba Ahmedova boshchilik qilgani aytilmoqda. Tojikiston poytaxtining “Sadbarg” mavzeidagi mehmonxonalarning biridan joy ijaraga olgan bu ayol asosan uqalash (massaj) xizmatini ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelgan.

Dushanbelik tergovchilar bu guruh Dushanbening Zarafshon mavzeidagi bir xonadonni ijaraga olganini ham aniqlagan. Aytilishicha, 7 yashar qizcha o‘g‘irlanganidan keyin shu kvartiraga olib kelinishi kerak bo‘lgan. Tintuv chog‘ida bu xonadondan jarrohlik amaliyoti moslamalari, shpritslar, og‘riq qoldiruvchi dorilar va hatto bolalar kiyimlari topilgan.

Guruh vakillari voyaga yetmagan qizchani bu kvartiraga olib borishi kerak bo‘lgan mashinadan esa ichiga xushdan ketkazadigan dori to‘ldirilmish shprits topilgan.

Qizchaning onasi Farangis Badalova Ozodlikka Matluba Ahmedovani tanishini, avval ular dugona bo‘lganlarini aytgan.

Tergov idoralari bu guruh qo‘lga olinishi ortidan 2013 yil martida yo‘qolgan Sabina va Malika Orolova hamda 5 yoshli Osiyo Dilovarovaning o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq hodisalar ochilishiga yaqinlashganini bildirmoqdalar.

Opa-singil Orolovalarning yaqinlari Malika va Sabinani so‘rab bolalar bog‘chasiga aynan shu ayol kelganini, o‘sha paytda u ro‘molda bo‘lganini aytganlar.

Yo‘qolganidan keyin ko‘p o‘tmay jasadi Hisordan topilgan Osiyoning onasi ham Matluba Ahmedovani tanigan.

Tojikiston huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, guruh rahbari bo‘lgan Ahmedova va uning ikki sherigiga nisbatan mamlakat Jinoyat kodeksining 130-moddasi (Odam o‘g‘irlash) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan va bu ish yuzasidan tergov davom etayapti.

Matluba Ahmedova sheriklaridan birining familiyasi G‘iyosov bo‘lib, uning Dushanbedagi “Qariyai bolo” shifoxonasida vrach bo‘lib ishlashi, ikkinchi sherigi esa taksichilik bilan shug‘ullanishi aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG