Линклар

Namanganda militsiya va xavfsizlik xizmati bir kunning o‘zida ikkita hujrani bosdi


Namangandagi hujralarda "diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish" gumoni ortidan rey o‘tkazilgan.

Namangandagi hujralarda "diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish" gumoni ortidan rey o‘tkazilgan.

Namangan shahrida militsiya va xavfsizlik xizmati xodimlari bir kunning o‘zida bolalarga Qur’ondan dars bergan ikkita hujrani bosdi. Namangan huquq tartibot va diniy idoralaridagi manbalarning Ozodlikka ma’lum qilishlaricha, militsiya va xavfsizlik xodimlari 17 iyul kuni soat 17 va 22 da o‘tkazgan qo‘shma tadbir chog‘ida o‘z uylarida o‘nlab bolalarga noqonuniy saboq bergan ikki mudarris qo‘lga olingan.

Ulardan bir nafari jarimaga tortilgan bo‘lsa, ikkinchisiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Qo‘shma tadbir

17 iyul kuni soat 17larda militsiya va xavfsizlik xodimlari dastlab Namangan shahar Amir ko‘chasida joylashgan Akmal Ahmadjonov hovlisini bosganlar.

Mahalliy huquq tizimlaridagi Ozodlik manbasining bildirishicha, qo‘shma tadbir paytida 23 yashar Akmal Ahmadjonov va undan Qur’ondan saboq olayotgan uch yigit qo‘lga olingan.

Qo‘shma tadbir paytida¸ shuningdek¸ Akmal Ahmadjonovdan diniy saboq olgan yana 20 shaxs ro‘yxati chiqqan.

Namangan diniy doirasidagilarga ko‘ra, Akmal Ahmadjonov shaharda "Eshon dada" nomi bilan tanilgan 87 yashar Muksin Hasanovning shogirdlaridan biridir.

Muksin Hasanov uyi

Muksin Hasanov uyi

Ichki ishlar idorasidagi manbaning ma’lum qilishicha, Ahmadjonov uyida o‘tkazilgan reyddan besh soat o‘tib, tungi soat 22da militsiya va xavfsizlik xodimlari Namangan shahar "Yangiobod" mahallasida joylashgan "Eshon dada"ning uyini bosganlar.

Qo‘shma tadbir chog‘ida 30dan ziyod ilm tolibi qo‘lga olingan, ularning eng kichigi 6 yashar bo‘lgan.

"Domla kechki soat 22da qo‘lga olingan, lekin yoshi kattaligi uchun uning o‘rniga nevarasi qamoqqa olingan va shtraf bilan ertasi kuni ozod qilingan. Qori domlani ushlashganida 30tadan ko‘proq o‘quvchi bo‘lgan, lekin ro‘yxatda 24tasi qolgan. Ba’zi o‘quvchilar kattalarning bolalari bo‘lgani uchun ro‘yxatga kiritilmagan," deydi Namangan shahar huquq tizimlaridagi Ozodlik manbasi.

Ushbu manbaga ko‘ra, 21 iyul kuni sud bo‘lib, o‘quvchilar eng kam ish haqining 4-5 baravarida jarima bilan qo‘yib yuborilgan.

"Hozir domla ozodlikda. Bir million 800 ming so‘m shtraf bilan chiqdi. Domlaning o‘rniga 23 yashar nevarasi qamoqqa olinib, ertasi kuni ertalab soat 10larda qo‘yib yuborilgan," dedi Muksin Hasanovni yaqindan tanigan namanganlik dindorlardan biri ismi sir qolish sharti bilan.

Hozirda Akmal Ahmadjonov va uning shogirdlari Namangan shahar militsiya idorasida tergov qilinmoqda, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, Muksin Hasanov shogirdlaridan ba’zilari chaqirilib, tergov qilinmoqda.

O‘zbekistonda diniy ta’limotdan saboq berish uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinadi. Bunday ruxsatnomasiz "maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmay turib¸ diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz diniy ta’limotdan saboq berish¸ shuningdek xususiy tartibda diniy ta’limotdan saboq berish"¸ O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 229-moddasiga muvofiq jazolanadi.

Jinoyat Kodeksiga muvofiq bunday harakat "ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa¸ eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari¸ yoxud olti oygacha qamoq yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

XS
SM
MD
LG