Линклар

“Ahmadboy” tergovi ortidan Chinoz militsiya boshlig‘i ishdan olindi


Chinoz militsiyasi rahbari va xodimlari davlat va xalqqa emas¸ Ahmadboyga ishlaganlikda tanqid qilinmoqda.

Chinoz militsiyasi rahbari va xodimlari davlat va xalqqa emas¸ Ahmadboyga ishlaganlikda tanqid qilinmoqda.

O‘zbekiston huquq tizimlari chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboev moliyaviy piramidasini tergov qilayotgan bir paytda¸ Chinoz tuman IIB boshlig‘i Otabek G‘anibekov o‘z lavozimidan bo‘shatildi. Ahmadboy ishi ortidan bo‘shatilgan G‘anibekov o‘rniga podpolkovnik Shuhrat Temurov Chinoz tumani IIB boshlig‘i etib tayinlandi.

Ozodlikning Toshkent viloyat huquq-tartibot organlaridagi manbasining aytishicha¸ G‘anibekov o‘rniga kelgan yangi boshliq ilk majlisdanoq Chinoz tuman IIB xodimlariga “Ahmadboy piramidasi”dan saboq chiqarilishi lozimligini uqtirgan:

- Shuhrat Shukursalimovich majlis qilib¸ militsiya xodimlari davlat xizmatchisi degan maqomini yo‘qotib¸ mahalliy tadbirkorlar bilan biznes qilmasligi kerakligini ta’kidladi¸ deydi manba.

Hukumat tizimlariga yaqin Ozodlik manbalariga ko‘ra, G‘anibekov hozircha huquq-tartibot tizimidan butunlay chetlashtirilmagan bo‘lsa ham¸ u Ahmad Tursunboev ishi bo‘yicha guvoh sifatida so‘roq qilingan:

- Otabek G‘anibekovich G‘anibekov hozir Parkentga ishga yuborilgan bo‘lsa ham¸ Tursunboev ishi bo‘yicha tergovga qatnamoqda¸ deydi ismi sir tutilishini so‘ragan rasmiy manba.

Ayni manbaning aytishicha¸ Chinoz tumanidagi deyarli barcha mulozimlar “erta-indin ishdan olinaman" degan qo‘rquvda yashamoqda:

- Ichki ishlar, prokuratura, hokimiyatdagilar, qolaversa, Toshkentdagi hukumatning yuqori lavozimli amaldorlari Ahmadboyni qo‘llab- quvvatlab kelgan. Chinoz IIB boshlig‘i Ahmadboy xavfsizligini ta’minlash va Ahmadboyga qarshi chiqqan shaxslarni jazolashda ishtirok etgan. Kimda-kim Ahmadboy ustidan militsiya yoki prokuraturaga shikoyat qilsa, bu shikoyatchining ismi darhol Ahmadboyga bildirilgan. Tuman militsiyasi va prokuraturasi Ahmadboy uchun ishlardi. Tuman prokurori Behzod Yunusalievichni shuning uchun ishdan olishuvdi¸ deydi O‘zbekiston huquq tizimlaridagi Ozodlik manbasi.

Chinoz Tuman IIB tizimiga yaqin yana bir manbaning iddao qilishicha¸ Ahmadboyga “xizmat ko‘rsatgan” mulozimlar “saxiylarcha taqdirlangan”:

- Organda ishlaydiganlar to‘rtta-beshtasi kirib Ahmadboy shirkatining kassasidan pulini olib chiqib ketar edi. Men o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman shu narsani. Bu holat Ahmadboy ishxonasidagi 20 dan ziyod kameraga ham tushgan, agar isbot kerak bo‘lsa ¸ deydi manba.

Bundan 20 kun oldin Ozodlik Chinoz tuman prokurori Behzod Mirsoatovning ishdan olinib¸ o‘rniga Damir Mahmudov vaqtincha prokuror vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani haqida ëzgan edi.

Huquq-tartibot tizimlaridagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, Mirsoatov prokuratura tizimidan butunlay chetlashtirilgan.

Joriy oy boshida O‘zbekiston telekanallari namoyish etgan Ahmadboy moliyaviy piramidasi haqidagi ko‘rsatuvda mahalliy mansabdorlar, huquq-tartibot idoralari vakillari firibgarlik va jinoiy amallarga nafaqat ko‘z yumib kelganlik, balki Ahmadboyga sheriklik qilganlikda ham ayblangandi. Bu ayblov ortidan ko‘pchilik san’atkorlar "Ahmadboyni tanimaymiz" deya mahalliy matbuotga bildirishdi. Bu hol ijtimoiy tarmoqlarda Ahmadboy mavzuidagi hazil videolarni urchitdi.

Toshkent viloyati Chinoz tumanida joylashgan "Chinoz halol chorva" hamda "Chinoz avto hamkor" korxonalari ta’sischisi Ahmad Tursunboev va uning xodimlari aholidan yiliga kamida 100 foizlik dividend va’dasi bilan milliy va chet el valyutalarini olish bilan shug‘ullanib kelgan.

15 iyun kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari 38 yoshli tadbirkor Ahmad Tursunboevni hibsga olgan edi.

U O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar etkazish), shuningdek, 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.

Namoyish etilgan maxsus ko‘rsatuvda Ahmad Tursunboev o‘z "qilmishi"ga iqror bo‘lgan va buning uchun xalqdan kechirim so‘ragan edi.

XS
SM
MD
LG