Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:37

Buryatiyada o‘zbekistonlik ayollar qullikdan ozod etildi


Buryatiya bo‘yicha Rossiya Tergov qo‘mitasi rasmiylariga ko‘ra¸ Buryatiya o‘lkasida o‘ndan ortiq o‘zbekistonlik ayol qullikdan ozod etilgan. Ushbu ish bo‘yicha qo‘lga olingan ikki nafar buryatiyalik va bir o‘zbek ayoliga nisbatan “noqonuniy migratsiya tashkil etish va qul mehnatidan foydalanish” moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Rossiya tergov qo‘mitasiga ko‘ra¸ o‘zbekistonlik ayol ikki nafar buryatiyalik sheriklari bilan o‘ndan ortiq o‘zbekistonlik ayolni Buryatiyaning Pribaykalьskiy tumanidagi “Grand Teks” nomli qo‘lqop tayyorlash fabrikasiga ishga keltirishgan.

Ayollar fabrika ichidan tashqariga erkin chiqish imkoniyatidan mahrum etilgan, ular hujjatlari tortib olingan. Ayollar qo‘lqop tikishga majburlangan. Ishdan bo‘yin tovlaganlar jismoniy jazolash bilan qo‘rqitilgan”, deyiladi Rossiya Tergov qo‘mitasining Buryatiya respublikasi tergov boshqarmasi rasmiy xabarnomasida.

Buryatiya respublikasi tergov boshqarmasi navbatchisi Ozodlik muxbiriga o‘zbekistonlik ayollarni qullikda ushlaganlarga nisbatan tergov ishi endi boshlangani bois¸ hozircha tafsilotlar ochiqlanmasligini bildirdi:

- Hozircha tergov ishi sir sanaladi. Tergov endi boshlandi. Bu haqda berilishi lozim ma’lumot bizning saytimizda yozilgan. Bundan ortiq biror narsa aytishga haqqim yo‘q, dedi o‘z ismini ochiqlamagan navbatchi zobit.

Tergovchilardan olingan ma’lumotlarga binoan, qo‘lga olinganlarga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 322.1 (Noqonuniy migratsiyani tashkil etish), 127.2 (Qullik mehnatidan foydalanish) moddalari asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Bundan uch hafta oldin Astraxan viloyatining Aktyubinsk tumani yashovchisi Dmitriy Romanov O‘zbekiston fuqarosini qullikda saqlab, majburan ishlatgani uchun sud qarori bilan besh yarim yillik qamoq jazosiga hukm etildi.

Rossiyada qul mehnatidan foydalanish uchun 6 yilgacha qamoq jazosi belgilangan. Jinoyat bir guruh shaxslar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, 3 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Kuzatuvchilar fikricha, Rossiyada o‘zbekistonlik muhojirlarning qullikka tushib qolish hollari oldingi yillarga qaraganda kamaymagan va deyarli barcha mintaqalarida uchraydi.

“O‘zbeklarning qullikka tushib qolishlariga¸ asosan¸ hamyurtlari sabab bo‘ladi” deydi Xalqaro Migratsiya tashkiloti (MOM) konsultanti, qullik masalalari bo‘yicha ekspert Tursunoy Alimardonova:

- O‘zbekistonliklarning qullikka tushish hollari juda ko‘p. Misol, hozir bizga tushgan maktubda o‘zbekistonlik ona Samara shahridagi qurilishda og‘ir ahvolda tushgan 20 yoshli o‘g‘li haqida yozadi. Onaga ko‘ra, o‘g‘lini xorazmlik yigit aldab keltirgan va qullika solgan. Yaqinda Volgograd, Krasnodar va Samara qurilish va dalalarida maosh bermay, qullik sharoitda ushlangan bir necha o‘zbek ayol-erkak qutqarildi. Ularni o‘zbekistonlik vositachilar olib kelgani aniqlandi. Bizdagi dalillar bo‘yicha, asosan ayollardan iborat bunday vositachilar, O‘zbekistonda qishloqlarga yurib, “Rossiyada mana shunday ish bor, shuncha maosh beradi, sharoitlari yaxshi, istasang olib boraman” deb gap tarqatib, odam yig‘ishadi. Ana shunday odam yig‘ib, Rossiyaga olib kelayotkan vositachilarning ko‘pchiligi, bizdagi ma’lumotga binoan, afsuski xorazmliklardan iborat. Aziyat chekkanlar orasida ham xorazmliklar kam emas, dedi Tursunoy Alimardonova.

Ayrim ekspertlar fikricha, Rossiyada qullikka oid ayblovlarni mahkamada tasdiqlash o‘ta qiyin kechadi va qullikka oid dalillar bo‘lganda ham hakamlarning bu jinoyat uchun arzimagan jazo tayinlashi ko‘p kuzatiladi.

Moskvadagi “Tojikiston” jamg‘armasi rahbari, huquq faoli Gavhar Jo‘raeva fikricha, huquq-tartibot organlaridagi korruptsiya qullikka tushish holatlarining ko‘payishiga sharoit yaratadi:

- Rossiyada noqonuniy muhojirlarni ishga jalb etgan shirkatlarga katta jarima belgilangan. Shunga qaramasdan, ba’zi shirkatlar noqonuniy mehnat muhojirlarini ishga olishadi. Ularni og‘ir sharoitlarda ishlatib, bir tiyin to‘lamay, haydab yuborishadi. Bu ham qulchilikning bir turi hisoblanadi. Ana shunday shirkat egalari yoki boshqacha aytganda, “quldorlar” katta daromad manbaidan ayrilmaslik uchun nopok tergovchilarga pora berishadi, deidi Gavhar Jo‘raeva.

Xalqaro The Walk Free Foundation tashkiloti e’lon etgan so‘nggi hisobotga ko‘ra, Rossiyada 1 million 48 ming qul mavjud va bu aholi umumiy sonining 0,73 foizini tashkil etadi. Bugungi kunda Rossiya qullar soni jihatdan 167 davlat orasida 7 o‘ringa ko‘yilgan.

O‘zbekistonga esa, ushbu ro‘yxatda Shimoliy Koreyadan keyingi ikkinchi o‘rin berilgan.

XS
SM
MD
LG