Линклар

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida yashaydigan 26 yashar ayol shar’iy nikohdagi eri o‘z bolasini tan olmagani va aliment to‘lashdan bosh tortgani uchun 11 oylik o‘g‘lini Katta Farg‘ona kanaliga tashlab, cho‘ktirdi. Chaqaloqning jasadi oradan ikki kun o‘tganidan so‘ng qo‘shni Bag‘dod tumanidagi fermer dalasidan topildi.

Rishton tumanining Akmal Ikromov ko‘chasida istiqomat qilgan 26 yashar ayol(ayol va uning bolasi ismi sharifi Ozodlikka ma’lum, lekin ma’lum sabablarga ko‘ra u oshkor etilmaydi – tahririyat) 22 iyul kuni oqshom paytida 11 oylik o‘g‘il farzandini tumanning Zohidon qishlog‘idan o‘tuvchi Katta Farg‘ona kanaliga tashlagan.

Farg‘ona viloyati huquqni muhofaza qilish idoralaridan birida ishlaydigan Ozodlik manbasining aytishicha, ayolning bu jinoyatga qo‘l urishiga uning shar’iy nikohdagi erining bolani tan olmasligi sabab bo‘lgan:

“Bu ayol avval ikki marta turmushga chiqqan. Axloqi yaxshi bo‘lmagan. Keyin D.P. degan shaxs bilan shar’iy nikoh orqali birga yashab kelgan. Undan ham ajrashganidan so‘ng bolasiga aliment undirish maqsadida sobiq erini sudga bergan. Biroq D.P. sudda bu bola uniki emasligini aytganidan va aliment undirolmaganidan so‘ng, achchiq ustida o‘zini va bolasini suvga g‘arq etish maqsadida Katta Farg‘ona kanaliga borgan. Bolasini suvga uloqtirgandan so‘ng qo‘rqib ketgan va o‘zini suvga tashlashga jur’at etmagan”, dedi manba.

Manbaning aytishicha, bolaning o‘ligini ikki kundan so‘ng qo‘shni Bag‘dod tumanidagi fermer topib olgan:

“Chaqaloqning o‘ligi fermerning eriga oqib kelib qolgan ekan. O‘shalar topib olib, militsiyaga xabar bergan”, dedi manba.

Rishtonlik Ozodlik manbasi esa bu ayolning yomon yo‘lga yurmaganini, bugungi og‘ir iqtisodiy sharoitda bolasini boqa olmasligi uchun ruhiy tushkunlikka tushganini aytadi:

“O‘sha kuni u ayol bolasi bilan kasalxonada yotgan. Kasalxonadan qochib ketib shu ishni qilgan. Uch marta emas, ikki marta turmush qurgan. Ikkinchi eri Qal’ai nav qishlog‘idan bo‘lgan. Er nomardlik qilib bolani tan olmagan bo‘lsa, aliment to‘lashdan voz kechgan bo‘lsa, bu ayolning ruhiyatiga qattiq ta’sir qilgan. Ammo u yomon ayol bo‘lmagan, dedi rishtonlik manba.

Bolasini o‘ldirganlikda ayblanayotgan ayol hozir hibsga olingan va uning ustidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekistonda og‘ir iqtisodiy sharoitlarda qolib yoki jamoatchilik qahridan qo‘rqib tuqqan bolasini o‘z onalari tomonidan o‘ldirish holatlari ko‘p kuzatiladi.

Shu yil fevralida Urganchdagi "Dovdan" zovuri yonida tug‘ib, chaqalog‘ini suvga cho‘ktirgan 31 yashar ayol ustidan jinoiy ish ochilgan edi. O‘z chaqalog‘ini o‘ldirishda ayblanayotgan ersiz ayol¸ Urganchdagi manbaga ko‘ra, zovur bo‘yida yolg‘iz holida o‘lik bola tuqqach¸ undan qutulishga qaror qilgan.

2 fevral kuni esa, Qashqadaryoning Chiroqchi tumani Tibbiyot birlashmasi Ginekologiya bo‘limining hojatxonasidan chaqaloq murdasi topilgan edi.

O‘tgan yilning oktyabr oyida esa andijonliklar orasida “Koreyskiy sad” nomi bilan tanilgan mikrorayondagi mashhur sauna oldiga qo‘yilgan axlat qutisidan tug‘ilishi bilan bo‘g‘ib o‘ldirilgan chaqaloq murdasi topilgan edi.

2015 yilning oktyabrida Qashqadarë viloyati Chiroqchi tumani markazidagi maktab ortiga noma’lum shaxslar etti oylik tug‘ilgan chaqaloqni tashlab ketgan. Tongda daydi itlar g‘ajib tashlagan chaqaloq jasadi topilgan edi.

O‘sha yilning iyul oyida esa Xorazm viloyatining Shovot tumanida 19 yashar qiz tuqqan chaqalog‘ini molxonaga tashlab ketgan va chaqaloq kasalxonada jon bergan edi. Rasmiylarning aytishlaricha, chaqaloq badanida uni o‘ldirishga qilingan harakatlar izlari qolgan. Ayni paytda chaqaloqning onasi qamoq jazosini o‘tamoqda.

XS
SM
MD
LG