Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:24

Peterburg tan olgan dutorchilarni Toshkent tan olmayapti


Toshkent Davlat konservatoriyasida (suratda) o‘qish Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan festival g‘oliblari uchun orzu bo‘lib qolmoqda.
Toshkent Davlat konservatoriyasida (suratda) o‘qish Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan festival g‘oliblari uchun orzu bo‘lib qolmoqda.

Toshkent madaniyat kollejining 1-4 iyun kunlari Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan “Oq tunlar valsi” xalqaro festival-tanlovida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritib qaytgan 7 o‘quvchisi o‘qishni konservatoriyada davom ettirish uchun hukumat qarorida belgilab qo‘yilgan imtiyozdan mosuvo qolmoqda.

Madaniyat vazirligi rasmiysi, Ozodlik savollariga javob berarkan, vaziyatni Peterburgda o‘tgan tanlovda bolalarning g‘alaba qilganini tasdiqlovchi “protokol yo‘qligi” bilan tushuntirdi.

Shikoyat

Oliy o‘quv yurtlariga qabul imtihonlari o‘tadigan kunga 4 kun qolganda Ozodlikka kelib tushgan shikoyatda, jumladan, mana bunday deyiladi:

Assalom aleykum Ozodlik radiosi, men bu yil kollejni bitirdim. Rossiyada bólib ótgan kónkursda qatnashdim. Prezidentimiz qarolarida xalqaro kórik tanlovlarda 1 - órindan 5- óringaca lauriyat bòlgan óquvcilar oliygohlarga grant asosida qabul qilishi kórsatilgan ammo xar xil bahonalar qilib Madanyat vazirligi sertifikat, yani yollamma bermadi nima uchun?

Rubob, dutor va g‘ijjak

Ozodlik xat muallifi bilan bog‘landi. Uning aytishicha, o‘zi o‘qigan Toshkent madaniyat kollejining 7 o‘quvchisi - 3 o‘g‘il va 4 qiz bu yil yoz boshida Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan “Vals Belix nochey” xalqaro festival-tanlovida ishtirok etgan.

Toshkentlik yettovlon festivalda rubob, dutor, dutor-bas, g‘ijjak va g‘ijjak-alt kabi cholg‘u asboblarini chalish mahoratlarini namoyish qilgan va hammasi ham 1- va 2- o‘rinlarni egallab, festival-tanlov diplomlari bilan taqdirlangan.

Chiqimi ota-ona hisobidan

Ozodlikka xat yozgan o‘quvchi otasining aytishicha, festivalda ishtirok etish bilan bog‘liq barcha harajatlarni to‘laligicha ishtirokchilarning ota-onalari ko‘targan.

Boodob shikoyatchilar

Ozodlik muxbiri festival ishtirokchilaridan yana biri bilan, uchinchisining esa, otasi bilan gaplashdi. Hammasi bir xil gapni aytdi, hammasi bir xil shikoyat qildi: vazirlik oliy o‘quv yurti - konservatoriyaga test-sinovlarisiz kirishga izn bo‘luvchi sertifikatni bermayapti.

Qizig‘i shundaki, Ozodlikka xat yozgan bola ham, uning otasi ham, qolganlar ham kollej rahbariyati va vazirlik rasmiylari “xafa bo‘lib qolishidan" ism-familiyasi sir qolishini istadi.

Direktorning aytgani

Toshkent madaniyat kolleji direktori Ilhom Azimov festivalga qatnashgan o‘quvchilari bilan bog‘liq vaziyatni Ozodlikka tushuntirar ekan, “ba’zi parametrlar bo‘yicha bularga (festival ishtirokchilariga) lgota bo‘yicha Vazirlar Mahkamasidan e’tiroz chiqqani, shuning uchun festival protokolidan nusxa so‘ralgani, agar protokol taqdim qilinsa, imtiyozdan keyingi yili foydalanish mumkinligi to‘g‘risida vazirlikdan javob bo‘lgani, festivalning murakkablik darajasi yetarli bo‘lganiga shubhalar borligi” to‘g‘risida gapirdi.

Hujjat

”Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi 226- qaroriga ilova qilingan “Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ning 2- bandida

“Respublika (1-o‘rin) va xalqaro (1—5-o‘rinlar) tanlovlar va musobaqalarning individual turlarida g‘olib chiqqan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablarining bitiruvchilari oliy ta’lim muassasasiga test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadilar”, deb aniq-tiniq yozib qo‘yilgan.

Balki O‘zbekiston respublikasi madaniyat vazirligi Peterburgda o‘tgan “Oq tunlar valьsi” xalqaro festival-tanlovini tan olmayotgandir?

Vazirlik mulozimining aytgani yoki Oddiygina to‘rachilik

Vazirlik Ta’lim muassasalari boshqarmasi boshlig‘i Abdulaziz Nurullaev Ozodlikka Peterburg festivalining tan olinishini bildirdi. “Axir bolalar bilan ikki o‘qiuvchisi ham bordiku?!” dedi u.

Janob Nurullaevning aytishicha, u bolalar festivalda qo‘lga kiritgan o‘rinlarni tasdiqlovchi diplomlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, ularni vazirlikka kollej direktori olib kelib ko‘rsatgan. “Lekin bu diplomlar yetarli emas, festival protokolidan ko‘chirma kerak”, dedi vazirlik mulozimi.

Gapining oxirida Abdulaziz Nurullaev yuqorida tilga olingan Nizomning 11- bandini eslatdi:

“Xalqaro badiiy-ijodiy tanlovlar, Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarining g‘oliblari o‘zlarining ta’lim muassasasiga kirish bo‘yicha imtiyozli huquqlaridan uch yil mobaynida, respublika olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g‘oliblari esa — ular o‘tkazilgan kundan boshlab bir yil mobaynida foydalanishlari mumkin”.

Bir qarashda hech qanday muammo yo‘qday: ertami, indinmi, bir oydan keyinmi protokoldan ko‘chirma yetib keladi. Va bolalar keyingi yilimi, undan keyingi yilmi – konservatoriyaga o‘qishga qabul qilinadi.

Konservatoriya o‘rniga to‘yxona?

Lekin, o‘zbek san’atini Peterburgda ko‘z-ko‘z qilib kelgan 7 o‘g‘il-qizning konservatoriyada o‘qish istagi kelasi yilgacha saqlanib qoladimi?

Bunga ishonch yo‘q. Har holda g‘ijjakchi bolalardan biri Ozodlikka savollariga javob berarkan, orada gapni uzib, nariroqda turgan o‘rtoqlari bilan gaplashdi. Gap mazmunidan ularning ham sozanda yigitlar ekanligi, shu ketishda ular to‘yga ketayotgani anglashildi.

XS
SM
MD
LG