Линклар

Qozog‘istonning sobiq poytaxti Olmaota shahri shohko‘chalaridan biriga qaragan bino bir qarashda sharqona ornamentlarga o‘xshash bezaklar bilan bezalgan. Ammo mutaxassislar bu bezaklar arab yozuvi ekani, ularda ulug‘ va pok Olloh zikri aks etganini ta’kidlamoqdalar.

Qozog‘istonlik dinshunoslar shu kunda bundan 50 yillar muqaddam qurilgan ko‘p qavatli uy tashidagi bezaklar ustida bosh qotirmoqda. Ekspert Asilbek O‘rinbosarov ta’kidicha, arab yozuvini bilgan odamlar bu bezaklarni birlashtirib, “Subhonolloh”, “Muhammad” va boshqa yozuvlarni o‘qishi mumkin.

Ilk qarashda sharqona ornamentga o‘xshagan bu bezaklar, mutaxassislar fikricha, aslida eski Ko‘fiy yozuv namunalari bo‘lib hisoblanadi.

- Bu yerda arabchada "Subhonolloh" yozilgan. Bu “Olloh pokdir” degan ma’noni anglatadi. Mana bu yerda esa “Muhammad” deb yozilgan, - deydi Asilbek O‘rinbasarov.

Xalq tilida “xrushchevka” deb ataladigan besh qavatli bu uyda yashovchilar devordagi bezaklar nimani anglatishi haqida hech qachon bosh qotirmagan ekanlar.

- Uyimiz eskigina, shuning uchun uning ta’mirlanishini istardik. Endi bu bezaklar haqida bilganimdan keyin o‘ylanib qoldim. Balki ularni olib tashlash kerak emasdir. Chunki bu bizning uyimiz tarixi, bu juda qiziq, - deydi bu uyda yashovchi ayollardan biri.

- U yerda payg‘ambarimizning ismi yozilgan bo‘lsa, men bu yozuvlar qolishiga qarshi emasman, qolgani ma’qul, - deydi uyning boshqa bir turg‘uni.

Ammo bu uyda yashaydigan olmaotaliklarning hammasi ham shu fikrda emas.

- Bu o‘ziga xos tashviqot, birovga fikrni zo‘rlab o‘tkazishdir. Bizda turli dinga mansub odamlar yashaydi – musulmonlar ham, nasroniylar ham, buddaviylar ham, yahudiylar ham bor. Shuning uchun men bu yozuvlarni olib tashlash lozim bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman, - deydi mazkur uyda yashaydigan rusiyzabonlardan biri.

Qozog‘istonlik ekspertlar ateistik tashviqot avjiga mingan pallada bunyod qilinmish bu uy me’morlari buning diniy matn bo‘lganini anglamaganlar va shunchaki sharqona bezak o‘laroq qabul qilganlar, degan fikrda.

Biroq xattot Serik Tojiboev bu fikrga qo‘shilmaydi. Uning aytishicha, ko‘p qavatli binoda bu yozuvlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaganiga ishora qiluvchi alomatlar bor.

- U yerda “Ollohu akbar”, “Subhonolloh” va “Muhammad” so‘zlari ham bo‘yiga, ham eniga qatorasiga yozilib turibdi. Bu ish qandaydir maqsadni ko‘zlab qilingan, kimdir buni ataylab ko‘rsatishni istagan. Bu yerda falsafiy nuqtai nazarda muayyan g‘oya bor, - deydi Olmaotadagi “Nur-Muborak” Misr va Islom madaniyati universiteti o‘qituvchisi Serik Tojiboev.

Besh qavatli uydagi qur’oniy matnlar haqida qozoq rasmiylari ham, diniy idora vakillari ham hali hech qanaqa rasmiy bayonot berganlari yo‘q. Ayni paytda dinshunoslar bu yozuvlar hech qanaqa salbiy ma’no tashimasligi va ekstremistik chaqiriqlarni aks ettirmasligini urg‘ulamoqdalar.

Olmaotadagi ko‘p qavatli uy devorini bezagan matnlarga o‘xshash yozuvlarni O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa shaharlarida saqlanib qolgan masjid-madrasalar devorlarida ham uchratish mumkin.

XS
SM
MD
LG