Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:04

Rossiya hukumati "itoatkor" muhojirlarni o‘z himoyasiga olmoqchi


Rossiya hukumati migratsiya to‘g‘risidagi qonunlarga istiqomat huquqiga ega, yaxshi pul topuvchi va ish joyi bilan ta’minlangan mehnat muhojirlarini mamlakatdan chiqarib yubormaslik imkonini beruvchi o‘zgartishlar kiritmoqchi.

“Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi Rossiya Federatsiyasi Kodeksiga o‘zgartishlar”, deb nomlangan hujjat parlamentga yuborilgan.

Hujjatda, masalan, qayddan o‘tish muddatini o‘z vaqtida uzaytira olmagan migrant endilikda deportatsiya qilinmasligi belgilangan.

Yaqinda Rossiya Konstitutsiyaviy Sudi “Rossiya Federatsiyasidagi xorij fuqarolar huquqiy holati to‘g‘risida”gi Qonunning 8- moddasi 6- bandi Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga mos kelmasligini tan oldi.

Bu moddaga muvofiq, har yili migrantlar o‘zining Rossiyada yashash joyini mahalliy migratsiya idorasiga bildirib turishi lozim. Buning uchun migrantlar bir necha kun davomida navbatda turib, tegishli inspektor qaydidan o‘tishlari lozim.

2013 yilda joriy etilgan "Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi Kodeks"ning 18.8 moddasi asosida hatto ko‘chani noto‘g‘ri kesib o‘tgan yoki biror to‘lovni bir kunga kechiktirgan xorijlik avtomatik tarzda mamlakatdan chiqarib yuborilishi belgilangan.

Shu tariqa, migratsiya qonunchiligidagi o‘zgartishlar Rossiya Konstitutsiyaviy Sudining shu yilning fevralida chiqarilgan qarori asosida kiritilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Gap shundaki, Moldaviya vatandoshi bo‘lgan Mixail Tsurkan Rossiyadan chiqarib yuborilgani ustidan avvaliga mahalliy sudlarga arz qildi, natija bo‘lmagach u Konstitutsiyaviy Sudga murojaat qildi. Shunda Konstitutsiyaviy Sud hakamlari quyi sud idoralariga muhojirning turmush tarzi, uning mehnat faoliyati va qonunlarga itoatkorligini inobatga olishlari shartligini belgilab berdi.

Bu va boshqa tuzatishlar Dmitriy Medvedev hukumati tomonidan Dumaga kiritilgan qonun loyihasida o‘z aksini topdi.

Agarda hukumat o‘zgartishlari ma’qullansa, muhojirni chiqarib yuborish-yubormaslik masalasini hal etayotgan sudlar xorijlikning Rossiyada uzoq muddat yashab kelayotgani, uning oilaviy ahvoli, uning soliq to‘lovlari tarixi, daromad manbayiga ega bo‘lishi va uy-joy bilan ta’minlanganligi hamda uning faoliyat turi va kasbi, qonunlarga itoatkorligi, Rossiya vatandoshligini olishga hujjat topshirgani va boshqa vaziyatlarni inobatga olish imkoniga ega bo‘ladilar”, deyiladi xabarnomada.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy Sud hakamlari Rossiyada oilasi mavjud migrantlarni ham mamlakatdan badarg‘a qilmaslikni tavsiya qildi. Ular har bir vaziyatni alohida o‘rganib chiqish zarurligini belgilab berdi.

Bu ko‘rsatmalar asosan Moskva va Sankt-Peterburg megapolislari va tegishli viloyatlarga taalluqli ekanini qayd etidldi, zero federal miqyosga ega aynan Moskva va Peterburg shaharlari, Moskva va Leningrad viloyatlaridan chiqarib yuborilgan muhojirlar soni umumiy hisobdan 50 foizni tashkil etadi.

Shu bilan birga, rasmiy saytga ilingan migratsiya sohasiga oid yana bir qonun loyihasida vaqtinchalik yashash guvohnomasi (VNJ)ga ega xorijliklarga bu hujjatning amal qilish muddati oxirigacha maxsus viza berilishi belgilanganini ko‘rish mumkin.

Vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi (RVP yoki Razreshenie na vremennoe projivanie.-tahr.) uning egasiga Rossiyada ish patentlarisiz va oylik patent to‘lovlarisiz ishlash huquqini beradi.

Rossiya Migratsiya idorasi rasmiy ma’lumoticha, 2016 yil boshida mamlakatda qariyb 9 million 900 ming muhojir qaydda turib yashab kelgan. 2013-2015 yillar davomida Rossiya sudlari tomonidan mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida 513 mingdan ziyod qaror chiqarilgan.

Rossiyaga kiritilmayotgan xorij vatandoshlari soni allaqachon 1,6 million kishidan oshgani ma’lum.

Ularning aksar qismini O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston respublikalari vatandoshlari tashkil etadi.

Ayni paytda, Rossiya Migratsiya idorasi o‘tgan bir yil davomida ishga ruxsatnoma va patent rasmiylashtirgan muhojirlar soni 2014 yilga nisbatan 44 foizga kamayganini ochiqlagan.

XS
SM
MD
LG