Линклар

logo-print

15 iyuldagi muvaffaqiyatsiz to‘ntarishdan beri Turkiya rasmiylari AQShda istiqomat qiluvchi ruhoniy Fathulloh Gulanni ayblab keladi. Turkiyada ko‘pchilik bu fikrga qo‘shiladi. Gulan harakati tarixiga nazar solsak, buning sababini anglab olamiz.

Gulan harakati nimani istaydi?

Gulan dastlab sunniy islomning hanafiy mazhabi a’zosi bo‘lgan usmonli-kurd olimi Said Nursini qo‘llagan. Ammo 1970- yillarda Gulan o‘z maktabini, ta’bir joiz bo‘lsa, tariqatini tuzgan. Mazkur maktabga “Gulan jamoati” nomini berishgan.

Turkiyaning dunyoviy hamda armiyani qo‘llovchi hukumati boshqa jamoalar qatorida Gulen harakatini ham taqiqlagan. Natijada gulanchilar 1983 yilgacha yashirin faoliyat ko‘rsatishga majbur bo‘lgan. Ammo boshqa diniy jamoalar asosan Qur’onni o‘rganish hamda ibodat qilish bilan shug‘ullangan bo‘lsa, Gulan harakati tobora siyosiylashib borgan. Tadbirkorlar oqimni moliyalashtira boshlagan, natijada harakat Turkiyadagi konservativ hamda diniy guruhlar orasida siyosiy o‘yinchi o‘laroq gavdalangan.

Turkiyadagi islomiy guruhlar bo‘yicha etakchi mutaxassis Rushen Chaqir (Rusen Cakir) “[Gulan] o‘shanda jamiyat uchun “botir, o‘zgalarni o‘ylovchi odamlarni” tarbiyalashni xohlashi haqida yozgan”, deydi. “Ular yosh avlodni tarbiyalab, hukumatning turli pog‘onalariga: politsiya, adliya tizimi, Ichki ishlar vazirligi, hatto armiyaga joylashtirishni ko‘zlashgan”.

“Ammo boshqa faoliyati ochiq bo‘lgan siyosiy partiyalardan farqli o‘laroq, Gulan harakatida hamma narsa sir bo‘lgan. Guruhda necha a’zo borligi, ularning kim ekanligi, ular siyosiy yo‘nalishda nimalarni amalga oshirishni istashi hech qachon ma’lum bo‘lmagan. Mazkur harakat hamda unga bog‘liq “jamg‘armalar” hamda bizneslar tobora boyib, harakatga yanada ko‘proq odam qo‘shilayotgani haqidagi mish-mishlar urchidi. Ammo buni tasdiqlovchi aniq dalil bo‘lmagan”.

Harakat qanchalik katta?

Gulan harakati a’zolari sonini yoki uning boyligi qiymatini aniqlashning deyarli iloji yo‘q. Aksar hisoblarga ko‘ra, keyingi 40 yil ichida harakat o‘n minglab a’zoni to‘plagan.

Gulan biror “tarmoqqa” yetakchilik qilishini inkor etib keladi. Ruhoniy istalgan davlat idorasidagi odam tarmoq yaratmasdan ham uni qo‘llashi mumkinligini, boshqa partiyalar ham aynan shunday qilishini ta’kidlaydi. Ammo tahlilchi Chaqir maktab bitiruvchilariga “jamoa yetakchilari”, ya’ni Gulan harakatining yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi a’zolari tomonidan qaysi kasblarni tanlash haqida maslahat berilishi boshqa siyosiy partiyalarda kuzatilmasligini aytadi.

Nima uchun oqim Turkiya hukumati bilan to‘qnashdi?

1970- yillarda Turkiya hukumati, armiyasi hamda xavfsizlik xizmatlari o‘z saflaridan Gulanni qo‘llagan shaxslarni chetlatishga harakat qilgan. 1980- yillarda esa dunyoviy partiyalar hamda jurnallar (masalan, quyida keltirilgan “Nuqta” (1986) jurnali) armiyadagi “fathullohchilar” haqida ogohlantirgan.

Armiya va davlat xizmatida yuqori pog‘onalarga ko‘tarilgan gulanchilar sheriklariga yordam berib, ularni o‘z saflariga jalb qilishgan. Xabarlarga ko‘ra, 2010 yilda davlat agentliklariga kirish uchun topshiriladigan sinov javoblarini gulanchilar bir-biriga yuborgan.

Gulan uni qo‘llovchilarni yig‘ar va ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatar ekan, uning Turkiyadagi hamda xorijdagi maktablari unga obro‘ va e’tibor olib kelgan. Tanqidchilar gulanchilar maktablarni boshqarish niqobi ostida hukumatga o‘rnashib olishganini ta’kidlab keladilar. Shunday bo‘lsa-da, Gulan Turkiya ta’lim tizimini hamda madaniyatini yuksaltirishni xohlashini har doim aytib kelgan.

1999 yil Gulanning nutqlarini yashirin tarzda yozib olishadi. Bu yozuvlarni davlat telekanallari efirga uzatadi. O‘shanda Gulan uni qo‘llovchilarni “ovoz chiqarmasdan, sabr bilan” davlat agentliklariga kirib borishga hamda “o‘zgarishlar” uchun qulay fursatni kutishga chaqirgan. “Agar o‘ta tez chora ko‘rsangiz, Turkiya davlat institutlari sizga qarshi chiqadi”, degan Gulan.

Dunyoviy matbuot hamda hukumat tazyiqi ostida 1999 yili Gulen AQShga ko‘chib boradi. Ammo uning harakati kengayishda davom etadi.

Nima uchun Erdo‘g‘on bilan aloqalar sovudi?

2000- yillarda yuqori lavozimli politsiya, adliya tizimi, matbuot, ta’lim institutlari xodimlari hamda harbiylar orasida Gulanni qo‘llaganganlar bo‘lgan. O‘sha paytda Gulan Rajab Toyib Erdo‘g‘onning yaqin hamkori bo‘lgan. Erdo‘g‘on 2003 yili bosh vazir etib tayinlangan. Gulan ham, Erdo‘g‘on ham bir xil islomiy qarashlarga ega bo‘lgan. Ammo dunyoviy davlat ichida islomiy harakat qanday faoliyat yuritishi kerakligi haqida ikki yetakchi qarama-qarshi fikrga ega bo‘lgan.

Erdo‘g‘onning Adolat va taraqqiyot partiyasi 2002 yilgi parlament saylovlarida g‘alaba qozonib, bir partiyali hukumat tuzganidan keyin, partiyani Gulan harakati qo‘llab-quvvatlagan. Bunga javoban 2010 yilgacha harakatga erkin faoliyat yuritishga izn berilgan.

O‘sha yili Erdo‘g‘on gulanchilarga qarshi chora ko‘ra boshlagan. Prezident politsiya hamda maktablarni tozalay boshlagan, ammo armiyaga tegmagan. 2013 yili Adolat va taraqqiyot partiyasi hamda Erdo‘g‘on yaqinlari orasidagi poraxo‘rlik haqidagi audio va video yozuvlar tarqalib ketdi. Buning ortida gulanchilar turgani aytildi. Natijada Erdo‘g‘on Gulanga butunlay qarshi bo‘lib oldi.

Nima uchun gulanchilar o‘ta tez qo‘lga olindi?

To‘ntarish harakati boshlanganidan keyin ikki kun ham o‘tmay hukumatga sodiq bo‘lgan politsiya, xavfsizlik hamda armiya xodimlari gulanchilikda ayblangan 7 mingga yaqin kishini qo‘lga oldi. Keyingi yetti kun ichida bu ko‘rsatkich 50 mingga yetdi. Ammo ayrimlar keyinroq qo‘yib yuborildi. Turli nashriyotlar, bizneslar hatto maktablar yopildi yoki ularning boshqaruvi almashdi.

Harbiy to‘ntarish urinishidan keyin Gulan harakatining a’zosi ekanligi aytilayotgan shaxslar harakat yetakchilari ularga og‘zaki yoki xabar yordamida ko‘rsatma berganiga iqror bo‘lishdi. Hatto bir polkovnik generalga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan.

Qanday qilib buncha ko‘p gulanchini buncha tez aniqlashgani ko‘chilikni hayratga soldi. Ayrimlar, jumladan, Yevropa Ittifoqini kengaytirish masalasi bo‘yicha komissar Yoxannes Xan Turkiya hukumati Gulanchi shaxs va tashkilotlarning ro‘yxatini oldidan tuzganini ta’kidlamoqda. Ba’zilar hatto harbiy to‘ntarish xo‘jako‘rsinga amalga oshirilgan, deb hisoblaydi.

Gulan harakati Turkiya siyosatida 40 yildan beri ishtirok etib kelayotgani, Erdo‘g‘on avtoritar yetakchi ekanini e’tiborga oladigan bo‘lsak, mamlakat hukumati davlat idoralari, ta’lim tizimi hamda tijoratdagi gulanchilar ro‘yxatini oldindan tuzib qo‘ygan bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Qolaversa, ularni xavfsizlik xizmati hamda armiya nazorat qilgani aniq.

Erdo‘g‘onning maslahatchilariga ko‘ra, Turkiya prezidenti avgust oyida mamlakat armiyasini tozalamoqchi bo‘lgan. Bu esa fitnachilarni birinchi bo‘lib qo‘l ko‘tarishga undagan bo‘lishi mumkin. 17 yil avvalgi nutqlarida Gulan “o‘ta erta zarba berish” ahmoqlik bo‘lishini aytgan edi. Gulan harakati to‘ntarishga aloqadormi, yo‘qmi, oqim etakchisining mazkur bashorati to‘g‘ri bo‘lib chiqdi.

Abbos Javodiy, Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi tahlilchisi

XS
SM
MD
LG