Линклар

Jizzax shahridagi byudjet idoralarining har bir xodimidan eksport uchun yetishtirish rejalashtirilayotgan sabzavot - gulkaram urug‘i uchun 40 ming so‘mdan pul yig‘ilmoqda. Ayrim tashkilotlardan pulni "Mikrokreditbank"ka topshirish, ayrimlaridan esa sabzavotni ekib, hosilni etkazib berish talab qilinmoqda. Viloyat hokimligiga yaqin manbaga ko‘ra, hokim Bosh vazirga bu yil gulkaram yetkazib berishni va’da qilgan.

Jizzax viloyat hokimligiga yaqin manbaning aytishicha, viloyat hokimi iyul boshida Bosh vazir Shavkat Mirziyoev ishtirokida o‘tgan selektor yig‘ilishida eksport uchun gulkaram yetkazib berish tashabbusi bilan chiqqan:

"O‘z qulog‘im bilan eshitdim. Mirziyoev nima etishtirib berasizlar, deb so‘ragan edi, hokimning o‘zi aytdi: "500 gektar yerga gulkaram ekamiz", deb. Endi Jizzax shahri atrofidagi rayonlar, asosan, Jizzax tumanida ekiladi, menimcha. Hozir byudjet idoralaridan ishchi boshiga 40 ming so‘mdan uruqqa pul yig‘ilyapti", dedi manba Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Jizzax viloyati hokimligi shahardagi byudjet tashkilotlari xodimlaridan so‘nggi 15 kundan buyon gulkaram urug‘i uchun mablag‘ yig‘ilayotganini tasdiqladi. Gulkaram yetishtirishni tashkillashtirish ishlari bilan viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari shug‘ullanayotgani ham aytildi. Ammo, o‘rinbosar Abdunabi Shodmonovdan rasmiy izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

"Turonbank"ning Jizzax shahridagi filiali xodimi pul yig‘ishni viloyat hokimligi talab qilgani va bu ish bilan bank raisi o‘rinbosari shaxsan shug‘ullanayotganini aytdi:

"Yig‘ib bo‘lay, deb qoldik. Rais o‘rinbosari shaxsan shug‘ullanayapti. Hozircha faqat pul yig‘ilyapti", dedi bankning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Shahardagi yana bir bankdan olingan ma’lumotga ko‘ra, ularga pul yig‘ish, so‘ngra maxsus ajratiladigan er maydonida gulkaramni etkazib berish ham topshirilgan.

Shahardagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari, ayrim shifoxona va poliklinikalarda ham pul yig‘ilayotgani aytildi.

Norasmiy ma’lumotga ko‘ra, o‘qituvchilar va shifokorlar pulni "Mikrokreditbank"ka topshirishga majburlanmoqda:

"Bu bank pulga urug‘ olib, fermerlarga tarqatadi, chamamda. Lekin, hali hech narsa ma’lummas, hozircha hammadan majburlab pul yig‘ishyapti. Qachon ekiladi, qancha maydonga ekiladi, qaysi maydonlarga ekiladi - hali biror rasmiy gap bo‘lgani yo‘q", dedi jizzaxlik manba.

Jizzax tumanida 35 gektar yeri bo‘lgan fermerlardan biri esa ularga bug‘doydan bo‘shagan maydonda gulkaram ekish haqida ko‘rsatma kelgani va urug‘ uchun ulardan ham pul yig‘ilayotganini aytdi.

Shu vaqtgacha karam ekmagan dehqon hosil yaxshi bo‘lmay qolishidan xavotirda:

"Men shaxsan o‘zim hech ekmaganman, Jizzaxda ekanni ko‘rmaganman ham. Oddiy karam ekkanmiz, lekin uni birinchi ekin qilib ekardik. Hozir 5 avgustdan boshlab ekasizlar, ungacha 3 million so‘mdan uruqqa pul o‘tkazinglar, deb topshiriq kelgan. Issiq 43 daraja bugun, bunaqa issiqda gulkaram ko‘kararmikin, hosil berarmikin yoki yana pulini berasan deyisharmikin, deb hayronmiz", dedi ismini oshkor qilishni istamagan jizzaxlik fermer.

O‘zbekistonda gulkaram, asosan, iqlimi biroz salqin bo‘lgan viloyatlarda, jumladan, Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida etishtiriladi.

90-120 kun ichida yetiladigan bu sabzavot tuproq namligi 70, havo namligi 80 foiz atrofida bo‘lgan quyoshli iqlimda yaxshi o‘sadi. Havo harorati esa eng pasti +10, yuqorisi +25 darajagacha bo‘lishi lozim. Jizzax viloyatida gulkaram ekish ko‘zlanayotgan avgust-noyabr oylarida havo harorati 35-40 daraja, yil salqinroq kelganda 20-25 darajagacha issiq bo‘lishi kuzatiladi. Bundan tashqari, viloyatda keyingi yillarda suv tanqisligi ham kuzatilmoqda.

Shu bois, viloyat hokimining bug‘doyzorlardan bo‘shagan maydonlarga ikkinchi ekin sifatida gulkaram ekish tashabbusiga tanqidiy ko‘z bilan qarayotganlar ko‘p bo‘lmoqda. Aksincha, fermerlar yillar davomida ekilgan dukkakli ekinlar - mosh, loviya yoki issiqsevar sabzavotlar ekish tashabbusini ilgari surmoqdalar.

Ammo, bu yil xorijga savbzavot va meva eksportini 17 barobarga oshirishni ko‘zlagan hukumat joylarda dehqon-fermerlarga qaysi sabzavotni ekish bo‘yicha ko‘rsatma berayotgani, ayrim hollarda ko‘rsatmalar iqlim, yer maydonining sharoiti va bugungi ahvoli, dehqonlar ixtisoslashgan sohalarga zid kelayotganidan shikoyatlar ko‘p bo‘lmoqda.​

XS
SM
MD
LG