Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:05

Rossiyada Pokemon Goning mahalliy versiyasini chiqarishmoqchi


Moskva rasmiylari rossiyaliklar pokemonlarni izlash o‘rniga Rossiya tarixidagi muhim shaxslarning virtual versiyalarini ovlashini istab qoldi.

Shahar meriyasi smartfonlar uchun Pokemon Goga o‘xshash o‘yin ishlab chiqilayotganini e’lon qildi. Taklif qilinayotgan o‘yin moskvaliklarga o‘z vatanlari hamda poytaxtlari tarixi haqida ma’lumot beradi. Ammo yangi o‘yin ham Pokemon Go singari foydalanuvchilarni tashqarida piyoda yurib, badantarbiyaga chorlaydi.

Moskva shahri meriyasining Axborot texnologiyalari bo‘limi 25 iyul kuni e’lon qilgan bildiruvda “O‘yinning maqsadi zamonaviy kuchaytirilgan reallik texnologiyasidan foydalanib, Moskvaning boy madaniy merosiga e’tibor qaratish hamda moskvaliklarni ko‘proq piyoda yurishga undashdir”, deyiladi.

Bildiruvga ko‘ra, yangi o‘yinni avgust oxiridan boshlab ko‘chirib olish mumkin bo‘ladi.

Prezident Vladimir Putin Rossiyada keng tarqalgan texnologiyalarning mahalliy versiyasini ishlab chiqish orqali G‘arb ta’sirini ozaytirishga urinib keladi. Moskvaning Ukrainadagi harakatlari ortidan Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar sovub ketgan.

O‘tgan yili Rossiya Visa hamda MasterCard to‘lov kartalariga muqobil o‘laroq o‘z kartasini joriy qildi.

Biror narsa G‘arbda mashhur bo‘lib ketsa, odatda Rossiyada darrov uning nusxasini ishlab chiqishadi. Masalan, Harri Potterning "onasi" britaniyalik Joan Roulingning kitoblari butun dunyoda ommalashib ketganidan keyin Rossiyada unga o‘xshash bir necha asar yozildi. Ularning birida bosh qahramon moskvalik qizcha bo‘lib, uning ismi Tanya Grotterdir.

“Moskvani o‘rganing” o‘yinida virtual pokemon jonzotlarini topib, ushlash o‘rniga Moskva ko‘cha va parklarida mashhur tarixiy hamda madaniy shaxslarni izlash kerak.

Pokemon Godan farqli o‘laroq, rus o‘yinida tarixiy shaxslarning obrazi 3D o‘lchamda yoritiladi. Dastur yodamida o‘yinchilar o‘zlarini virtual tarixiy shaxslar yonida suratga olishlari mumkin bo‘ladi. Pokemon Go o‘yinida esa foydalanuvchilar to‘plagan pokemonlari yordamida boshqa o‘yinchilar bilan bellasha oladilar.

“Moskvani o‘rganing” o‘yiniga Buyuk Pyotr, Ivan Grozniy, Yuriy Gagarin, Viktor Soy, Aleksandr Pushkin, Mixail Lomonosov, Pyotr Chaykovskiylar obrazi kiritilgan.

Pokemon Go o‘yini hali Rossiyada rasman bozorga chiqarilgani yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, rossiyaliklar uni sevib o‘ynamoqda. Siyosatchilar, xavfsizlik xizmati xodimlari, millatchilar hamda diniy guruhlar esa o‘yinga shubha bilan qaramoqda.

Ayrim rossiyaliklar o‘yinni pul o‘marishni ko‘zlashda ayblasa, boshqalar virtual pokemonlar muqaddas joylarda ham paydo bo‘lib, hurmatsizlik qilishi mumkinligini aytishmoqda.

Qolaversa, ularning ta’kidlashicha, Pokemon o‘yinini o‘ynaganlar o‘z smartfonlari kamerasini Rossiya hududidagi muhim joylarga qaratadilar. Amerikaliklar esa o‘yinchilardan olingan ma’lumotni saqlab oladilar.

XS
SM
MD
LG