Линклар

Qozog‘istondagi KATEV jamg‘armasi Gulenga aloqasi yo‘qligini aytmoqda


Turkistondagi Xoja Ahmad Yassaviy nomli qozoq-turk universiteti binosi.

Turkistondagi Xoja Ahmad Yassaviy nomli qozoq-turk universiteti binosi.

Turkiyada muvaffaqiyatsiz yakunlangan harbiy to‘ntarish harakatidan keyin Anqara yana Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi “gulenchi” o‘quv yurtlariga qiziqa boshladi. Qozog‘istondagi qozoq-turk o‘quv yurtlarida Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on “parallel davlat barpo etganlik”da ayblayotgan Fathulloh Gulenga hech qanaqa aloqalari yo‘qligi aytmoqdalar.

Qozog‘istondagi KATEV xalqaro jamoatchilik jamg‘armasi 29 ta qozoq-turk litseyi, Olmaotadagi Sulaymon Demirel nomli universitet, ikki kollej va “Nur O‘rda” xususiy maktablarini dastaklab keladi. Jamg‘arma qoshidagi maktablarda 1216 nafar o‘qituvchi ishlaydi, ularning 92 nafari Turkiya vatandoshidir.

KATEV 1997 yili Qozog‘iston va Turkiya o‘rtasidagi shartnoma asosida qozoq-turk o‘quv muassasalariga ko‘mak ko‘rsatish uchun tuzilgan. Anqara bu o‘quv yurtlarini AQShda yashovchi turk teologi Fathulloh Gulenga aloqasi bor, deb hisoblaydi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on so‘nggi bir necha yildan buyon hokimiyat tuzilmalari, sud tizimi, armiya qo‘mondonligi va axborot fazosini “gulenchilardan tozalash” ishi bilan faol shug‘ullanib keladi. Turk muxolifati avtokrat deb hisoblaydigan Erdo‘g‘on Fathulloh Gulenni 15 iyul kuni sodir etilgan harbiy to‘ntarish harakatiga aloqador, deb biladi. Harbiylarning bu isyoni chog‘ida 250 chog‘li tinch aholi vakili nobud bo‘lgan.

KATEV vakili Ozodlikning qozoq xizmatiga bergan intervyusida jamg‘armaning Gulenga mutlaqo aloqasi yo‘qligini aytgan. Jamg‘armaning o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha vitse-prezidenti Nurbo‘l To‘labaevga ko‘ra, KATEV asosan o‘quv yurtlari uchun malakali o‘qituvchilar topish va yangi ta’lim texnologiyalarini tatbiq qilish bilan shug‘ullanadi.

- Qozoq-turk litseylarining hammasi davlat muassasasi bo‘lib hisoblanadi. Ta’lim va fan vazirligi o‘qituvchilarning oylik maoshi, o‘quv yurtlaridagi kommunal xizmatlar uchun mablag‘ ajratadi. KATEV jamg‘armasi o‘qituvchilar malakasini oshirish, o‘quv yurtlari uchun (ta’lim boshqarmalari bilan kelishilgan holda) o‘qituvchi va rahbar xodimlar qidirish bilan shug‘ullanadi, o‘qituvchilarga 30 mingdan 230 ming tangagacha (85 dollardan 650 dollargacha – tahr.) stipendiya tayin qiladi. Agar yangi texnologiyalar Ta’lim va fan vazirligi standartlariga muvofiq kelsa, jamg‘arma ularni o‘quv jarayoniga tatbiq qilish bilan shug‘ullanadi. Ya’ni jamg‘arma faqat ta’lim masalalari bilan shug‘ullanadi. Bizda “Nur O‘rda” kabi pulli maktablar bor. U yerdan tushgan hamma pul ta’lim sohasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi, - deydi jamg‘arma vitse-prezidenti Nurbo‘l To‘labaev.

Istanbuldagi namoyishlardan birida yoqilgan Fathulloh Gulen portreti, 2016 yil 18 iyuli.

Istanbuldagi namoyishlardan birida yoqilgan Fathulloh Gulen portreti, 2016 yil 18 iyuli.

So‘nggi kunlarda turk rasmiylari Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi “gulenchilarning o‘quv yurtlari” haqida tanqidiy bayonotlar bilan chiqishdi. Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li Qirg‘iziston Markaziy Osiyodagi “Gulen izdoshlari”ning bazasiga aylanganini bildirdi. Bunga javoban Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi turk jamg‘armalari bilan birgalikda o‘quv yurtlarining ochilishi “Bishkakning ichki ishi” ekanini bildirdi. Ikki yil avval Turkiyaning “gulenchilar” o‘quv yurtlarining yopilishi haqidagi iltimosiga Ostona ham shunga o‘xshash javob bergan.

Qozog‘iston Ta’lim va fan vazirligi 2014 yil aprelida qozoq-turk litseylari yopilmasligini bayon qilgan. “Ular (qozoq-turk litseylari – tahr.) mahalliy byudjetdan moliyalanadi. Bu dasturlar uchun vakolatli organ, ma’mur viloyat hokimiyatlari bo‘lib hisoblanadi. Ular Ibray Altinsarin nomidagi Milliy akademiya tomonidan ishlab chiqilgan davlat o‘quv dasturlari asosida ishlaydi”, deyilgandi vazirlik bayonotida.

Nurbo‘l To‘labaev qirg‘iz diplomatlarining qanaqa litseylarni ochish “suveren mamlakatning ichki ishi” ekaniga oid pozitsiyasiga qo‘shiladi.

- Bizning Fathulloh Gulen bilan na moliyaviy, umuman, hech qanaqa aloqamiz yo‘q. Biroq Internet sharofati bilan Fathulloh Gulen kim ekanini bugun hamma biladi. U faylasuf sifatida butun dunyo bo‘ylab ochilayotgan bunday maktablar haqida ijobiy fikr bildirgan bo‘lishi mumkin. Biroq bu qozoq maktablari Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboev va Turkiyaning sobiq prezidenti Turg‘ut O‘zal o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida ochilgan. Bu o‘quv yurtlarining ochilishida Fathulloh Gulen ham, Sulaymon Demirel ham, Toyyib Erdo‘g‘on ham qatnashgan emas. Bu litseylarda Fathulloh Gulenning kitoblari va ta’limoti o‘rganilmaydi, - deydi Nurbo‘l To‘lebaev.

KATEV vakili ularga Turkiyadan ham, Qozog‘iston tomonidan ham “gulenchilar”ga qarshi kampaniya bilan bog‘liq hech qanaqa ko‘rsatma yoki xat kelmaganini aytadi.

Qozog‘istonning Turkiston shahridagi Xoja Ahmad Yassaviy nomli Xalqaro qozoq-turk universitetining KATEV xalqaro jamg‘armasiga aloqasi yo‘q. U ham Qozog‘iston va Turkiya o‘rtasida madaniy aloqalar o‘rnatila boshlagan pallada - 1991 yilda tuzilgan.

Qozog‘iston Ta’lim va fan vazirligi Ozodlikning qozoq xizmati so‘roviga javoban mazkur universitetda 48 nafar turkiyalik va 819 nafar qozog‘istonlik o‘qituvchi ishlashini qayd etgan.

“Fathulloh Gulenning Xoja Ahmad Yassaviy nomli Xalqaro qozoq-turk universitetiga hech qanaqa aloqasi yo‘q”, deb yoziladi vazirlikning rasmiy javobida.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Do‘sim Satpaev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on “gulenchilar”ni bir necha yildan beri ta’qib qilayotganini urg‘ulaydi. Uning fikricha, Turkiyaning Markaziy Osiyodagi hamkor mamlakatlarga “Gulenga aloqador” o‘quv yurtlarini yopish bo‘yicha talabi bundan buyon faqat kuchayib boraveradi.

- Erdo‘g‘on hozir katta siyosiy o‘yin boshladi. U Gulenni qandaydir g‘oyaviy faoliyatni faqat Turkiyada emas, balki boshqa mamlakatlarda ham olib borayotganlikda ayblashga urinayapti. Ya’ni u Gulenga qarshi o‘z dastak auditoriyasini kengaytirishga harakat qilayapti, - deydi Do‘sim Satpaev.

Siyosatshunosga ko‘ra, Qozog‘iston tomoni turk o‘quv yurtlari bo‘yicha konkret pozitsiyasini bildirib qo‘yishi kerak.

- Ta’lim tizim uchun javobgar soha idoralari o‘quv yurtlari bo‘yicha barcha so‘rovlarga aniq-tiniq javob berishlari lozim. Men masala uzil-kesil hal bo‘lishi uchun Turkiya so‘rovlariga rasmiy darajada ham aniq-tiniq javob berilishi kerak, deb o‘ylayman. Chunki, agar o‘quv yurtlari siyosiy o‘yinlarga aralashtirilsa, bu ular uchun uncha yaxshi bo‘lmagan vaziyat yaratadi, - deydi Do‘sim Satpaev.

Yaqinda Ozarbayjon poytaxti Bokuda turk o‘quv yurtlaridan biri – Kavkaz universiteti yopildi. Turkiyadagi ayrim nashrlarning yozishicha, bu mintaqada Fathulloh Gulen asos solgan ilk universitetlardan biri bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG