Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:47

MXX binosi oldida o‘ziga o‘t qo‘ygan sherobodlik nogiron o‘ldi


Milliy xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani bo‘limi binosi oldida o‘ziga namoyishkorona o‘t qo‘ygan ikkinchi guruh nogironi voqeadan to‘rt kun o‘tib, kasalxonada jon berdi. Voqea guvohlariga ko‘ra, uning jasadi bir kun kasalxonada ushlab turilgandan so‘ng, chorshanba kuni kechqurun yaqinlariga berilgan. Nogiron pensiyasini ololmayotgani uchun MXXga arz qilgani, MXX esa uni militsiyaga topshirib kaltaklatgani aytildi.

Sherobod tumanining Qo‘rg‘on(sobiq Qo‘shtegirmon) mahallasida yashagan 42 yashar ikkinchi guruh nogironi Sherboy Rayimov 26 iyul kuni tuman kasalxonasida vafot qildi.

Sherboy Rayimov 22 iyulь kuni tuman MXX binosi oldida o‘ziga namoyishkorona o‘t qo‘ygan va badanining 90 foizi kuyish tashhisi bilan kasalxonaga yotqizilgan edi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan manbaning aytishicha, u nogironlik pensiyasini ololmaganidan arz qilib MXXga borgan edi:

“U nogironlik pensiyasini bir necha kun pochtadan ololmagan. Keyin senlarni SNBga aytaman deb tuman milliy xavfsizlik xizmatiga kelgan. Bu yerda ham arzini tinglashmagandan so‘ng baqir-chaqir qilgan. Shunda SNB militsiyani chaqirib uni tinchlantirishni buyurgan. Militsiya xodimlari uni olib borib rosa kaltaklashgan. Sherboy kechki payt melisaxonadan chiqib, benzin sotib olganda, SNB binosi yaqinida boshidan quyib o‘ziga o‘t qo‘ygan. Eng dahshatlisi shundaki, uning o‘ziga o‘t qo‘yishini SNB xodimlari kuzatib turgan va hech kim uni bu niyatidan qaytarishga harakat ham qilmagan”, dedi manba.

Sherobod tumani Qo‘rg‘on mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sherzod Hikmatov Ozodlik bilan suhbatda Sherboy Rayimovning MXX bilan ziddiyatga kirishib o‘ziga o‘t qo‘yganini inkor qildi:

- Men ham kasalxonaga borib u bilan gaplashdim. Sherboy bilan, uning xotini bilan suhbat qildik. "Sababi eskichadan" deganday gap qildi. Go‘yoki qora kuchlar uni ta’qib qilib yurganmish. Shuning uchun o‘ziga o‘t qo‘yibdimish, dedi mahalla raisi.

Ozodlikning bu voqea haqidagi birinchi xabarida ham rasmiylar Sherboy Rayimovning o‘ziga o‘t qo‘yishi sababini "asabiy-ruhiy xastaligi o‘zgarishi" deb izohlagan edi.

Biroq, Sherboy Rayimovni yaqindan bilgan sherobodlik tadbirkorlardan biri uning o‘ziga o‘t qo‘yishiga allaqanday “qora kuchlar” ham, "asabiy-ruhiy xastalik" ham sabab bo‘lganini qat’iyan rad etadi:

“Men Sherboyni yaxshi taniyman. To‘g‘ri, ko‘zi yaxshi ko‘rmasdi, lekin aqli- hushi joyida edi. Uchta bolasi bor. Kattasi kollej, ikkinchisi maktab o‘quvchisi. Uchinchisi bu yil maktabga boradi. Judayam og‘ir iqtisodiy ahvolda yashardi. Nogironlik pensiyasi bilan oilasini boqardi. Pul yo‘q, bolalar och, pensiyani bermayapti. Buning ustiga uni melisalar kaltaklagan. Buning hammasi bir bo‘lib, Sherboyni kuchli depressiyaga solgan va u jamiyatga, MXX va militsiyaga o‘z isyonini shu tariqa bayon etgan. Endi esa ular Sherboy o‘zi ruhiy kasal edi, degan gaplarni tarqatishyapti”, dedi tadbirkor.

Sherobod tumani prokuraturasi bu voqea yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 103 moddasining 1-qismi (moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lmagan shaxsga rahmsiz muomala qilish yoki uning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni o‘zini o‘zi o‘ldirish yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishiga suiqasd qilish darajasiga yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ozodlik Sherobod tumani prokuraturasidan bu masalaga munosabat ololmadi.

XS
SM
MD
LG