Линклар

logo-print

Namangandagi bolalar shifoxonasi yana hamshira va sanitarkalar mablag‘i va mehnati bilan ta’mirlandi. Namangan bolalar shifoxonasi hamshiralarining ma’lum qilishlaricha, shifoxona 15 iyuldan 1 avgustga qadar yopilgan va muassasaning barcha sanitarka va hamshiralari ta’mirlash ishlariga jalb qilingan.

O‘tgan yili Namangan shahrining Go‘zal mavzesida joylashgan bolalar shifoxonasida xodimlar ta’mirlashga majburan jalb etilayotgani haqida Ozodlik xabar berishi ortidan shifoxonaning bosh vrachi vazifasidan chetlatilgan edi.

2015 yilda ham hamshiralar ta’mirlash ishlariga jalb qilingandi

2015 yilda ham hamshiralar ta’mirlash ishlariga jalb qilingandi

Ammo Ozodlik mobil muxbiri bu yil ham shifoxona rahbariyati farrosh va hamshiralari ta’mirlash ishlariga majburan jalb qilganini aniqladi.

Berkitilgan darvozalar

Ozodlik mobil muxbirining aytishicha, shifoxona ichkarisida ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetgan.

Hamshira va sanitarkalar ichkarida xonalarni, tashqarida gulxonalarni tozalashayapti. Shifoxona 1 avgustdan ishga tusharkan,” dedi Ozodlik mobil muxbiri.

Shifoxonada ta’mirlash ishlari "yashirin" tarzda olib borilmoqda

Shifoxonada ta’mirlash ishlari "yashirin" tarzda olib borilmoqda

Namangan shahar bolalar shifoxonasiga bog‘liq korruptsiya da’volari yuzasidan Ozodlik tarqatgan xabar ortidan bu yilgi ta’mirlash ishlari, shifoxona hamshiralaridan birining aytishicha, yashirin holda olib borilgan.

Hozir bo‘lim boshliqlaridan eshiklarni ichkaridan berkitib ishlaysan, begonalarni kiritmaysan, deb boshliq tayinlagan. Glavvrach o‘tgan yildagidek bo‘lishini xohlamayapti. Hovlilarga qorovullarni qo‘yib, darvozalarni berkitib tashlagan,” deydi ta’mirlash ishlariga jalb qilingan hamshiralardan biri.

Majburiy ta’til

Hamshiraning aytishicha, bo‘lim mudirlari qurilish mollarini sotib olish uchun barcha xodimlardan katta hamshiralar orqali 50 mingdan 90 ming so‘mgacha mablag‘ jamlab olgan.

Ishlaydiganlardan 50 mingdan 90 minggacha yig‘ib olishdi. Shifoxona fondidan ozgina qoraytirib qo‘yish uchun arzimagan kraska, ohak olishdi. Lekin ish hajmi juda katta bo‘layapti. Bo‘limlar o‘zi borib, bozorlardan stroy materiallarni o‘zlari sotib olishdi. Hattoki, sichqonga dori, tarakanga doriniyam sotib olishdi. Hamma xonalarni sanitarkalarga, hamshiralarga bo‘lib berishdi,” dedi Ozodlik suhbatlshgan hamshira.

Hamshiralar ta’mirlash ishlari boshlangan payti 15 kunlik ta’tilga chiqarilgan

Hamshiralar ta’mirlash ishlari boshlangan payti 15 kunlik ta’tilga chiqarilgan

Boshqa bir hamshira Ozodlik bilan suhbatda 15 iyuldan barcha sanitarka va hamshiralar o‘z hisobidan yarim oyga ta’tilga chiqarilgani, ammo shifoxonaga kelib, ta’mirlash ishlarini bajarayotganini aytdi.

Hammadan majburiy ariza yozdirib olindi. O‘zimiz hisobimizdan pulsiz ta’til bering, deb. Bu 15 kunlikda hech kimga oylik yozilmadi. Glavvrach, buxgalter, otdel kadr buyruq chiqardi, bo‘lim mudirlari arizani yozdirib oldi,” deydi shifoxona hamshirasi.

G‘isht tashigan hamshiralar

Ta’mirlash ishlarida qatnashgan shifoxona xodimlariga ko‘ra, shifoxonadagi 10 ta xona to‘liq ta’mirdan chiqqan va ba’zi xonalar kengaytirilgan.

Ularning aytishicha, ta’mirlash ishlariga bu gal mardikorlar ham keltirilgan.

2-3ta mardikor keldi. Kuniga 40 mingdan pulga 6 kun ishlab ketishdi. Og‘irroq ishlarni mardikorlar qildi. Devorlarni mardikorlar buzishdi, g‘ishtu tuproqlarni hamshiralar tashishdi,” dedi hamshiralardan biri.

Hamshiralarga ko‘ra, shifoxona 1 avgustdan qayta ishga tushadi

Hamshiralarga ko‘ra, shifoxona 1 avgustdan qayta ishga tushadi

O‘tgan yil iyun oyida 300 bemorga mo‘ljallangan Namangan shahar bolalar shifoxonasiga bog‘liq korrupsiya da’volari yuzasidan Ozodlik tarqatgan xabar ortidan shahar prokuraturasi shifoxonada “surishtiruv-tekshiruv” ishlarini boshlagandi.

Natijada shifoxona bosh vrachi Dilfuza Karimova o‘z vazifasidan chetlatilgandi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, ta’mirlash tozalash ishlari O‘zbekistondagi boshqa yirik shifoxonalarda ham kuzatilmoqda.

Shifoxonalarda “rejali tozalov ishlari” nomi ostida olib boriladigan bunday ishlar SES talabi bilan har yili amalga oshiriladi.

Ozodlik ayni Namangan shahar bolalar shifoxonasida olib borilgan ta’mirlash ishlari yuzasidan mazkur shifoxona rahbariyati va Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasidan munosabat ololmadi.

XS
SM
MD
LG